“Arsenal” klubi Ekitikeni oʻz tarkibiga qoʻshib olmoqchi

13:17 27 Sentyabr 2025 Sport
124 0

Kecha, 26-sentyabr kuni Angliyaning qator ishonchli nashrlarida “Arsenal” klubi Hugo Ekitikening xizmatlariga qiziqish bildirayotgani haqida yozildi. Bu esa oʻz navbatida qator savollarni keltirib chiqarmoqda.

“Arsenal” klubi hujumchini kuchaytirishga harakat qilayotgani tushunarli. Ammo, nega aynan ular 2 oy oldin yangi jamoasiga oʻtgan va ayni paytda yomon oʻynamayotgan futbolchining transfer qila olishga ishonayotganliklari gʻalati holat.

Xoʻsh, “Arsenal” nimaga ishonmoqda. Bu boʻyicha chuqurroq fikr yuritib koʻramiz.

2025-yilning 23-iyul kuni “Liverpul” klubi Hugo Ekitikening transferini eʼlon qildi. Ushbu transferdan “Ayntraxt” klubi 95 million yevro ishlab oldi.

Ekitike jamoaga kelgancha Darvin Nunyes jamoani tark etdi. Shundan soʻng, Hugo jamoaning asosiy markaziy hujumchisi boʻlishi maʼlum boʻlib qoldi.

Ammo oradan 40 kun oʻtib, “Liverpul” klubi “Nyukasl”dan Aleksandr Isakni sotib oldi. Albatta ushbu transfer amalga oshganidan soʻng, Ekitike jamoadagi zaxira hujumchiga aylanib qoldi.

Paytida Hugo ushbu transferdan norozi emasligini va Isakning jamoaga kelishi faqatgina uning foydasiga ishlashini aytgan. Ammo oradan koʻp oʻtmay aslida Ekitike ushbu transferdan xafa boʻlgani maʼlum boʻlmoqda.

Uning ustiga Angliya Liga kubogida boʻlib oʻtgan holatdan soʻng, vaziyat yanada chigallashgan. Ushbu holatda futbolchilardan tortib, jamoa bosh murabbiyi Arne Slotgacha Ekitikeni yonini olish oʻrniga, uni tanqid qilishdi. Ayniqsa, jamoa bosh murabbiyi matbuot anjumanida “Bu ahmoqlik. U UYEFA chempionlar ligasida yoki APL markaziy oʻyinida hal qiluvchi golni urganida tushungan boʻlardim. Lekin u Liga kubogi gol kiritib, haddidan oshdi” — deb taʼkidlagan niderlandiyalik mutaxassis.

Ushbu holat esa futbolchining havasini sindirgani aniq. Katta ehtimol “Arsenal” jamoasi aynan shu vaziyatdan unumli foydalanib qolmoqchi.

Futbol tahlilchilari Ekitikening transferi tushunarsiz tarzda amalga oshgani borasida koʻp gapirdilar. Isak sotib olinar ekan, 100 millionga yaqin narxga Ekitikeni sotib olishni nima keragi bor edi degan savol koʻp bor muhokama qilindi.

“Liverpul” ham aslida Isakning transferi oldinroq amalga oshganida Ekitikeni sotib olishdan voz kechishi mumkin edi. Lekin Aleksandrning transferi choʻzilgani bois, “mersisaydliklar” Hugoni sotib olishga majbur boʻlishdi.

Ammo endi vaziyat oʻzgardi. Tarkibidagi holat beqarorlashmasligi uchun balki, “Liverpul” rahbariyati ham Ekitikeni sotib yuborishga qarshi boʻlmas. Balki, yoʻq. Nima boʻlishini vaqt koʻrsatadi. Ammo, bir narsa maʼlumki, endi ushbu mavzu haqida gap borsa jiddiy qabul qilishi kerak.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер