Bajarilgan ishlar sarhisobi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi
Joriy yilning 14-noyabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdagi XI majlisi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda partiyaning 2022-yil oʻtgan davrdagi faoliyati yakunlari hamda “Yangi Oʻzbekistonning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni 2022-yil — Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi”da belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda OʻzLiDePning ishtiroki bilan bogʻliq ishlarning borishi muhokama qilindi.
Yigʻilish avvalida OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi Aktam Xaitov partiyaning 19 yilligi bilan tabriklab, samimiy tilaklarini izhor etdi.
Oʻtgan bu vaqt mobaynida OʻzLiDeP oʻz taraqqiyot yoʻlidan izchil ildamlab, yuksalish pallasiga kirdi, salmoqli siyosiy tajribaga ega boʻldi. Partiya hozirda oʻz rivojining yangi sifat bosqichida turibdi. Bu, avvalo, partiya safining kengayishi va partiyaning tashkiliy jihatdan mustahkamlanishida ham yaqqol namoyon boʻlyapti. Bugungi kunda partiyaning 1 million 200 mingdan ziyod aʼzosi boʻlib, qariyb 14 mingta boshlangʻich partiya tashkilotini birlashtirib turgan yetakchi siyosiy kuchga aylandi. Shuningdek partiya parlamentda va joylardagi hokimiyat vakillik organlarida ham eng koʻp deputatlik oʻrniga ega. Bu raqamlar partiyaning intilishlari zoye ketmaganidan, OʻzLiDePning xalq orasida nufuzi ortib, ijtimoiy bazasi uzluksiz kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Yigʻilishda partiyaning oʻtgan faoliyat davrini sarhisob qilish barobarida, keyingi rejalarni belgilab olish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlanganidek, partiya oʻz dasturiy vazifalariga sodiq qolgan holda faoliyatini “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida tashkil etyapti. Xususan, partiyaning Saylovoldi dasturida ilgari surilgan 205 ta band ijrosi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari qabul qilinishi, ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan huquqiy hujjatlar qabul qilinishi hamda davlat dasturlariga kiritilishi orqali taʼminlanib, bu borada parlament, deputatlik va jamoatchilik nazorati tizimli ravishda amalga oshirilib kelinmoqda.
Bugungi kunda partiyaning Saylovoldi dasturidagi 161 ta band ijrosi toʻliq taʼminlandi, 10 ta band ijrosi qisman taʼminlangan, 59 ta band hozirgi kunda bajarilmoqda va 3 ta band ijrosi kelgusi yillarda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.
Masalan, Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi aʼzolari tashabbusi bilan “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi va “Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunlar ishlab chiqildi. Biznes yuritishga oid qonun xujjatlarini oʻzida mujassam etgan “Tadbirkorlik kodeksi” loyihasi tegishli vazirlik, idoralar, partiya faollari, soha mutaxassislari hamda ekspertlar bilan hamkorlikda ishlar olib borilyapti.
Yana bir muhim masala mamlakatimiz hayoti, kelajagiga daxldor boʻlgan Konstitutsiyani takomillashtirish jarayoni bilan bogʻliq targʻibot ishlarida ham OʻzLiDePning barcha darajadagi kengashlari va boshlangʻich tashkilotlari, deputatlar, faollar bilan birgalikda faol ishtirok etdi, targʻibot-tashviqot tadbirlarini oʻtkazib, takliflar olish ishlarini amalga oshirdi.
Hisobot davrida Konstitutsiya isloh qilinishiga bagʻishlangan 7 ming 22 ta tadbirlar oʻtkazilib, ularda qariyb 275 mingga yaqin kishi qatnashganini ham qayd etish zarur. Tadbirlar davomida 8 mingdan ortiq takliflar bildirilgan boʻlib, partiya hududiy ishchi guruhlari tomonidan 5 mingdan ortiq taklif Respublika partiya ishchi guruhiga yuborilgan. Mazkur takliflarning 2 719 tasi Konstitutsiyaviy komissiyaga kiritildi. Taʼkidlash joizki, Konstituyaviy oʻzgartirishlar boʻyicha qonun loyihasining xalq vakillarining fikrini inobatga olgan holda referendumga olib chiqilganidan soʻng partiya mazkur bosqichda ham faol ishtirok etadi.
Yigʻilishda Yangi Oʻzbekistonning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasidagi vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan OʻzLiDePning chora-tadbirlar rejasi ijrosi ham tanqidiy-tahliliy sarhisob qilindi.
Partiya Ijroiya qoʻmitasi aʼzolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengash deputatlari, partiya xodimlaridan iborat 21 ta Respublika ishchi guruhi hamda 315 ta hududiy ishchi guruhlari tuzilgan boʻlib, jamoatchilik va deputatlik nazorati boʻyicha 1900 dan ortiq davra suhbatlari, eshituvlar, amaliy seminarlar oʻtkazildi.
Partiya ishchi guruhlari tomonidan hududlar kesimida joylarda tadbirkorlik (oilaviy tadbirkorlik)ni rivojlantirish, 200 ta yangi sanoat zonalarini tashkil etish, biznes-inkubatorlar tizimini rivojlantirish, Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga toʻsiq boʻlayotgan omillarni oʻrganish, qishloq xoʻjaligiga intensiv rivojlanish mexanizmlari, fermer va dehqonlarning daromadlarini oshirish yoʻllarini joriy qilishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqish, investitsiyalarni jalb qilish holati ustidan doimiy monitoringni yoʻlga qoʻyish yoʻnalishlari boʻyicha oʻrganishlar olib borildi.
Unga koʻra partiyada tashkil qilingan “Call-center”ga jami 353 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ularning 260 tasi tadbirkorlarning muammolarini hal etishda koʻmaklashish yuzasidan boʻlsa, 93 tasi biznes muhitini yaxshilash borasida qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar hisobiga toʻgʻri keladi. Mazkur murojaatlar tegishli vazirliklarga joʻnatilib, hal qilish choralari tizimli olib borilyapti.
Taraqqiyot strategiyasining ijtimoiy sohani amalga oshirish yaʼni xotin-qizlar va yoshlar masalasi ham eng muhim yoʻnalishlardan biri sanaladi. Bu borada joylarda, ayniqsa eng chekka qishloqlarda “Bugunning tadbirkor ayoli”, “Mening biznes gʻoyam”, “Namunali tomorqachi ayol-farovonlik bunyodkori!”, “Bir deputat — yuz ayolga koʻmakchi!”, “Men ham tadbirkor boʻlaman” kabi bir qator partiyaviy loyihalar hamda tadbirkorlik subyektlariga biznes turlar tashkil qilindi. Bu orqali ishsiz xotin-qizlar, yoshlar turli kasb-hunarlarga oʻqitilib, oʻz bizneslarini boshlashdi va bandligini taʼminlashga erishildi.
Bundan tashqari “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar bilan tizimli ishlar tashkil qilinib, bu borada mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ustidan jamoatchilik va deputatlik nazorati oʻrnatildi.
Yigʻilishda davlat boshqaruvi, taʼlim, tibbiyot, maʼnaviyat va umumbashariy muammolar yoʻnalishida ham partiya ishchi guruhlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Yigʻilishda ishchi guruhlar tomonidan amalga oshirilgan bu kabi ijobiy ishlari, yutuqlari bilan bir qatorda kamchiliklar, hali qilinishi lozim boʻlgan bir qator ustuvor vazifalar turganligi koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda partiya faoliyatiga oid boshqa masalalar ham muhokama qilinib, barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring