Beybut Atamqulov: Birgalikda mintaqa xavfsizligining strategik oʻzagini shakllantiramiz
Qozogʻiston — Oʻzbekistonning strategik sherigi va ishonchli ittifoqchisi. Har ikki mamlakat koʻp qirrali davlatlararo aloqalarni yanada chuqurlashtirishga alohida ahamiyat qaratmoqda. Qozogʻiston — Oʻzbekiston munosabatlari bundan buyon ham qardosh xalqlarimiz farovonligi, Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlik manfaatlari yoʻlida koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash ruhida jadal rivojlanib boraveradi.
Metallurgiya, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, logistika, qurilish va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Joriy yilda qator madaniy-gumanitar tadbirlar, jumladan, yoshlar, turizm va taʼlim forumlari oʻtkazilyapti. Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov gazetamizga bergan intervyusida shular haqida oʻz mulohazalarini bildirdi.
— Yaqinda Qozogʻistonda Konstitutsiya kuni nishonlandi. Bu — davlatimiz asoslari mustahkamligi va kelajakka intilishimizni ifodalovchi bayram. Oradan koʻp oʻtmay Oʻzbekiston oʻz mustaqilligini nishonladi. Qardosh oʻzbek xalqini ushbu buyuk bayram bilan chin qalbimdan tabriklayman.
— Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy munosabatlarni qanday baholaysiz? Joriy yilda bu borada qanday muhim yutuqlarga erishildi?
— Bugungi kunda Qozogʻiston va Oʻzbekiston munosabatlari tarixiy yuqori darajada. Biz siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni oʻz ichiga olgan ittifoqchilik sherikligini ishonchli tarzda rivojlantirmoqdamiz. Oʻtgan yilning muhim yutuqlari haqida gapiradigan boʻlsak, Qozogʻiston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisini qayd etish lozim — bu davlat rahbarlari darajasidagi ikki tomonlama hamkorlikning yangi mexanizmidir. Majlis oʻtgan yilning avgustida Ostona shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻistonga davlat tashrifi doirasida boʻlib oʻtdi. Kengashning birinchi majlisi yakunlari boʻyicha juda muhim qarorlar qabul qilindi.
Parlament diplomatiyasi yoʻnalishida katta ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan rasmiy tashriflar boʻlib oʻtdi: joriy yilning may oyida Olmaota shahrida Parlamentlararo hamkorlik kengashining ikkinchi majlisi boʻlib oʻtdi, unda Oʻzbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov ishtirok etdi. 18-19-avgust kunlari Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva rasmiy tashrif bilan Ostonada boʻldi.
Men ushbu tadbirlarda shaxsan qatnashishga muyassar boʻldim va ikki tomonlama muloqotning muhim elementiga aylanib borayotgan parlamentlararo munosabatlarning yuqori dinamikasini katta mamnuniyat bilan qayd etaman.
— Iqtisodiy hamkorlik istiqbollariga toʻxtalsak. Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida tovar ayirboshlashni koʻpaytirish va iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar mavjud? Qaysi sohalarda qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda?
— Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasi Qozogʻiston — Oʻzbekiston hamkorligining asosiy yoʻnalishi boʻlib qolmoqda. Mamlakatlarimiz oʻtgan yili 4 mlrd. dollardan ortgan tovar ayirboshlash koʻrsatkichlarini yanada oshirishga intilmoqda. Davlat rahbarlari tomonidan oʻrta muddatli istiqbolda savdo koʻrsatkichini 10 mlrd. dollarga yetkazish boʻyicha belgilangan maqsad sari harakat qilishda davom etmoqdamiz. Bugungi kunda savdo koʻrsatkichlari barqaror oʻsishni koʻrsatmoqda.
Ayni vaqtda sanoat, mashinasozlik, agrosanoat kompleksi, yengil sanoat va boshqa sohalarda umumiy qiymati 1,8 mlrd. dollarni tashkil etuvchi 78 ta qoʻshma loyiha amalga oshirilmoqda. Bu nafaqat oʻzaro yetkazib berish nomenklaturasini kengaytiradi, balki yangi ish oʻrinlarini yaratadi, ishlab chiqarish zanjirlarini mustahkamlaydi va iqtisodiy hamkorlikni yanada barqaror va uzoq muddatli qiladi. Chegara hududida joylashgan “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi iqtisodiy hamkorligimizning asosiy “langari” boʻladi.
— Transport va logistika sohasidagi hamkorlik mintaqamiz uchun dolzarb ahamiyat kasb etyapti. Ikki davlat oʻrtasida transport yoʻllarini rivojlantirish va logistika infratuzilmasini takomillashtirish boʻyicha qanday ishlar olib borilmoqda? Bu sohada yangi loyihalar rejalashtirilganmi?
