Asosiy fan olimpiadasining Surxondaryo viloyati bosqichi gʻoliblari taqdirlandi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Termiz shahrida maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi.
Olimpiadaning viloyat bosqichida akademik litseylar, Prezident maktabi hamda olimpiadaning tuman (shahar) bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 3 ming nafardan ortiq 9-, 10-, 11-sinf oʻquvchilari 15 ta fan boʻyicha gʻoliblik uchun bahslashdi.
Dastlab 30-noyabrgacha birinchi guruh fanlari (matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika)dan olimpiada boʻlib oʻtdi. Ikkinchi guruh fanlari (ona tili va adabiyoti, oʻzbek, rus, tojik, ingliz, nemis, fransuz tillari, tarix, davlat va huquq asoslari, geografiya) boʻyicha esa 1-4-dekabr kunlari oʻquvchilar oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazdi. Yakuniy natijaga koʻra, 135 nafar oʻquvchi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Ular orasidagi 45 nafar 11-sinf oʻquvchilari olimpiadaning respublika bosqichida ishtirok etishadi.
— Yurtboshimizning maktab taʼlimini rivojlantirishga boʻlgan alohida eʼtibori, ilm-fanni yuksaltirishdagi tashabbuslari tufayli asosiy fan olimpiadasining darajasi va nufuzi yildan-yilga ortib bormoqda, — deydi Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Husniddin Mamadiyev. — Joriy yilgi asosiy fan olimpiadasida oʻquvchilarning shijoati, ular koʻrsatgan natijalar ham buni yana bir karra isbotladi. Viloyati bosqichida 5 nafar oʻquvchimiz barcha sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, maksimal 100 ball toʻpladi. Avvalo, olimpiada adolatli va shaffof oʻtkazilishini taʼminlashni asosiy maqsad qildik va bunga erishdik. Sinovlar oʻtkazilayotgan auditoriyalar, sport zali va hakamlar uchun ajratilgan xonada videokuzatuv moslamalari oʻrnatildi. Olimpiada jarayonini ota-onalar toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatib borish, jarayonni ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatish uchun ham imkoniyatlar yaratildi. Saralangan eng munosib hakamlar jalb etildi.
Eng kuchlilar bir manzilda jam boʻlgan olimpiadaning taqdirlash marosimi koʻtarinki ruhda oʻtkazildi. Tantanali marosim oʻgʻil-qizlarning kelgusi hayoti uchun munosib ragʻbat boʻldi.
— Inson oʻz oldiga bir maqsad qoʻyib astoydil intilsa, albatta, unga erishadi, — deydi olimpiadaning viloyat bosqichida oʻzbek tili (davlat tili) fanidan 1-oʻrinni egallagan Termiz shahridagi 3-sonli maktabning 9-sinf oʻquvchisi Sarvinoz Erkinova. — Ushbu maqsadi yoʻlida ota-ona suyanchiq boʻlsa, ustoz eng yaqin koʻmakdoshdir. Menga ilm berishda oʻz mehnatini, mehrini ayamagan ustozim Begoyim Islomovadan minnatdorman. Ushbu natija bilan toʻxtab qolmayman. Kelajakda Vatanimga sodiq farzand boʻlishga, uning ravnaqi yoʻlida oʻqib-izlanishga vaʼda beraman.
Nizomga koʻra, asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichda birinchi oʻrinni egallagan oʻquvchilarga 2 million 250 ming soʻm, ikkinchi oʻrin uchun 1 million 500 ming soʻm, uchinchi oʻrin uchun 1 million 125 ming soʻmdan mukofot puli hamda diplom topshirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring