Avstriya tashqi ishlar vaziri Oʻzbekistonga keldi

17:34 07 Noyabr 2021 Siyosat
1332 0

Foto: Дунё АА

Avstriyaning Yevropa va tashqi ishlar federal vaziri Mixael Linxart bugun Oʻzbekistonga keldi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Oʻzbekistonning Venadagi elchixonasi maʼlumotiga koʻra, tashrif doirasida Avstriya TIV rahbari Toshkentda Investitsiyalar va tashqi savdo, Tashqi ishlar vazirliklarida rasmiy muzokaralar oʻtkazadi.

Uchrashuvlar chogʻida siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi koʻp qirrali ikki tomonlama hamkorlikning barcha yoʻnalishlari koʻrib chiqiladi.

Vazir Mixael Linxartning tashrifi doirasida Toshkentda Oʻzbekiston-Avstriya biznes-forumi ham boʻlib oʻtadi. Tadbirda ikki mamlakat vazirliklari, idoralari va biznes tuzilmalarining 200 dan ortiq vakili ishtirok etishi kutilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, ushbu tashrif Avstriya TIV rahbarining soʻnggi 20 yil ichida Oʻzbekistonga ilk tashrifidir. Avstriya tashqi ishlar vaziri Benita Ferrero-Valdner Oʻzbekistonga oxirgi marta 2000-yilda YEXHTning amaldagi raisi sifatida kelgan edi.

Taʼkidlash joizki, keyingi yillarda Oʻzbekiston va Avstriya oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlar yangi darajaga koʻtarildi. Hamkorlik koʻp qirrali xususiyat kasb etib, jadal surʼatlar bilan rivojlanmoqda. Xususan, tomonlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari samarasida 2018-yil tashqi savdo aylanmasi ikki baravar oshdi va keyingi yillarda ham ijobiy oʻsish dinamikasi saqlab qolinmoqda. Bundan tashqari, Avstriya kompaniyalarining Oʻzbekiston bozoridagi ishtiroki sezilarli darajada faollashdi.

Masalan, Toshkent shahridagi “Humo-Arena” muz majmuasi va “Milliy” stadioni qurilishida Avstriyaning “Oberhofer Stalbau” va “Haslinger Stalbau” kompaniyalari, “Amirsoy” togʻ-changʻi kurortini qurish loyihasini amalga oshirishda esa “Doppelmayr” kompaniyasi ishtirok etgan. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?