— Oʻzaro savdoning rivojlanishi va yuk tashish hajmining oʻsishi sharoitida transport yoʻlaklarini rivojlantirish va yangi yoʻnalishlar ochish bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki aynan logistika sifati sanoat kooperatsiyasining muvaffaqiyati va oʻzaro savdoning barqaror oʻsishini belgilaydi. Yevroosiyo markazida joylashgan Qozogʻiston va Oʻzbekiston uchun transport shunchaki infratuzilma emas, balki iqtisodiyotlarimizni global bozorlar bilan bogʻlaydigan va ittifoqchilik munosabatlarini haqiqiy raqobat afzalliklariga aylantiradigan strategik vositadir. Tashish hajmining oʻsishi statistikasi bunga yaqqol misoldir. Xususan, oʻtgan yili Transkaspiy yoʻnalishi boʻyicha tashish hajmi 4 mln. tonnadan oshdi, bu esa baʼzi hisob-kitoblarga koʻra 2023-yildagiga nisbatan 62 foiz koʻpdir. Yoʻnalish mintaqaviy savdo va sanoat kooperatsiyasining muhim dvigatellaridan biriga aylanmoqda.
Oʻzbekiston hukumati tomonidan tranzit salohiyatini rivojlantirish boʻyicha ham katta ishlar olib borilmoqda: Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston yoʻlining qurilishi boshlandi, Afgʻoniston va Pokiston bilan Transafgʻon temir yoʻlini texnik-iqtisodiy asoslash boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Yaqinda Turkmanistonda boʻlib oʻtgan Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha BMTning uchinchi konferensiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “global bozorlarga kirish barcha uchun teng boʻlishi kerak. Bu nafaqat iqtisodiy zarurat. Bu, avvalambor, xalqaro munosabatlarda barqaror rivojlanish, ishonch va hamkorlikning muhim shartidir”, deb taʼkidlagani bejiz emas.
Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida tranzitni yaxshilashga qaratilgan bevosita loyihalar haqida gapiradigan boʻlsak, Darbaza — Maqtaaral yangi temir yoʻl liniyasining qurilishini qayd etmoqchiman. Yoʻnalish “Sariogʻoch — Toshkent” uchastkasini va “Sariogʻoch” stansiyasidagi oʻtkazish punktini yengillashtirishga imkon beradi, ular oʻz texnik imkoniyatlari chegarasida ishlamoqda.
Qanchalik faol yoʻl va temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirmaylik, muhim shart nazorat punktlarini modernizatsiya qilish boʻlib qoladi — aynan ular butun savdo va tranzitning tezligi hamda samaradorligini belgilaydi. Qozogʻiston — Oʻzbekiston chegarasida hozirda 8 ta avtomobil va 3 ta temir yoʻl oʻtkazish punkti faoliyat yuritmoqda, ularning bir qismi joriy qurilish-montaj ishlari tufayli cheklovlar bilan ishlamoqda.
— Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash va barqarorlikni saqlashda Oʻzbekiston va Qozogʻistonning rolini qanday baholaysiz? Bu sohada ikki mamlakat oʻrtasida qanday hamkorlik mavjud?
— Albatta, Markaziy Osiyodagi xavfsizlik va barqarorlik haqida gapiradigan boʻlsak, Qozogʻiston va Oʻzbekistonning roli bu yerda yaqqol koʻrinadi. Mamlakatlarimiz mintaqadagi eng yirik iqtisodiyotlardir va shunga koʻra u yoki bu mintaqaviy muammolarni hal qilish uchun koʻproq imkoniyatlarga ega. Biroq shuni taʼkidlashni istardimki, butun mintaqaning barqarorligi koʻp jihatdan Markaziy Osiyoning barcha beshta davlati qanchalik muvofiqlashgan holda harakat qilishiga bogʻliq. Bugun biz mintaqa davlatlarining integratsiyalashuv tendensiyasini aniq koʻrmoqdamiz. Davlat rahbarlarining muntazam sammitlari, Bosh vazirlarning uchrashuvlari, davlatlararo kengashlarning ishi — bularning barchasi Markaziy Osiyo asta-sekin ishonch va hamkorlikning yagona makoniga aylanib borayotganidan dalolat beradi, mintaqamizda umumiy xavfsizlik kamarini shakllantirishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Oʻtgan yilning avgust oyida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi yakunlari boʻyicha 2040-yilgacha boʻlgan mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Bu mintaqada tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun muhim dasturiy hujjatdir.
