Barcha davlat va xalqlarning manfaatlari uchun birdek dolzarb taklif va tashabbuslar
Oʻzbekiston YUNESKOning teng huquqli aʼzosi sifatida soʻnggi yillarda oʻzaro hamkorlikni yangi sifat bosqichiga koʻtarish uchun izchil harakat qilmoqda. Jumladan, 2027-yilgacha boʻlgan besh yillik hamkorlik dasturi samarali amalga oshirilmoqda. Buyuk ajdodlarimiz — Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Fargʻoniy, Amir Temur, Ali Qushchi, Kamoliddin Behzodning yubileylari, Xorazm Maʼmun akademiyasi singari ilmiy dargohlar, “Alpomish” eposi kabi adabiy yodgorliklarning tarixiy sanalari xalqaro miqyosda keng nishonlandi. YUNESKO shafeligida “Sharq taronalari”, “Maqom sanʼati”, Baxshichilik, Hunarmandchilik, Etnosport festivallari muntazam oʻtkazib kelinmoqda. Oʻzbekistonning tashabbusi bilan “Xiva jarayoni: Markaziy Osiyoda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish” rezolyutsiyasi, (2021-yil), “Kichik yoshdagi bolalarga gʻamxoʻrlik qilish va taʼlim berish boʻyicha Toshkent deklaratsiyasi” hamda “Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni munosabati bilan Toshkent deklaratsiyasi” (2023-yil) kabi muhim hujjatlar qabul qilindi. Oʻzbekiston hamisha YUNESKO ishiga muhim hissa qoʻshib kelayotgan davlat sifatida uning faoliyatini yangi mazmun bilan boyitish uchun oʻz taklif va tavsiyalarini ilgari surib kelgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutqida ham kun tartibidagi asosiy masalalar boʻyicha qator takliflarni ilgari surdi.
Ijtimoiy adolat tamoyili sari
Davlatimiz rahbari inklyuziv taʼlimni rivojlantirish platformasini joriy etish, taʼlim sohasida oʻzaro bilim va tajriba almashish uchun xalqaro muloqot formatini yaratish maqsadida Jahon professional taʼlim sammitini oʻtkazish boʻyicha taklifni ilgari surdi. Shuningdek, prezidentimiz Sunʼiy intellektni taʼlim tizimiga keng joriy etish maqsadida yurtimizda YUNESKO ishtirokida “Sunʼiy intellekt – maktab” namunaviy loyihasini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, YUNESKO shafeligida barcha qitʼalarning yetakchi oliygohlari, pedagogika va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirokida Sunʼiy intellekt etikasi boʻyicha xalqaro ekspertlar anjumanini oʻtkazishni taklif etdi.
Ushbu takliflarning ahamiyati juda keng va strategik boʻlib, ular Oʻzbekistonning taʼlim tizimini nafaqat milliy darajada modernizatsiya qilishga, balki xalqaro maydonda ham inklyuzivlik va texnologiyalar etikasi boʻyicha yetakchilikni qoʻlga kiritishga qaratilgan.
YUNESKOning alohida ehtiyojli bolalar uchun Inklyuziv taʼlimni rivojlantirish platformasini joriy etish taklifi taʼlimdagi asosiy ijtimoiy adolat tamoyilini amalga oshirishga xizmat qiladi. Jismoniy yoki ijtimoiy xususiyatlaridan qatʼiy nazar, har bir bolaga sifatli taʼlim olish imkoniyatini yaratish Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM 4) talablariga toʻliq mos keladi. YUNESKO platformasining joriy etilishi inklyuziv taʼlim sohasida eng yaxshi xalqaro tajribalar va metodologiyalarning toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlaydi. Inklyuziv taʼlim bolalarning jamiyatga toʻliq integratsiyalashuviga yordam beradi, bu esa uzoq muddatda inson kapitalini oshirishga koʻmaklashadi.
YUNESKO ishtirokida “Sunʼiy intellekt — maktab” namunaviy loyihasini amalga oshirish tashabbusi mamlakatning taʼlim tizimini raqamlashtirish va uni asrimiz talablariga moslashtirish borasidagi jiddiy qadamini koʻrsatadi. YUNESKO bilan hamkorlik esa loyihaning xalqaro standartlarga mosligini, etik meʼyorlarga rioya qilinishini va eng ilgʻor texnologiyalardan foydalanilishini kafolatlaydi.
Jahon professional taʼlim sammitini oʻtkazish taklifi Oʻzbekistonni professional taʼlim sohasidagi xalqaro muloqot va tajriba almashinuvi uchun markaziy maydonchaga aylantiradi. Xalqaro miqyosdagi bunday tadbirni oʻtkazish mamlakatning taʼlim sohasidagi ochiqligi va islohotlarga tayyorligini namoyish etadi.
YUNESKO shafeligida Sunʼiy intellekt etikasi boʻyicha xalqaro ekspertlar anjumanini oʻtkazish taklifining eng muhim jihati shundaki, mamlakat Sunʼiy intellekt texnologiyalarini faqat joriy etish bilan cheklanmasdan, balki ularni masʼuliyatli va etik jihatdan toʻgʻri qoʻllashga eʼtibor qaratmoqda. Anjuman Sunʼiy intellekt tizimlaridagi potensial xavflarni (masalan, noxolislik, maʼlumotlar maxfiyligi, oʻqituvchilarning rolining oʻzgarishi) muhokama qilishga va ularni bartaraf etish uchun xalqaro meʼyorlarni ishlab chiqishga yordam beradi. Sunʼiy intellekt etikasi hozirda global siyosiy va ilmiy kun tartibining eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Bunday anjumanni oʻtkazish Oʻzbekistonni bu sohada faol va yetakchi pozitsiyaga olib chiqadi.
Noyob meroslar — bebaho meros
Davlatimiz rahbari konferensiyada noyob meros obyektlari boʻlgan xalq ogʻzaki ijodiyoti, qoʻlyozmalar, arxivlar va qimmatli tarixiy hujjatlar, madaniy maʼlumotlarni saqlash, ularning barcha uchun ochiqligini taʼminlash maqsadida yaratilgan YUNESKOning “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirish, dunyo maʼnaviy xazinasini jamlagan ushbu dastur yaratilgan sanani har yili nishonlash maqsadida 19-noyabrni — Hujjatli meros xalqaro kuni, deb eʼlon qilish, shuningdek, YUNESKO tuzilmasiga kiradigan Raqamli meros boʻyicha xalqaro institutni tashkil etish taklif qilindi. Bundan tashqari, qadimiy Buxoroda 2027-yili hunarmandchilik yoʻnalishida xalqaro kongressni qabul qilish taklifi bildirildi.
“Jahon xotirasi” dasturi noyob xalq ogʻzaki ijodiyoti, qoʻlyozmalar, arxivlar va boshqa qimmatli tarixiy hujjatlarni saqlashga qaratilgan. Bu kabi obyektlar har bir millat va jamiyatning oʻziga xos madaniyatini, tarixini va bilimlarini aks ettiradi. Ularni saqlash orqali biz kelajak avlodlarga boy maʼnaviy xazinani yetkazamiz. 19-noyabrni — Hujjatli meros xalqaro kuni, deya eʼlon qilish, butun dunyoda hujjatli merosning ahamiyatiga eʼtiborni qaratishga xizmat qiladi. Bu kun orqali odamlar oʻzlarining madaniy va tarixiy hujjatlariga eʼtibor berishga, ularni saqlash va oʻrganishga ragʻbatlantiriladi. Dasturning asosiy maqsadlaridan biri — bu madaniy maʼlumotlarni barcha uchun ochiqligini taʼminlash. Bu esa tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilikning tarixiy manbalarga osonroq kirishini, ulardan foydalanishini va bilim olishini anglatadi.
YUNESKO tuzilmasiga kiradigan Raqamli meros boʻyicha xalqaro institutni tashkil etish esa zamonaviy texnologiyalar yordamida madaniy merosni raqamlashtirish, uni saqlash va tarqatish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu, ayniqsa, fizik yoʻq boʻlib ketish xavfi ostida boʻlgan yoki juda kam nusxada mavjud boʻlgan hujjatlar uchun muhimdir. Ushbu dastur va takliflar butun dunyo miqyosida madaniy merosni saqlash borasidagi hamkorlikni kuchaytiradi. Turli davlatlarning tajriba almashishi, birgalikda loyihalar amalga oshirishiga sharoit yaratadi.
Qadimiy Buxoroda 2027-yili hunarmandchilik yoʻnalishida xalqaro kongressning Buxoroda oʻtkazilishi, bu sohadagi zamonaviy yutuqlarni, anʼanaviy texnikalarni va yangicha yondashuvlarni muhokama qilishga imkon beradi. Buxoro — jahon sivilizatsiyasining qadimgi markazlaridan biri boʻlib, oʻzining betakror meʼmoriy yodgorliklari va anʼanaviy hunarmandchilik maktablari bilan mashhur. Kongressni qabul qilish, shaharning dunyoviy madaniyat va hunarmandchilikdagi oʻrnini yanada mustahkamlaydi, turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi. Kongress Oʻzbekiston va boshqa davlatlardan kelgan hunarmandlar, ustalar, mutaxassislar uchun oʻz ishlarini namoyish etish, tajriba almashish va yangi aloqalar oʻrnatish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi. Xalqaro tadbirlar, mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishga, yangi ish oʻrinlari yaratishga va madaniy almashinuv orqali ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlashga koʻmaklashadi.
Bilim va tajriba almashish taraqqiyotga yetaklaydi
Prezidentimizning xotin-qizlarning yetakchilik qobiliyati va kompetensiyasini taʼminlash uchun aʼzo davlatlarning eng ilgʻor tajriba va amaliyotini oʻrganish, bilimlar almashish maqsadida Xotin-qizlar yetakchiligi boʻyicha YUNESKO akademiyasini tashkil etish, Samarqandda barcha qitʼalarning mashhur tadqiqotchilari, sanʼat namoyandalari, pedagog va ixtirochi xotin-qizlarning Taʼlim, madaniyat va fan sohasidagi global forumini oʻtkazish taklifi bugungi kunda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.
Akademiya xotin-qizlarni yetakchilik lavozimlariga tayyorlash, ularning zamonaviy dunyo talablariga mos keladigan koʻnikma va bilimlarga ega boʻlishlarini taʼminlashga xizmat qiladi. Bu, oʻz navbatida, jamiyatning barcha jabhalarida xotin-qizlarning rolini va taʼsirini kuchaytiradi. Akademiya muammoli masalalarni hal qilish, qaror qabul qilish, jamoani boshqarish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish kabi yetakchilik kompetensiyalarini shakllantirishga qaratilgan maxsus dasturlarni taklif etishi mumkin. Akademiya turli mamlakatlardan kelgan xotin-qiz yetakchilarni, tadqiqotchilarni va mutaxassislarni birlashtirib, oʻzaro hamkorlik va tajriba almashish uchun global platformani yaratadi. YUNESKOning asosiy maqsadlaridan biri — inson huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni targʻib qilish va taʼlim, madaniyat, fan orqali tinchlikni mustahkamlash. Akademiya bu maqsadlarga erishishda muhim oʻrin tutadi.
Samarqandda Taʼlim, madaniyat va fan sohasidagi global forum orqali turli qitʼalarning eng ilgʻor tadqiqotchilari, sanʼat namoyandalari, pedagoglar va ixtirochi xotin-qizlar birlashib, bu sohalardagi dolzarb muammolarni muhokama qilishadi va ularga yechim topish yoʻllarini izlashadi. Samarqand, oʻzining boy tarixi va madaniy merosi bilan, bu kabi yirik xalqaro tadbirlarni oʻtkazish uchun juda mos makon. Forum oʻtkazish shaharning dunyoviy intellekt va madaniyat markazi sifatidagi obroʻsini yanada oshiradi. Turli mamlakatlar va sohalardan kelgan mutaxassislarning uchrashuvi yangi hamkorlik aloqalarining oʻrnatilishiga, innovatsion gʻoyalarning paydo boʻlishiga va ularning amalga oshirilishiga turtki beradi.
Forum xotin-qizlarning taʼlim, madaniyat va fan sohalaridagi munosib hissalarini, ularning erishayotgan yutuqlarini keng namoyish etish uchun maydoncha boʻladi. Bu esa boshqa xotin-qizlarni ham ushbu yoʻnalishlarda faol boʻlishga ragʻbatlantiradi. Umuman olganda, ushbu takliflar xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlash, ularning salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, global miqyosda taʼlim, madaniyat va fanni rivojlantirishga qaratilgan muhim va yuqori ahamiyatga ega tashabbuslardir.
“Yashil” dasturlar barqaror kelajak kafolati
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan atrof-muhitga masʼuliyat bilan yondashayotgan, “yashil” dasturlarni muvaffaqiyatli tatbiq etayotgan shaharlarni alohida eʼtirof etish va ragʻbatlantirish boʻyicha “YUNESKOning Ekologik poytaxti” global tashabbusi ham bugungi kunda gʻoyat dolzarb ahamiyatga ega. Bundan tashqari, Prezidentimiz YUNESKO Ijroiya Kengashining “Globallashuv va iqlim oʻzgarishlari sharoitida madaniy merosni asrab-avaylash boʻyicha chora-tadbirlarni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyasini ishlab chiqishga chaqirdi. Mazkur masala boʻyicha Xiva shahrida xalqaro simpozium oʻtkazish taklif etildi.
“YUNESKOning Ekologik poytaxti” global tashabbusi atrof-muhitni muhofaza qilish, “yashil” texnologiyalarni qoʻllash, chiqindilarni kamaytirish va qayta ishlash, energiya tejovchi va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish kabi ekologik barqarorlikka erishayotgan shaharlarni ragʻbatlantiradi. Bu esa global ekologik muammolarni hal qilishga xizmat qiladi. Muvaffaqiyatli “yashil” dasturlarni tatbiq etayotgan shaharlarni eʼtirof etish, ularning tajribalarini boshqa shaharlarga oʻrnak qilishga imkon beradi. Bu esa butun dunyo boʻylab ekologik toza rivojlanish modellarining tarqalishiga yordam beradi. “Ekologik poytaxt”larni tanlash jarayonida shahar aholisining ekologik madaniyati, tabiatga boʻlgan munosabati ham inobatga olinadi. Bu esa aholining ekologik masalalarga boʻlgan masʼuliyatini oshiradi.
“Globallashuv va iqlim oʻzgarishlari sharoitida madaniy merosni asrab-avaylash boʻyicha chora-tadbirlarni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiya loyihasini ishlab chiqish tashabbusi ham beqiyos ahamiyatga ega. Gap shundaki, iqlim oʻzgarishlari (suv toshqinlari, qurgʻoqchilik, ekstremal ob-havo hodisalari) koʻplab moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlariga jiddiy xavf tugʻdiradi. Mazkur rezolyutsiya loyihasi bu xavf-xatarlarni baholash va ularga qarshi kurashish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishga yoʻnaltirilgan. Rezolyutsiya loyihasini ishlab chiqish va muhokama qilish, turli mamlakatlarning madaniy merosni himoya qilish borasidagi saʼy-harakatlarini birlashtiradi. Bu esa umumiy muammolarga birgalikda yechim topish imkonini yaratadi.
Madaniy merosni asrashda zamonaviy yondashuvlarni ishlab chiqish: Globallashuv va iqlim oʻzgarishlari sharoitida madaniy merosni asrab-avaylashning yangi, samarali usullarini, texnologiyalarini va strategik yondashuvlarni oʻrganish va joriy etish zarur. Xivada oʻtkaziladigan xalqaro simpozium bu borada muhim platforma boʻlib xizmat qiladi. Xiva — YUNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan, oʻzining noyob arxitekturasi bilan mashhur shahar. Iqlim oʻzgarishlari bunday qadimiy shaharlar uchun ham jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin. Mazkur tadbirlarning Xivada oʻtkazilishi, shaharning madaniy qadriyatlarini targʻib etish bilan birga, uning ekologik masalalarda ham faol ishtirok etayotganini koʻrsatadi.
Media savodxonlik — yoshlarni manipulyativ taʼsirlardan himoya qilishning eng samarali yoʻlidir
Bugungi kunda virtual makonda noxolis axborotlarni tarqatish, jamoatchilik fikrini chalgʻitish, diskriminatsiyaga qarshi birgalikda samarali choralar koʻrish jiddiy zaruratga aylanmoqda. Shu boisdan ham davlatimiz rahbari tomonidan Raqamli transformatsiya muhitida dunyoqarashi shakllanayotgan yosh avlodning eng yaxshi ijodiy ishlari, multimedia gʻoyalarini oʻzaro almashish uchun Bolalar madaniy kontenti xalqaro festivalini oʻtkazish tashabbusi dolzarb ahamiyatga ega. Virtual makonda noxolis axborotlar, diskriminatsiya va salbiy kontent koʻpaygan bir paytda, festival yosh avlod uchun ijobiy, madaniy qadriyatlarga boy va taʼlim beruvchi multimedia kontentini yaratish va tarqatishga ragʻbat beradi. Festival bolalar va oʻsmirlarga oʻzlarining eng yaxshi ijodiy ishlarini, multimedia gʻoyalarini namoyish etish imkonini beradi. Bu esa ularning ijodiy fikrlashini, yangi texnologiyalardan foydalanish koʻnikmalarini va dunyoqarashini shakllantirishga yordam beradi. Xalqaro festival turli mamlakatlardan kelgan bolalar va yoshlarning madaniyatlarini, urf-odatlarini aks ettiruvchi kontentlarni oʻzaro almashishiga sharoit yaratadi. Bu esa yosh avlodda bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat va global madaniyatga qiziqishni oshiradi. Festival yoshlarni raqamli vositalarni faqat isteʼmol qilish emas, balki ulardan ijodiy va maqsadli foydalanishga, yaʼni kontent yaratuvchi boʻlishga undaydi. YUNESKOning Media savodxonlikni rivojlantirish boʻyicha keng qamrovli strategiyasi insonlarga axborotni tanqidiy baholash, manbalarni tekshirish va uning maqsadini tushunish koʻnikmalarini beradi. Noxolis axborotlar va dezinformatsiya koʻpincha jamoatchilik fikrini chalgʻitish, diskriminatsiyani kuchaytirish yoki yoshlarni radikal gʻoyalarga jalb qilish maqsadida ishlatiladi. Media savodxonlik strategiyasi yoshlarni bunday manipulyativ taʼsirlardan himoya qilishning eng samarali yoʻlidir.
Tinchlik va bagʻrikenglik — Islomning haqiqiy mohiyati
Dunyoda dinlararo ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bagʻrikenglik, oʻzaro tushunish va totuvlik kabi umuminsoniy gʻoyalarni keng targʻib etish har qachongidan ham muhim.
Islom madaniyati va maʼrifatini dunyoga tarannum etish orqali radikalizm va islomofobiyaga qarshi samarali kurashish mumkin. Prezidentimiz bu borada Oʻzbekistonda amalga oshirilgan noyob loyihalar — Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband tadqiqot markazlari salohiyatidan birgalikda foydalanishga chaqirdi. Dunyoda turli din va eʼtiqod vakillari oʻrtasidagi keskinliklar, nizolar va islomofobiya kabi salbiy holatlar koʻpayib bormoqda. Bu esa jahon tinchligi va barqarorligiga jiddiy tahdid solmoqda. Islomning haqiqiy mohiyati, uning tinchlik, bagʻrikenglik, ilm-fan va sivilizatsiya rivojiga qoʻshgan hissasini ochib berish orqali, koʻp hollarda notoʻgʻri tushuniladigan yoki buzib koʻrsatiladigan Islomga boʻlgan salbiy qarashlarni (islomofobiya) yengish mumkin. Islom madaniyati va maʼrifatining boyligini, uning umuminsoniy qadriyatlarga mosligini koʻrsatish, turli madaniyat va din vakillari oʻrtasidagi oʻzaro hurmat va tushunishni oshirishga xizmat qiladi. Bu kabi loyihalarning tashabbuskori boʻlish orqali Oʻzbekiston Islom dunyosida va jahon miqyosida madaniyat va maʼrifat, bagʻrikenglik va totuvlikni targʻib qiluvchi markaz sifatida oʻzining oʻrnini mustahkamlaydi.
Xulosa qilib aytganda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutqida bildirilgan taklif va tashabbuslar barcha davlat va xalqlarning manfaatlari uchun birdek dolzarb va ahamiyatlidir.
Fazliddin Abilov
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring