Beruniydan topilgan xum ichida nima bor edi?

15:10 20 Aprel 2023 Madaniyat
1350 0

Foto: Xalq so'zi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida aholining hovlisidagi tomorqasidan qadimiy ko‘za topilgani haqida xabarlar tarqaldi. 

Biz, tuman hokimligining Matbuot xizmati bilan birgalikda ushbu holatni o‘rganib, topilma haqida dastlabki ma’lumotlarni olishga harakat qildik. 

Ma’lum bo‘lishicha tuman markazidagi “Shabboz” mahallasi “Kepakli qal’a” ko‘chasi 61-uyda istiqomat qilayotgan Odilbek Masharipov tomorqasini dehqonchilik qilish maqsadida qaziyotgan mahalda ushbu  qattiq buyum bo‘laklari chiqqan. Keyin ehtiyotkorlik bilan chuqurroq qazib ko‘rgach katta  (ko‘za) hum borligi ma’lum bo‘lgan. Shundan keyin xonadon egalari qazish ishlarini hozircha to‘xtatib, topilmani shu holatda saqlamoqda.

- Xumning ichida nima borligi hozircha sir va bu barcha uchun qiziq bo‘lmoqda, - deydi tumandagi tarix fani o‘qituvchisi Asqar Nurumbetov. – Buni tegishli mutaxassislar kelib o‘rganib, aniqlik kiritgani ma’qul. Xum topilgan manzilning nomi ham qadimiy qal’a o‘rnidan darak berib turibdi. Tarixiy hujjatlarga tayanib aytadigan  “Kepakli qal’a” ko‘chasidagi  ushbu hovli joylashgan hududda “Kepakli qal’a” tarixiy devori bo‘lgan. Bunday joylar mahalliy tilda “ding” deyiladi. Uy atrofidan 50 metr joyda aynan shu dingning ma’lum qismi saqlanib qolgan.

 Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra hum ikki qavatli pishiq loydan yasalgan bo‘lib, balandligi 1.5 metrni tashkil qiladi. Hozir yuza qismi tuproq bilan to‘la bo‘lganligi sababli ichida nima borligi noma’lum. Taxminlarga ko‘ra bug‘doy saqlanadigan humlar ham donlarni turli kemiruvchilardan saqlash maqsadida ikki qavat qilib ishlangan. Yana bir taxminga ko‘ra sopol humda uzum shinnisi ham saqlangan bo‘lishi mumkin.

Ayni vaqtda bundan xabar topganlar humni 3-4 hamda 10-asrlarga tegishli bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda. Lekin, bunga bunga arxeolog mutaxassislar aniqlik kiritishini alohida ta’kidlashmoqda.

Asqar Nurumbetovning taxmin qilishicha,  qadimgi shaharni 3 qismdan iborat, deb qarasak, “Kepakli qal’a” uning rabot, ya’ni hunarmandlar yashaydigan qismi bo‘lgan.  Rabot qismida hunarmandlarning dastgohlari va buyumlari mavjud bo‘lgan. 

Beruniy tumanida “Al Fir qal’a”, “Qizil qal’a” va “Aqchaxon qal’a” kabi qadimiy yodgorliklar mavjudligini inobatga olsak,  Odilbek Masharipov tomorqasidan topilgan hum ham tarixiy topilmalardan biri ekanligi yanada oydinlashadi. Uylaymizki, tez orada ushbu tarixiy topilmaga tegishli mutaxassislar e’tibor qaratib, o‘rganib barchani qiziqtirayotgan savollarga aniqlik kiratadilar.

Gʻ.Otajonov, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?