Bayram ogʻushidagi obod mahallalar

18:28 08 Dekabr 2023 Jamiyat
224 0

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilayotgan “Konstitutsiya haftaligi” doirasida Buxoro viloyatida ham bir qator yangi obyektlar foydalanishga topshirilmoqda.

Ana shunday manzillardan Shofirkon tumanining “Quyi Chuqurak” va Peshku tumanining “Deycha” mahallalarini keyingi uch oyda “Obod xonadon — obod koʻcha — obod mahalla” mezonlarini joriy etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yakunlanib, yangi bino va inshootlarning ochilish marosimlari oʻtkazildi.

Shofirkonning “Quyi Chuqurak” MFY da 642 ta xonadon va 826 ta oila boʻlib, ularda yashovchi aholi soni 3 ming 800 nafardan ortiqroq. Dastur asosida mahallada yoʻllar ravon boʻldi, elektr taʼminoti, ichimlik suvi borasidagi muammolar oʻz yechimini topdi. Bir soʻz bilan aytganda, quyi chuqurakliklarning turmush farovonligi yaxshilandi.

Olis mahallaning infratuzilma inshootlari bilan birga 33-umumiy oʻrta taʼlim maktabining sport maydoni zamonaviy koʻrinish kasb etdi. Shuningdek, sport maydonchasining shay qilingani mahalla ahlini behad shodlantirdi. Qoʻshimchasiga bolalar oʻyin maydonchalari foydalanishga topshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan Quyi Chuqurak mahallasining oʻziga xos ochilish marosimi oʻtkazildi. Tantanada yigʻilganlar yangidan ishga tushirilgan mahalla fuqarolar yigʻini binosi, “Uch avlod maskani”, shuningdek, oilaviy shifokorlik punkti, ayollar salomatlik markazi, yangi korxonalarda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

“Obod xonadon, obod koʻcha va obod mahalla” mezonlari doirasida Quyi Chuqurakda amalga oshirilgan ishlar mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining oʻziga xos namunasidir. Zero, Yangi Oʻzbekistonimizning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi bosh tamoyili avvalo, shu Vatanda istiqomat qilayotgan har bir shaxsning manfaatlarini himoya qilish, uning orzu intilishlarini roʻyobga chiqarish, fuqarolarga munosib turmush sifatini taqdim etishdan iboratdir.

Buxoro viloyatining 5 ta tumanidagi eng chekka, ijtimoiy ahvoli ogʻir mahallalari orasidan Peshkoʻ tumanining “Deycha” hududi ham tanlab olingandi. Belgilangan vazifalar ijrosi uchun respublika, shuningdek, mahalliy byudjet hamda homiy tashkilotlar hisobidan yetarli darajada mablagʻ ajratildi. “Deycha”da boshlangan keng koʻlamdagi qurilish va taʼmirlash ishlari ham yakuniga yetkazildi.

Yangilangan mahallaning oʻziga xos ochilish tadbirida Respublika hamda viloyat darajasidagi masʼullar, shuningdek, tashkilot, idora va korxonalar mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, mahalla faollari ishtirok etdilar. Mahalladagi bayram tadbiri erta tongdan “Sogʻlom hayot uchun” yugurish marafoni bilan boshlandi.

Mahallaning kirish qismidan start olgan marafonda 300 nafardan ziyod yoshlar hamda mahalla ahliga harbiy orkestr, Milliy gvardiya otliq harbiylari, “Vatanparvar” tashkiloti, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maxsus texnikalari hamrohlik qildi.

Toʻyga toʻyona bilan deganlaridek, shu kuni “Deycha” mahalla fuqarolar yigʻinining koʻpdan kutilgan yangi maʼmuriy binosi foydalanishga topshirildi. Loyiha qiymati 500 million soʻmdan ortiqni tashkil qiluvchi mahalla binosida xodimlar uchun barcha shart-sharoit hozirlangan boʻlib, bu qulaylik ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolar bilan ishlash, idoralararo maʼlumot almashish vazifalarini osonlashtiradi.

“Deycha” mahalla fuqarolar yigʻinining oʻziga xos ochilish tadbirida “Konstitutsiya — xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi” tamoyili qayta zamonaviy qiyofa kasb etayotgan Deycha va deychaliklar turmushi farovonligiga xizmat qilayotgani taʼkidlandi. Bu esa barchaga birdek faxr tuygʻularini hamroh ayladi.

Shu oʻrinda maʼlumot uchun, Yangi hayot, Kodravon, Yangi yoʻl, Chorobod, Bolin, Deycha, Zarafshon kabi 7 ta qishloqdan tashkil topgan mahallada bugunga kelib 534 ta xonadon, 695 ta oila va ularda jami 2 ming 500 ga yaqin aholi istiqomat qilmoqda.

Qisqa fursat ichida tuman markazidan 9 kilometr uzoqlikda joylashgan mazkur manzilni obod qilish, bunda aholi uchun zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan tortib, taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa ijtimoiy soha inshootlarigacha risoladagidek koʻrinishga keltirishga alohida eʼtibor qaratildi. Soʻnggi ikki oyda bajarilgan ishlar esa tahsinga loyiq.

Muhimi, bugun mahalladagi har bir guzar, koʻcha, xonadon aytish mumkinki, yangilangan. Odamlar turmushi farovonlashayotganini oʻz hayoti, qishlogʻidagi oʻzgarish va yangilanishlar misolida yaqqol his etmoqda. Shu boisdan Deychada oʻtgan tadbir bayramona tus oldi. Unda hududda bajarilgan bunyodkorlik ishlari davlatimizning aholi ijtimoiy himoyasiga qaratilgan eʼtibori namunasi ekani alohida eʼtirof etildi.

Shu kuni deychaliklar va ular xursandligiga sherik boʻlgan mehmonlar uchun oʻziga xos bayram tantanasiga aylangan tadbirda toʻkin dasturxon yozilib, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, elimiz rizq-nasibasi moʻlligi, turmushi farovonligini soʻrab duolar qilindi. Keksa nuroniylar, mahalla ahli, yoshlar va keng jamoatchilik inson qadri ulugʻlangan yurtda yashayotganlariga shukronada ekanliklarini namoyon qildilar.

Mazkur bayram tadbirida tuman madaniyat uyi jamoasi, xushovoz xonandalar kuy-qoʻshiqlaridan iborat konsert dasturi bilan davraga fayz bagʻishladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?