Bebaho durlar

20:01 08 Fevral 2024 Madaniyat
201 0

Necha ming asrlar ilgari soʻnib ketgan yulduzlarning shuʼlasi bizga hamon sezilib turgani kabi tarixda oʻtgan buyuk ajdodlarimizning maʼrifat nuridan hanuzgacha bahramandmiz. Sir emaski, ulugʻ bobokalonimiz Alisher Navoiy asarlari tilining jozibasi, oʻynoqiligi, sermaʼnoligi besh asrdan buyon butun olamga zavqu shavq berib, hayratga solib kelmoqda.

Soʻzlar izohi — Alisher Navoiy tilining eng murakkab va qiziqarli sohasi. Buyuk shoir ijodining bu qirrasini ochib berish uchun olimlarimizning koʻpgina ilmiy tadqiqotlari, risolalari eʼlon qilindi. Hali-hamon oʻrganilishda davom etmoqda.

Hazrat Navoiy tilidagi soʻzlar izohida bir hodisa bizning ham eʼtiborimizni oʻziga jalb etdi. U ham boʻlsa, bir xil shakldagi soʻzlarning zid maʼnolarda qoʻllanilishi. Fikrimizni toʻlaroq tushuntirish uchun misollarga murojaat qilsak:

Ey, husnungga zarroti jahon ichra tajallo, mazhar senga ashyo,

Sen lutf bila kavnu makon ichra mavlo, olam senga mavlo.

Shoirning mahoratini qarangki, u “mavlo” soʻzini bir misrada bir-biriga zid maʼnolari bilan qoʻllaydi. Baytning birinchi misrasi shunday izohlanadi: ey, husnidan zarralar jahon ichra jilvalanuvchi, sening jamoling dunyodagi barcha narsada aks etadi. Ikkinchi misrani ikki qismga boʻlib izohlaymiz. Birinchi qismda “mavlo” soʻzi sohib, xoja, hokim maʼnosida kelgan, yaʼni: sen iltifot ila bu dunyoda hokimsan, sohibsan. Misraning ikkinchi qismida esa bu soʻz qul, banda maʼnosida keladi: olam — senga qul. Mumtoz adabiyotda dunyodagi har bir jismda Allohning aksi boʻladi, degan tushuncha bor. Bu baytda biz aynan shu maʼnoni anglashimiz mumkin.

Maʼlumki, “chekmoq” soʻzi mumtoz adabiyotda sermaʼnoligi bilan mashhur. Uning maʼnolari orasida ham bir-biriga zid keluvchilari bor. Masalan, Alisher Navoiyning bir sheʼridagi “uzmoq” maʼnosini olsak:

Soching kufrida oʻlsam, qabrim uzra qoʻyma xirqamni,

Chekib har torini bir barhaman beliga zunnor et.

Yaʼni sening sochingga ishtiyoqmand boʻlib, soching ishqida oʻlsam, kiyimimni qabrim ustiga qoʻyma, qoldirma, uni parcha-parcha qilib, barhamanga (oshiqqa) ber, u beliga belbogʻ qilsin.

Endi “uzmoq”qa antonim boʻlgan “tutashmoq” maʼnosini olamiz:

Qoshining yoyi chekilmish zulfi chavgonigʻacha,

Zulfi chavgoni dogʻi goʻyi zanaxdonigʻacha.

Qoshning yoy shaklida boʻlishi Sharqda goʻzallik belgisi hisoblanadi. Baytda maʼshuqaning goʻzalligini ifodalash uchun aynan shundan foydalanilgan. Yaʼni qoshining yoyi zulfiga, undan iyagiga tutashib ketgan.

Keling, bu soʻz “yechmoq” maʼnosida qoʻllangan baytni koʻrib chiqamiz:

Qildi ashkimni shafaqgun hajr bepoyon tuni,

Xullasin chek tongning, ey gardunki, qon boʻlgʻusidur.

Yaʼni hijronning bepoyon tuni koʻzyoshlarimni qizil tusga kiritdi. Tezroq tong otsin, boʻlmasa hammayoq qonga toʻlib ketadi.

Yuqoridagi maʼnoning antonimi esa “bogʻlamoq”dir:

Aytdim, boshimni fitrokingga chek, ey shahsuvor,

Dedi, bosh asrardek ermas tezlikdan markabim.

Baytning mazmuni shunday: aytdimki, boshimni egaringga bogʻlab ket, ey chavandoz. U esa: “Ulovim shunchalik tez ketyaptiki, oʻz boshimni ham bazoʻr asrayapman”, dedi.

Keltirilgan misollardan koʻrinadiki, Navoiy hazratlari oʻzbek tilining betakror goʻzalligini oʻz ijodi bilan isbotlab bergan. Biz ham ulugʻ ustoddan ibrat olib, tilimizni boyitishga, asrab-avaylashga harakat qilsak, oʻzbek degan millat nomi tarix zarvaraqlarida abadiy turaveradi.

Iroda ESHONXONOVA,

pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер