Atrof-muhit va barqaror rivojlanish
Foto: Illustrativ foto
Butun insoniyat va boshqa barcha tirik mavjudotning hayot manbai boʻlgan atmosfera havosini asosan ikki manba: tabiiy omillar va inson faoliyatining mahsuli – antropogen manbalar ifloslantiradi.
Hozirgi kunga kelib insoniyatning atrof-muhitga taʼsiri tobora kuchayib bormoqda, natijada hayotni doimiyligini taʼminlaydigan asosiy jarayon, yaʼni tabiiy muvozanatni buzilishiga, yer yuzasining koʻpgina hududlarida noqulay ekologik sharoitlarning paydo boʻlishiga, mahalliy, mintaqaviy va global darajadagi ekologik muammolarning kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.
Atmosfera havosini ifloslantiruvchi tabiiy omillarga togʻ jinslarining yemirilishi, zilzila oqibati, vulqonlarning otilishi, oʻrmonlarga oʻt ketishi natijasida tabiatga, atrof muhitga zararli omillarning tarqalishi kiradi.
Antropogen ifloslanishga esa asosan sanoat korxonalari, avtomobil, temir yoʻl, suv transportlari chiqindi va ajratmalari, shuningdek turli yoqilgʻilar ishlatilishi natijasida paydo boʻladigan zararli moddalarning atmosfera havosiga chiqarilishi oqibatida hosil boʻladi.
Markaziy Osiyo atmosferasining oʻziga xos jihatlari, ushbu hududning iqlimiy tavsiflanishini belgilab beruvchi fizik-geografik sharoitlar (dengiz sathidan 200-250 m balandlikdagi choʻllar, yarimchoʻllar, 3500-3600 m balandlikdagi togʻli tizimlar)ning maʼlum bir darajasiga bogʻliq boʻladi. Tekislik hududlari sovuq kirishi uchun ochiq boʻlgan Toʻron pasttekisligining katta qismini egallaydi, bu esa, keskin mintaqaviy iqlimiy jihatlarni shakllantiradi. Boshqa tomondan, Atlantika okeanining oʻrtamiyona kengliklaridan vaqti-vaqti bilan nam havoning gʻarbiy, shimoliy-gʻarbiy oqimlarining kirib kelishi kuzatiladi, bu ham atmosferaning sifati va miqdoriy jihatlari shakllanishiga taʼsir koʻrsatadi.
Oʻzbekistonda atmosfera havosining sifat va miqdoriy tarkibi shakllanishida tabiiy ifloslantiruvchi manbalar kabi antropogen ifloslantiruvchi manbalar ham katta rol oʻynaydi.
Respublika iqlimi quruq zonada joylashgan, uning hududida atmosferaga yirik tabiiy aerozol emissiyasi manbalari boʻlmish, tez-tez changli toʻfonlar koʻp boʻladigan Qoraqum va Qizilqum kabi hamda Orol dengizining qurigan qismi hisoblangan Orolboʻyi zonasi (Orolqum) mavjuddir. Ushbu manbalarning asosiy qattiq muallaq zarralari (aerozollar) - tuproq va mineral zarralardir. Oʻzbekiston havosining asosiy antropogen ifloslantiruvchilari oltingugurt oksidi, azot, uglerod, tarkibi va kelib chiqishi turlicha boʻlgan qattiq muallaq zarralar hisoblanadi.
Respublikada rivojlangan agrosanoat kompleks mavjudligi atmosferaning sifat tarkibining oʻzgarishiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Aholisi zich, transport harakati koʻp boʻlgan yirik shaharlar joylashuvining xususiyatlari, tor tabiat havzasida ekologik xavfli ishlab chiqarishlarning mavjudligi va shu bilan bir vaqtda oʻziga xos tabiiy-iqlimiy sharoitlar (tez-tez uchraydigan inversiya, atmosferadagi turgʻun holatlar) atmosferaning yer usti qatlamida ifloslantiruvchi moddalar toʻplanishiga sabab boʻladi.
Turgʻun manbalardan atmosfera havosiga 150 dan ortiq ifloslantiruvchi moddalar tashlanadi. Bular tashlamalarning asosiy qismini tashkil qiluvchi qattiq moddalar (jumladan, ogʻir metallar, vanadiy besh oksidi, benz(a)piren, oltingugurt dioksidi va ozon, metilmerkaptan, fosforli angidrid, mishyak va boshqa) oʻziga xos yuqori toksik zararli moddalar tashlamalaridir.
Sanoatda yoqilgʻi-energetika, kimyo va neft-kimyo sanoati azot oksidlari tashlamalarining tashlanishida asosiy hissa qoʻshadi. Ularning ulushiga respublika boʻyicha azot oksidi tashlamalarining 86,8% toʻgʻri keladi. Biroq, azot oksidlari barcha tashlamalarining respublika boʻyicha 57,9% va 26,7% energetika tarmogʻi ulushiga toʻgʻri keladi. Yoqilgʻidan foydalanishning past samaradorligi atmosferaga ortiqcha tashlamalar tashlanishiga olib keladi, bu mazkur obyektlar joylashgan aholi yashash punktlari va shaharlarda (Toshkent, Angren, Navoiy) atmosfera havosining ifloslanishi darajasiga taʼsir koʻrsatadi.
Chang - qattiq zarralar demakdir, ularning dispers va komponent tarkibi uning (tabiiy yoki antropogen) kelib chiqishiga bogʻliq. Ular tarkibiga mineral tuzlar, metall oksidlari va organik birikmalar kiradi. Oʻzbekiston hududida atmosferaga chang kelib tushishining yirik tabiiy manbalari – Qoraqum, Qizilqum va Orolqumning (Orol dengizining qurigan qismining) mustahkamlanmagan qumli tuproqlari va shoʻrxok choʻllari hisoblanadi.
Ochilib qolgan dengiz tubi Orolqum tuzli choʻlini tashkil qildi, bu yerdan har yili katta miqdorda tuz va qum zarrali changlar shamol yordamida tarqaladi. Chang - tuz koʻchishining asosiy hajmlari sohilboʻyi polosasining 300 km oraligʻida roʻy beradi. Janubiy Orolboʻyida tuproqqa tushadigan chang miqdori sugʻoriladigan yerlarga qaraganda, oʻn baravar koʻproqdir.
Oʻzbekistonning havo ifloslanishiga qarshi kurashish va havoning sifatini nazorat qilish sohasidagi umumiy strategiyasi atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha qonuniy hujjatlar, dasturlar, harakat rejalari asosida atrof-muhitni, shu jumladan atmosfera havosini muhofaza qilish boʻyicha harakatlar maqsadli Davlat dasturlari ishlab chiqiladigan loyihalarning tarkibiy qismi hisoblanadi.
Ekologik xavf va muammolarning majmuasini hisobga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” DUKga respublika hududida joylashgan subyektlar tomonidan faoliyatining atrof-muhitga taʼsiri toʻgʻrisida bayonot loyihalari taqdim qilinib, ixtisoslashtirilgan ekspertlar tomonidan ekologik xavfsizlikni taʼminlash, nazorat xizmatini takomillashtirilishini taʼminlash, respublika hududlari atrof-muhitining transchegaraviy ifloslanishdan va tabiiy obyektlarning zaharlanishidan, shu jumladan, toksik, radioaktiv moddalarning va tabiiy manbalardan ionlashtiruvchi nurlanishning oʻtishi, ekologik xavfli texnologiya va mahsulotlarning olib kirilishidan muhofaza qilish boʻyicha preventiv kompleks chora-tadbirlari oʻrganib chiqilib davlat ekologik ekspertizasi xulosalari beriladi.
Shuni taʼkidlash joizki, Ekologik xavfsizlik dolzarbligi, juda zarurligi bilan insoniyatning buguni va ertasi uchun eng muhim muammolari jumlasiga kiradi. Xalqaro huquqiy tajribalar, zamonaviy fan, texnika va texnologiyalar asosida ekologik xavfsizlikning mukammal tizimini shakllantirish Oʻzbekiston milliy xavfsizligini taʼminlashning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.
Bunda Davlat ekologik ekspertizasi maqsadi – amaldagi qonun va qarorlarda belgilangan talabalarga asosan Oʻzbekistonda ishlab chiqilgan ekologik huquqiy, tarkibiy qismi hisoblangan tabiiy atrof-muhitini barqarorligini saqlash, tabiiy resurslaridan oqilona va maqsadli, unumli va samarali foydalanish, shu bilan bir qatorda ekologik xavfsizligini taʼminlash. Oʻzbekiston Respublikasi “Ekologik ekspertizasi toʻgʻrisida”gi qonuniga asosan ekologik ekspertiza oldida quyilgan maqsadni talabalarga singdirish. Ekologik ekspertizaning eng asosiy vazifalaridan biri bu – atrof tabiiy muhitni va aholining hayoti va sogʻligʻiga ishlab chiqarish va xoʻjalik korxonalaridan chiqariladigan toksik va xavfli chiqindilarning taʼsirini oldini olish, baholash va shu bilan bir qatorda bartaraf etish bilan bogʻliq samarali chora-tadbirlarini amalga oshirishdan iboratdir.
Yurtimizda tabiat, tabiat boyliklari, yer osti, yer usti boyliklarini asrash, avaylash kelgusi avlodlarga yetkazib berish har bir fuqaroning burchi hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi tabiiy boyliklarini saqlab qolish bilan bogʻliq har qanday oliyjanob faoliyat xalq tomonidan qoʻllab quvvatlanishi lozim!
Z.Yaxshiboyeva,
Davlat ekologik ekspertizasi markazi bosh mutaxassisi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring