COVAX dasturi doirasida Oʻzbekistonga "AstraZeneca" vaksinasi olib kelinmoqda — Yevropaning 20 davlatida undan foydalanish toʻxtatilgan

00:53 17 Mart 2021 Jamiyat
3019 0

Foto: AP

Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan maʼlum qilinishicha, bugun Oʻzbekistonga GAVI tashkilotining COVAX dasturi doirasida “AstraZeneca” vaksinasining ilk partiyasi yetkazib berilmoqda.

“AstraZeneca” (Buyuk Britaniya/Shvetsiya) kompaniyasining mahsuloti boʻlmish, ushbu vaksina bilan bogʻliq turli noxush xabarlar tarqalmoqda. Xususan, Daniyada mazkur vaksina bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan oʻlim holati, Avstriyada esa u bilan emlangan 49 yoshli ayol qon aylanish tizimining ogʻir buzilishi natijasida vafot etgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Shundan keyin ushbu preparatdan foydalanishni cheklayotgan davlat soni koʻpayib bormoqda.

Kuni kecha Shvetsiya oʻz aholisini “AstraZeneca” (Buyuk Britaniya/Shvetsiya) kompaniyasi bilan emlashni toʻxtatdi. Tegishli bayonot mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligi saytida eʼlon qilindi.

Shvetsiyaning bosh epidemiologi Anders Tegnelning taʼkidlashicha, bu qaror profilaktika chorasi hisoblanadi. Yevropa dori vositalari agentligi (YEMA) preparatning taxminiy salbiy taʼsirini tekshirishni tugatguniga qadar vaksinadan foydalanish toʻxtatib turiladi. Shu tariqa Shvetsiya “AstraZeneca” vaksinasidan foydalanishni taʼqiqlashga qaror qilgan Yevropaning 20-mamlakati boʻldi. Bunga qadar Avstriya, Bolgariya, Germaniya, Daniya, Irlandiya, Islandiya, Ispaniya, Italiya, Kipr, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Gollandiya, Norvegiya, Portugaliya, Ruminiya, Sloveniya, Fransiya va Estoniya ushbu preparat bilan emlashni qisman yoki toʻliq toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan edi. Bunga emlanganlarda qon quyuqlashishi bilan bogʻliq muammolar paydo boʻlayotgani haqida xabarlar tarqalishi sabab boʻldi.

Yevropa Ittifoqi ushbu vaksinadan foydalanish masalasini aʼzo davlatlar hukumatlari ixtiyorida qoldirdi.

Kompaniya vaksinaning xavfsizligi haqida oʻz fikrida qatʼiy turibdi. Xususan, ishlab chiqaruvchi Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada koronavirus preparati bilan emlangan 17 milliondan ortiq odamning sogʻligʻi holatini batafsil oʻrganish natijasida oʻpka emboliyasi, chuqur tomir trombozi yoki trombotsitopeniya (trombotsitlar soni kamayishi) xavfi haqida maʼlumotlar yoʻqligini bildirmoqda.

Kecha Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining vaksinalar xavfsizligi boʻyicha maslahat qoʻmitasi “AstraZeneca” preparati xavfsizligini tekshirish uchun yigʻildi.

JSST vaksina xavfsizligi qoʻmitasi mavjud dalillarni Yevropa dori vositalari agentligi bilan yaqin hamkorlik asosida koʻrib chiqqan va ushbu masalada uchrashuv oʻtkazgan. Biroq, hozircha JSST mazkur vaksinaning zararli ekanligi haqida biror xulosaga kelganicha yoʻq.

Oldinroq, Oʻzbekiston YUNISEF taqdim etgan jadvalga asosan 2 mln 640 ming doza “AstraZeneca/Oxford” vaksinasini olishi va uning bir dozasi narxi taxminan 3 dollarni tashkil etishi haqida xabar bergan edik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?