Atrof muhit muhofazasi – isteʼmolchi huquqi himoyasi

12:13 04 Mart 2020 Jamiyat
1080 0

Joriy yilning 15 – 18-yanvarida Toshkent va Samarqand shaharlarida boʻlib oʻtgan va ikki qitʼaning koʻplab xalqaro, mintaqaviy va milliy isteʼmolchilar tashkilotlari rahbarlari va ekspertlari ishtirok etgan Birinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari isteʼmolchilar forumida qabul qilingan yakuniy deklaratsiyada boshqa masalalar qatori Orolboʻyi mintaqasi muammolari, ularni hal etish yoʻllariga ham alohida eʼtibor qaratilgan edi.

Bu bejiz emas, chunki “Birlashgan Millatlar Tashkilotining isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish boʻyicha yetakchi prinsiplari”ning 1999-yili tahrir qilingan variantida atrof muhitni asrash isteʼmolchilar huquqini himoya qilishning asosiy prinsiplaridan biri ekani belgilab qoʻyilgan.

Yakuniy deklaratsiyada qayd etilgan Orolboʻyi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, isteʼmolchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, yashash sharoitlarini yaxshilashga, Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini yumshatish boʻyicha loyihalarini oʻz vaqtida va samarali roʻyobga chiqarishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish masalalari koʻp jihatdan Xalqaro isteʼmolchilar tashkilotining joriy yildagi 15-mart – Xalqaro isteʼmolchilar kunini nishonlash uchun “Barqaror isteʼmolchi” shiori ostida oʻtkazayotgan kampaniyasi bilan hamohangdir.

Deklaratsiyada taʼkidlanganiday, bugungi ekologik vaziyat va ijtimoiy manfaatlar bilan hisoblashmayotgan ishlab chiqarish hamda isteʼmolning ratsional boʻlmagan modeli ulkan muammoga aylanib, atrof muhitning tobora yomonlashuviga, qayta ishlab boʻlmaydigan, sifatsiz va inson salomatligi uchun xavfli tovarlar sotilishiga, sifatsiz xizmatlar koʻrsatilishiga sabab boʻlyapti.

Barqaror, sodda qilib aytganda, oqil isteʼmolchi atrof muhitga zarar yetkazadigan tovarlarni sotib olmasligi yoki xizmatlardan foydalanmaslik bilan atrof muhit muhofazasiga hissa qoʻshgan boʻladi. Uning huquqini himoya qiladigan isteʼmolchilar tashkilotlarining vazifasi esa, asosan, isteʼmolchilarga huquqini tushuntirish, bozorda sotilayotgan tovarlar va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatidan ularni xabardor qilish, isteʼmolchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iboratdir.

Biroq Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlar federatsiyasi bu bilan cheklanib qolmasdan tashabbus koʻrsatib, Orolboʻyidagi ekologiya muhitini sogʻlomlashtirish maqsadida 2019-yil boshida Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi koʻmagida “Orolboʻyini obod etaylik” loyihasini amalga oshirdi va Orol dengizining suvsiz qolgan 5 ming gektarlik hududida himoya oʻrmonzori saksovulzor barpo qildi. Ayni damda jamoatchilik eʼtirofini qozongan ushbu loyiha doirasidagi ishlar davom ettirilmoqda.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qurib qolgan Orol dengizi oʻrnida “yashil qoplamalar” barpo qilinmoqda. Ayni tashabbus doirasida 2019 – 2020-yillarda dengizning qurigan maydonida 700 ming gektar himoya oʻrmonzori yaratish koʻzda tutilgan.

Shuni taʼkidlash lozimki, federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov 2019-yil may oyi boshida Xalqaro isteʼmolchilar tashkilotining Portugaliyaning Eshtorial shahrida boʻlib oʻtgan kongressi chogʻida uning bosh direktori Helena Loranga ushbu loyiha haqida aytganida, u Orolboʻyiga borib, qilinayotgan ishlarni oʻz koʻzi bilan koʻrish niyati borligini aytgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?