Asrlar toʻfonidan omon qolgan minora
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo tarixi juda boy. U koʻp davrlarni oʻz bagʻriga olgan. Asrlar davomida bu zamin tarixiy, badiiy kitoblarni bezab keladi. Arxeologlar, tarixchilar va goʻzal arxitekturani sevuvchi sayyohlarni oʻziga maftun etadi.
Biz Jarqoʻrgʻon minorasi tarixini izlab, Surxon tuprogʻida yana bir katta xazina mavjudligiga amin boʻldik. Ushbu obida tarixining boshlanishi buyuk saljuqiy sultonlaridan biri boʻlgan Sulton Sanjar hukmronlik davriga toʻgʻri keladi.
Xoʻsh, Jarqoʻrgʻon minorasi qaysi jihatlari bilan tarix moʻjizasi sanaladi?
— Surxon vohasidagi qadimiy minoralardan biri bu Jarqoʻrgʻon minorasidir, — deydi tarixchi Hasan Saidov. — Minora Qumqoʻrgʻon va Termiz tumanlari oʻrtasidagi Minor qishlogʻida joylashgan. Minora peshtoqida saqlanib qolgan yozuvlar inshootning 1108-1109-yillarda qurilganidan dalolat beradi. Minora asosida meʼmor nomi Ali ibn Muhammad Saraxsiy va qurilgan sanasi yozilgan. Shuningdek, minoraning tepa qismidagi kitobada “Basmala”dan soʻng Kurʼoni karim “Tavba” surasi 18-oyatining yarmi aks ettirilgan. Bitiklar kufiy xatida bitilgan. U arxeolog va sharqshunos olim Vasiliy Afanasyevich Shishkin tomonidan oʻqilgan. Minoraning umumiy balandligi 50 metrga yaqin boʻlib, hozir minoraning omon qolgan qismi 21,6 metrni tashkil etadi. Jarqoʻrgʻon minorasi qurilishida oddiy gʻisht, ravoqlar va epigrafik hoshiyalar juda ustalik bilan qoʻllanilgan. Minoraning asosi 8 qirrali baland kursiga oʻrnatilgan. Har bir qirraning markazida ravoqli taxmonchalar ishlangan. Ana shunday taxmonchalardan birida joylashgan eshik orqali minora ichki qismidagi aylanma zinaga chiqilgan. Barcha minora kabi Jarqoʻrgʻon minorasi ham gumbazsimon muazzinxona bilan yakunlangan.
Jarqoʻrgʻon minorasi meʼmoriy-badiiy yechimi bilan Markaziy Osiyoda yagona tarixiy inshoot sanaladi, — davom etadi tarixchi. — Minora noodatiy dekorativ bezak bilan bezatilgan. Uning bezaklaridan koʻzingizni uzolmaysiz. Gʻishtlarning mahorat bilan archa naqshida terilganligi toʻqilganlik effektini yaratadi. Minoraning ostida turganingizda, gʻishtlarning terilgani gʻisht emas, balki mato kabi koʻrinadi. Minora bir-biriga ulashgan oʻn olti yarim ustundan iborat. Mintaqada ilgari ishlatilmagan bu bezak koʻproq Shimoliy Hindistonda qoʻllanilgan. Shuningdek, Xuroson minoralariga ham yaqin turadi.
Minoraning siljigan oʻqi tufayli u tugallanmagan yoki qisman vayron boʻlgan deb taxmin qilinadi. 1879-yilda minora yaqinida qadimiy masjidning xarobalari topilgan. Bu minora qurilishi alohida amalga oshirilganidan dalolat beradi. Minoraga nima boʻlganligi va nima uchun masjid vayron qilinganligi toʻgʻrisida tarixchilar bir fikrga kela olmagan. Ehtimol, yangi bino qurish uchun binolar qasddan buzilgan, degan taxminlar ham bor.
Mustaqillik yillarida tarixiy obidalar — xalq mulki sifatida qaraldi. Oʻzbekistonda tarixiy-madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish, taʼmirlash-tiklash ishlari davlat siyosati darajasida qaraldi. Shular qatorida Jarqoʻrgʻon minorasi ham taʼmirlanib, atrofi obodonlashtirildi. Davlat tomonidan muhofaza qilinadigan obidalar qatoridagi ushbu qadimiy noyob inshoot ayni paytda mahalliy va xorijlik sayyohlar hayratini oshirmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring