Bangladesh armiyasi Bosh vazir Shayx Hasina qochib ketganidan keyin davlatni muvaqqat hukumat boshqarishini eʼlon qildi

15:38 06 Avgust 2024 Dunyo
225 0

Bangladesh Bosh vaziri Shayx Hasina oʻz hukumatiga qarshi bir necha hafta davom etgan qonli namoyishlar ortidan isteʼfoga chiqdi va mamlakatni tark etdi. Endi asosiy eʼtibor Janubiy Osiyo davlatini kim nazorat qilishiga qaratilgan.

Armiya boshligʻi general Vaker-Uz-Zamon xalqqa murojaatida Bangladeshni vaqtinchalik hukumat boshqarib turishini eʼlon qilib, tinchlikka chaqirdi. Yigirma yilga yaqin mamlakatni boshqargan Hasina 5-avgust kuni vertolyot orqali mamlakatdan chiqib ketib, Nyu-Deli yaqinidagi Hindon aviabazasiga qoʻngan. Manbalarga koʻra, u Buyuk Britaniya pasportiga ega singlisi bilan Nyu-Delidan Londonga uchishni rejalashtirgan.

Dushanba kuni katta olomon bosh vazir saroyiga bostirib kirib, Hasinaning nutq soʻzlashiga toʻsqinlik qilgan. Namoyishlarda 300 ga yaqin odam halok boʻlgan. Minglab odamlar bosh vazirning ketishi haqidagi xabardan soʻng koʻchalarda bayram qilgan.

Namoyishlar oʻtgan oy talabalar noroziligidan soʻng boshlangan edi. Namoyishchilar hech qanday diktatura yoki notoʻgʻri boshqaruvga toqat qila olmasliklarini aytishmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?