Afgʻoniston mavzusi alohida oʻrin tutadi. Qozogʻiston ham, Oʻzbekiston ham ushbu mamlakatning barqaror va tinch rivojlanishi butun mintaqa xavfsizligining garovidir degan fikrdan kelib chiqadi. Biz gumanitar yordam koʻrsatamiz, afgʻon yoshlari uchun taʼlim dasturlarini qoʻllab-quvvatlaymiz, Afgʻonistonni mintaqaviy iqtisodiy loyihalarga jalb qilish tarafdorimiz. Joriy yilning aprel oyida Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning topshirigʻiga binoan Afgʻonistonga 2,2 ming tonna gumanitar yordam yetkazildi.
Qozogʻiston va Oʻzbekistonning Afgʻoniston mavzusi boʻyicha yondashuvlari koʻp jihatdan mos kelayotgani quvonarli hol: biz Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning sherigi sifatida koʻramiz, unga tinch rivojlanish yoʻliga tushishga yordam berish kerak. Shuning uchun Qozogʻiston va Oʻzbekistonning rolini baholar ekanman, shunday derdim: birgalikda biz mintaqa xavfsizligining strategik oʻzagini shakllantiramiz. Bizning hamkorligimiz bugungi kunda nafaqat barqarorlik kafolati, balki butun Markaziy Osiyoning ishonchli kelajagi uchun ham poydevordir.
— Har qanday integratsiya jarayonlarida madaniy-gumanitar aloqalar alohida oʻrin egallaydi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi madaniy almashinuv hamda gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash uchun qanday choralar koʻrilmoqda? Bu sohada kelgusida qanday yangi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan?
— Garchi savdo-iqtisodiy sheriklik munosabatlarimizning eng muhim lokomotivi boʻlsa-da, ularning asl asosi — bu xalqlarimizning umumiy tarixiy ildizlari, maʼnaviy yaqinligi va madaniy qardoshligi. Aynan shu mustahkam zamin Qozogʻiston va Oʻzbekiston hamkorligini barqaror qiladi, unga ishonchli tus beradi va madaniy-gumanitar sohada yangi ufqlarga chiqish imkonini yaratadi. Oʻtgan yil koʻplab madaniy tadbirlar va voqealarga boy boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oʻtgan yil avgust oyida Qozogʻistonga davlat tashrifi chogʻida davlatlarimiz rahbarlari “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetining Olmaota shahridagi va Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston davlat universitetining Chirchiq shahridagi filiallarini tantanali ravishda ochib berishdi. Oʻtgan yili Chirchiq filiali turli mutaxassisliklar boʻyicha 550 nafar abituriyentni qabul qildi va joriy yilda ham qabul davom ettirildi.
Joriy yil 19-martdan 1-iyungacha Olmaota shahrida boʻlib oʻtgan atoqli rassom Oʻrol Tansiqboyev asarlarining koʻrgazmasi mamlakatlarimiz madaniy hayotida haqiqiy voqea boʻldi. Qirq yil ichida birinchi marta oʻtkazilgan bu koʻrgazma Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan Qozogʻiston Madaniyat va axborot vazirligi koʻmagida tashkil etildi. Davlatlarimiz rahbarlari Qosim-Jomart Toqayev va Shavkat Mirziyoyevning mart oyida Olmaota shahrida boʻlib oʻtgan ishchi uchrashuvi chogʻida Oʻrol Tansiqboyev ijodiga bagʻishlangan koʻrgazmaga birgalikda tashrif buyurishida ulkan ramziy maʼno bor.
Yana bir muhim voqea Olmaotadagi Abay nomidagi davlat opera va balet teatri sahnasida “Lazgi — qalb va muhabbat raqsi” baletining premyerasi boʻldi.
Madaniy-gumanitar hamkorlik sohasida olib borilayotgan ishlar haqida koʻp gapirish mumkin. Men, ayniqsa, yaqinda boʻlib oʻtgan yana bir tadbir — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyevaning rasmiy tashrifi doirasida Ostona shahrida boʻlib oʻtgan birinchi qozoq — oʻzbek ilmiy-ijodiy ziyolilari forumining ahamiyatini taʼkidlamoqchiman. Ikki mamlakat ilmiy va madaniy doiralari vakillari xalq diplomatiyasi, anʼanalarni saqlash va gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qilish imkoniga ega boʻldi.
Oliy Majlis Senatiga ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlagani va forumda ishtirok etish uchun aynan mamlakatlarimizning intellektual va maʼnaviy boyligini shakllantiruvchi insonlar — oʻzbek ilm-fani, madaniyati va sanʼatining koʻzga koʻringan namoyandalari taklif qilingani uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman. Umid qilamanki, bunday forumlarni oʻtkazish amaliyoti davom etadi.
Abduvali SOYIBNAZAROV
(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring