BAA va Turkiya chempionatida omadsizlik, Eronda gʻalaba
Oʻtgan hafta davomida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari oʻz klublari tarkibida mahalliy chempionat oʻyinlarida ishtirok etishdi.
Ushbu oʻyinlar natijalari va futbolchilarning ishtirokiga toʻxtalib oʻtamiz.
Otabek Shukurov va Akmal Mozgovoy
Birlashgan Arab Amirliklari chempionatida 6-tur oʻyinlari orqada qoldi. Ushbu tur doirasida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari Otabek Shukurov va Akmal Mozgovoy faoliyat olib borayotgan “Baniyas” klubi safarda musobaqa peshqadami “Al-Ayn” klubi bilan kuch sinashdi.
Taʼkidlash kerakki, ayni vaqtda “Baniyas”ning holati havas qilgudek emas. Jamoa dastlabki 5 ta turning barchasida magʻlub boʻlgan holda soʻnggi oʻrinni egallab turgandi. Bu gal ham jamoa magʻlubiyatga uchradi.
Uchrashuvda “Al-Ayn” klubi 4:0 hisobida gʻalaba qozondi. Goʻllarga Hussin Rahimi, Sofiyan Raximi, Aleksandro Romero va Kodjo Laba mualliflik qildi.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi yetakchisi Otabek Shukurov oʻyinni asosiy tarkibda boshladi. 75-daqiqada Halfan Muborakka almashtirildi.
Oʻyin davomida Otabek jami 57-marta toʻpga tegindi. U uzatgan 48 ta pasning 36 tasi oʻz manziliga aniq yetdi. Bu — 75 foizlik koʻrsatkich degani. Uzun uzatmalarning aniqligi boʻyicha esa Shukurov 60 foizlik natija qayd etdi.
Darvoza tomon 2-marta zarba yoʻlladi. “Sofascore” portali Otabekning 75 daqiqalik oʻyinini 6,2 ballga baholadi.
Terma jamoaning yana bir aʼzosi Akmal Mozgovoy ham oʻyinni asosiy tarkibda boshladi va toʻliq harakat qildi.
Akmal jami 43-marta toʻpga tegindi. U uzatgan 41 ta pasning 39 tasi aniq yetdi — bu 95 foizlik natija degani.
Uzun paslarning aniqligi boʻyicha 67 foizlik koʻrsatkich qayd etgan futbolchi 2-marta folsiz raqibdan toʻpni olib qoʻydi. “Sofascore” portali Akmalning oʻyinini 6,5 ballga baholagan.
Aziz Gʻaniyev jamoasida ham magʻlubiyat
Birlashgan Arab Amirliklari chempionatining 6-turidan oʻrin olgan yana bir oʻyinda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Aziz Gʻaniyev toʻp surayotgan “Al-Batayeh” klubi oʻz maydonida turnir jadvalida 2-oʻrinni egallab turgan “Al-Vahda” jamoasini qabul qildi.
Uchrashuv 1:3 hisobi bilan mehmonlarning gʻalabasi bilan yakunlandi. “Al-Vahda” jamoasi kiritgan goʻllarga Umar Keyta, Dushan Tadich va Lukas Pimenta mualliflik qildi. “Al-Batayeh” jamoasining yagona javob goʻli esa Diney Borjes hisobiga yozildi.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Azizjon Gʻaniyev oʻyinni asosiy tarkibda boshladi va 89-daqiqada Muhammad Jumaga almashtirildi.
Gʻaniyev oʻyin davomida 58-marta toʻpga tegindi. U uzatgan 45 ta pasning 37 tasi aniq yetdi — bu 85 foizlik natija.
Aziz yelkama-yelka kurashlarda 8-marta qatnashdi va ularning yarmida gʻalaba qozondi. U uzatgan 2 ta kalit pas ham bexato amalga oshirildi.
“Sofascore” portali Aziz Gʻaniyevning oʻyinini 6,8 ballga baholadi.
“Istiqlol Tehron”dan gʻalaba
Bu turga kelib, nihoyat “Istiqlol Tehron” klubi muxlislari ham oʻz uylariga xush kayfiyatda ketadigan boʻlishdi.
Oʻtgan 7 ta oʻyinda “Chodar Malu”, “Muxarraq”, “Shams Azar”, “Paykan”, “Istiqlol Huzeston”, “Al-Vasl” va “Zob Ahan” klublariga qarshi oʻynagan Tehron jamoasi ushbu bahslarning birortasida gʻalaba qozona olmayotgan edi. Bu gal jamoa musobaqa jadvalida oxiridan ikkinchi boʻlib turgan “Mes Rafsanjan” klubini magʻlub eta oldi.
Oʻyinda kiritilgan yagona goʻlga Jasir Asani mualliflik qildi.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Rustam Ashurmatov oʻyinni asosiy tarkibda boshladi va 90 daqiqa maydonda harakat qildi.
Rustam oʻyin davomida 57-marta toʻpga tegindi. Aniqlik boʻyicha 97 foizlik koʻrsatkich qayd etdi. Yelkama-yelka kurashlarda 6-marta gʻalaba qozondi.
Erondagi mahalliy futbol portallari uning oʻyinini 8,9 ballga baholadi.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasining yana bir aʼzosi Jaloliddin Masharipov esa jarohati tufayli ushbu oʻyinda maydonga tushmadi.
Eldor Shomurodov gol urdi
Turkiya chempionatining 9-turidan oʻrin olgan bahsda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi yetakchilari Abbosbek Fayzullayev va Eldor Shomurodov toʻp surayotgan “Istanbul Bashakshehir” klubi ushbu mamlakatning eng kuchli jamoasi — “Galatasaroy” bilan kuch sinashdi.
Uchrashuvda mehmonlar 2:1 hisobida gʻalaba qozondi. “Galatasaroy” jamoasi kiritgan golga Leroy Sane mualliflik qildi. “Istanbul Bashakshehir” klubining yagona javob goli esa Eldor Shomurodov hisobiga yozildi. Taʼkidlash kerakki, ushbu gol kiritilishidan 8 daqiqa oldin ham Shomurodov gol urgan, ammo ushbu gol ofsayd tufayli hisoblanmagandi.
Eldor Shomurodov oʻyinni asosiy tarkibda boshladi va toʻliq harakat qildi.
Oʻyin davomida jami 37-marta toʻpga tegindi. U bergan 26 ta uzatmaning 15 tasi oʻz manziliga aniq yetib bordi. Bu, oʻz navbatida, 60 foizlik koʻrsatkich degani.
Toʻp uchun kurashlarda bir necha bor ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi sardori ularning 3 tasida gʻalaba qozondi. 1-marta fol ishlatdi, 1-marta unga nisbatan fol qoʻllanildi.
“Sofascore” portali Eldor Shomurodovning ushbu oʻyindagi harakatlarini 7 ballga baholadi.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasining yana bir yetakchisi Abbosbek Fayzullayev esa Quvayt bilan oʻyinda olgan jarohati tufayli ushbu bahs qaydnomasidan oʻrin olmadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring