Avtomobildagi qotillar koʻpaymasligi uchun qonunchilikda jiddiy oʻzgarishlar qilish kerak - “Adolat” partiyasi raisi
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi raisi Robaxon Mahmudova Oʻzbekistonda erkatoy haydovchilarni tiyib qoʻyish uchun qonunchilikda jiddiy oʻzgarishlar qilish kerakligini taʼkidladi.
Unga koʻra, 2023-yilda sodir etilgan 9 ming 839 ta YTH oqibatida 9 ming 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 282 nafar kishi halok boʻlgan. Bolalar bilan bogʻliq 1 794 ta YTH tufayli 1 568 nafar oʻgʻil-qiz jarohatlangan, 263 nafar bola esa hayotdan koʻz yumgan. 2024-yilning besh oyida voyaga yetmaganlar bilan bogʻliq 359 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar bola nobud boʻlgan, 294 nafar bola turli darajada tan jarohatlari olgan.
Bu dahshatli raqamlarga izoh kerakmi? Yoʻq, albatta. Buning ustiga, yaraga tuz sepganday, ijtimoiy tarmoqlar orqali avtomobilda tezlikni oshirish, yoʻl harakati qoidalariga amal qilmasdan harakatlanganini hayp koʻrinishida ommaga namoyish etayotgan kimsalarga kunda-kunora duch kelyapmiz. Masalan, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilikning keskin muhokamasiga sabab boʻlgan Angrendagi holatni olsak.
Jamoat joyida avtomobilni 80 emas, 100 emas, naq 157 km/soat tezlikda boshqarib ketayotganidan ogʻzi qulogʻiga yetgan ayol haydovchi buni videoga olib, Instagramʻdagi sahifasiga joylagan. Bu ham yetmaganidek, kontentning izoh qismiga shunday avtomobildagi “qotil”lar sabab qanchadan qancha insonlar, eng afsuslanarlisi, voyaga yetmagan begunoh bolalar hayotiga nuqta qoʻyilayotganini yozgan tarmoq foydalanuvchisiga “Bu bolalarning taqdiri onasining qornidanoq yozib boʻlingan”, deyishga yuzxotir qilmasa deng. Razillik! Buni boshqacha ifodalab boʻlmaydi, deydi “Adolat” SDP yetakchisi.
Shuningdek u bu kabi holatlarning keskin oshayotgani yoʻllarda harakatlanish boʻyicha qabul qilingan qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish, maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralarini keskin kuchaytirish zarur ekanini koʻrsatayotganini qayd etdi.
Qachongacha piyodalar oʻlimiga sababchi boʻlayotgan erkatoy haydovchilarga befarq boʻlamiz? Ularni tartibga chaqirish uchun faqatgina jarima miqdorini oshirish bilan kifoyalanish kutilgan natijani bermayapti. Yengil-yelpi boylik orttirib jamiyatga, qolaversa, amaldagi qonunlarga nisbatan hurmatsizlik koʻrsatayotgan ayrim haydovchilarni tarbiyalashning yangi mexanizmlarini joriy etish lozim, nazarimizda, deydi u.
Robaxon Mahmudova dunyo tajribasiga ham toʻxtalib oʻtgan. Qayd etishicha, Finlyandiyada tezlikni oshirganlik uchun 200 ming dollar miqdorida maʼmuriy jarima qoʻllanadi. AQSHda har bir shtatda tezlikni oshirganlik uchun alohida qonunlar mavjud boʻlib, balli tizim holatida koʻp bora maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilsa, haydovchilik guvohnomasi olib qoʻyiladi. Buyuk Britaniyada haydovchi tezligini oshirganida, 3 balldan 6 ballgacha baholanadi. Miqdor oshib ketsa, sudga chaqiriladi. Yaponiyada tezlikni oshirish koʻp bora sodir etilsa, haydovchilik guvohnomasi olib qoʻyilishi, hattoki qamoq jazosi qoʻllanishi mumkin.
Shundan kelib chiqib, biz, “Adolat”chilar bu kabi maʼmuriy huquqbuzarliklar va avariyalarda qurbonlar sonini kamaytirish uchun faqatgina jarima miqdorlarini oshirishni oqilona yechim deb bilmaymiz. Chunki moddiy imkoniyati yaxshi boʻlgan haydovchi jarimani toʻlab turib ham yana shunday huquqbuzarlik sodir etmasligi va begunoh insonlarning hayotdan erta koʻz yumishiga sababchi boʻlmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Demak, yurtimizda ham tezlikni oshirganlikda muayyan muddatga avtomobil boshqarish huquqini cheklash yoki haydovchilik guvohnomasidan umrbod mahrum etish, shuningdek, tezlikni oshirish, spirtli ichimlik isteʼmol qilib inson oʻlimiga sabab boʻlgan haydovchilarga jinoiy jazo choralarini kuchaytirish, shu bilan bir vaqtda, asosiy eʼtiborni tarbiyaga qaratish zarur, deb hisoblaymiz.
Zero, mamlakatimiz yoʻllari piyodalarning yurak hovuchlab yuradigan va otasining erkatoylari istagan tezlikda harakatlanadigan hudud emas. Shuni inobatga olib, “avtomobildagi qotillar” koʻpaymasligini taʼminlash uchun qonunchilikda yuqoridagi kabi jiddiy oʻzgarishlar qilish kerak va shart. Aks holda yoʻllarda yuz berayotgan fojialarning oldini olish imkonsiz boʻlib qolaveradi, deydi “Adolat” SDP Siyosiy kengashi raisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring