Barkamollik va goʻzallik sporti

15:25 30 Oktyabr 2025 Jamiyat
399 0

Suv sportining ohanrabosi bor. Jismni chiniqtiruvchi mashqlar orasida suzishga yetadigani yoʻq. Sportning mazkur turi yoshlar oʻrtasida ommalashib, iqtidorlar parvoziga qanot bagʻishlamoqda. Bir qator xalqaro musobaqalarda yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarayotgan namanganlik yosh sportchilar bunga yorqin misoldir.

– Sport shogirdlarimizni jahonga tanitdi, – deydi Davlatobod tumanidagi suv sportiga ixtisoslashtirilgan maktab direktori Abdushukur Usmonov. – Ularning dunyo miqyosidagi nufuzli bellashuvlardagi faol ishtiroki tahsinga loyiq. Koʻplab davlatlardagi chempionatda erishgan gʻalabalarimiz mamlakatimizda jismoniy tarbiyaning ushbu yoʻnalishiga katta eʼtibor berilayotganining samarasidir.

Mazkur maktabdagi suzish havzalarida suv parilaridek quloch otayotgan qizlarning ruhi baland, unga mos harakatlari nafis. Mashgʻulotlarda sinovdan oʻtayotgan yoshlarning aksariyati tanlagan yoʻlini shunchaki havas emas, balki jiddiy maqsad deb biladi. Respublika musobaqalarda epchilligi bilan tanilgan Polina Fomichyova bu yoʻlni tanlaganidan xursand. Maktab tarbiyalanuvchilarining turli darajadagi bellashuvlardagi gʻalabasini taʼminlashda Shahrizoda, Rivoyat Mirzaboyeva, Kamila Klinkova kabi umidli yoshlarning ham oʻz oʻrni bor.

– Suv sportining jozibasi boshqacha. Hozir koʻpchilik yoshlar, ayniqsa, qizlar suzish mashgʻulotlari bilan astoydil shugʻullanmoqda, – deydi maktab tarbiyalanuvchisi Mubina Sharipova. – Havzada quloch otish ularning tanasiga orastalik, qomatiga rasolik bagʻishlaydi. Murabbiylarimiz kuniga ikki marta mashgʻulot oʻtkazishadi. Ertalab suzish bilan mashgʻul boʻlamiz. Bunday paytda kishining tanasi juda tetik boʻlib, eng murakkab mashqlarni ham osonlik bilan oʻzlashtiradi. Kechda vaqtimizni toʻp bilan mashgʻulotlar bajarishga sarflaymiz.

Bolalar sportiga boʻlgan eʼtibor, kelajagimiz egalarining jismoniy yetuklik mashqlari bilan muntazam shugʻullanishlari uchun yaratilgan sharoit suv sportining ommalashuviga sabab boʻlmoqda. Bugun mazkur tur boʻyicha mamlakat terma jamoasi tarkibining asosini tashkil etadigan qizlar tarbiya olayotgan mazkur maktabda 670 nafardan ziyod bolalar va oʻsmirlar oʻz iqtidorini roʻyobga chiqarmoqda. Ular mahoratini oshirishda jahon andozalariga mos uchta suzish havzasidagi doimiy mashgʻulotlar, 49 nafar murabbiyning bilim va tajribasi muhim omil boʻlmoqda. Suv sporti boʻyicha yoshlar va oʻsmirlar milliy terma jamoasi safida mazkur dargohning 144 nafar tarbiyalanuvchisi ishtirok etayotgani, ularning 42 nafari qizlardan iboratligidan ham bilsak boʻladi.

Ayni chogʻda ixtisoslashgan maktab tarbiyalanuvchilari suv polosi, suzish, sinxron suzish, suvga sakrash, para suzish va eshkak eshish yoʻnalishlari boʻyicha saboq olmoqda. Nafaqat maxsus musobaqalar, balki mamlakatimizda anʼanaviy tus olgan “Oʻzbekiston chempionati”, “Oʻzbekiston kubogi” oʻyinlarida namanganliklarning muttasil sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritayotganligi ushbu dargohning nufuzi tobora yuksalib borayotganidan dalolatdir. Eshkak eshish boʻyicha joriy yilda Tailand davlatining Pattaya shahrida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida maktabning ikki vakili – Samandar Saydullayev, Hayot Abdullayev faol ishtirok etib, faxrli 2-oʻrinni egalladi. Boshqa oʻquvchilarning nufuzli musobaqalarda sovrinli oʻrinni qoʻlga kiritayotgani ham faxr tuygʻularini uygʻotadi. Masalan, oktyabr oyining uchinchi haftasida Toshkentning Boʻzsuv kanalida slalomli eshkak eshish boʻyicha oʻtkazilgan mamlakat kubogi bahslarida viloyat terma jamoasi birinchi oʻringa sazovor boʻldi. Joriy yilda oʻtkazilgan turli darajadagi musobaqalarda ham maktab vakillarining qoʻli baland kelmoqda. Mart va sentyabr oylaridagi qitʼa birinchilik va chempionatlari esa namanganlik suzish ustalariga oltin medallarni hadya etdi. Bunday muvaffaqiyatlar koʻpayib boraveradi.

Qudratilla NAJMIDDINOV

“Xalq soʻzi”.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер