Arosatda qolgan avlod

Istiqlol Oʻzbekiston hayotida misli koʻrilmagan bir davrni boshlab berdi. Shoʻro istibdodi oʻrnatgan va bir necha avlod uchun dasturilamal boʻlgan mafkura tuzum bilan birga mahv boʻldi...
Mustaqil jamiyatning gʻoyaviy asoslarini va yoʻnalishini ishlab chiqish va hayotga tatbiq qilish jarayoni qizgʻin kechdi.
1991 — 1996-yillar respublika matbuotida istiqlolning ilk davrlari inʼikosini koʻrish mumkin.
Oʻsha davr gazeta-jurnallarini varaqlasangiz, milliy qadriyatlar va madaniy meros, tarixning yangicha talqini, milliy gʻoya va milliy ong kabi dolzarb mavzularda bir-biridan qiziq yuzlab maqolalar, bahs-munozaralar, davra suhbatlari, intervyular, ilmiy tadqiqot ishlari va risolalarga koʻzingiz tushadi. Bu oʻziga xos joʻshqin jarayonda shoir va yozuvchilarimizning aksari faol publitsist sifatida ham nom qozondi, desak xato qilmagan boʻlamiz.
Balki soʻz sanʼatkorlari oʻzlarining fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilishda tezkor yoʻl sifatida publitsistikani maʼqul koʻrishgandir, ehtimol. Lekin ahyon-ahyonda badiiy adabiyotda ham davrning ogʻriqli nuqtalari oʻziga xos tarzda tasvir etilgan asarlar koʻrinib qolar edi.
Ana shunday asarlar biri Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning 1993-yil “Vatan” gazetasida chop etilgan “Arosat” hikoyasidir. Avvalo hikoyaning nomlanishi kitobxon koʻnglida talay savollarni paydo qilishi tabiiy. Nega endi “Arosat”? Kim arosatda? Soʻzimiz avvalida aytib qoʻyaylik: hikoya diniy mazmundagi arasot haqida emas. Ammo xalq orasida bu tushunchaning tagʻin boshqa maʼnolari ham borki, gap shu haqda. Hikoyada oʻtmish va hozirgi davr kishisining botiniy va zohiriy olami, qadriyat va qarashlari ajoyib tasvirlangan. Bir soʻz bilan aytganda, “Arosat”da bozor va maʼnaviyat toʻqnashuvi aks etgan. Istiqlolgacha boʻlgan tarix shundan dalolat berdiki, tuzumlar almashishi, dunyoqarash va eʼtiqodlarning oʻzgarishi jamiyat aʼzolarida anchayin bir sarosimalik uygʻotar ekan. Bu jarayon har kimga har xil taʼsir etishi mumkin. Kimlarningdir qonida mudrab yotgan molimardumxoʻrlik asta uygʻonib, hunar koʻrsata boshlaydi.
Yana kimlardir turli ilinj axtarib har koʻyga uloqib ketadi… Hurmatli adibimiz hikoyaning biron-bir oʻrnida na qahramonlar, na muallif tilidan maʼrifat, mafkura, gʻoya soʻzlarini ishlatadi. Bu soʻz va tushunchalarni obrazlar dunyosiga singdirib yuboradi. Hikoya qahramonlaridan biri Xoʻjamyor yangi davr, yangi sharoitdan foydalanib biznesmen boʻlgan: “pul – hamma narsa” shiori bilan yashaydigan odam. Chunki otasi Madiyor dallol oʻtgan. Xoʻjamyor esini tanibdiki, koʻrgani bozor, dallollik va pul. U ulgʻayib hayotni ana shu tusda koʻradi. Unga insoniy qadriyatlar, maʼrifat unutilgan tushday gap. Qorundek behisob ganjinaga ega boʻlganlarni dunyo vasvasasi bilan halok etgan Zot nazdida mol-mulkning zarracha qadri yoʻq, deyishadi allomalar. Bor-yoʻgʻi dallolning bolasi, maktabni zoʻrgʻa bitirgan bola birdaniga boyib ketadiyu jahongashta va marhamatli biznesmen sifatida dovruq qozonadi. Maktab-maorifni ustun bilgan, malakali mutaxassis boʻlgan odamgina farovon yashaydi, degan aqida bilan yurgan odamlar koʻz oʻngida buning aksi. Aqidaning ziddi bilan ham xalqni oʻziga qaratish mumkinligi, el-ulusning hojati «sinpida qolib yurgan» bolaga tushishi…
Asarni tutib turgan obraz – domla Zokir Oʻrinning “hayotdagi tovlanishlardan toʻygani” mana shu tufayli emasmi? E, voh! «Davlat qoʻnsa bir chibinning boshigʻa, Semurgʻ qushlar salom aylar qoshiga». Xalqimiz oʻtish davrida bu ming-ming yillik haqiqatni yana qayta kashf qildi, desak yanglishmagan boʻlamiz. Xoʻjamboylarning dimogʻidan qurt yogʻilib, “ziyoli, madaniyatli odam faqat… tabriklagani kelmaydi” deb oʻylashi, jamiyatning afkor qatlami ham qoʻlimga qaram, degan xulosaga olib kelgan. Oʻtish davri qiyinchiliklaridan foydalanib qolish, taʼbir joiz boʻlsa, suvni loyqalatib baliq tutishni «biz singari biznesmenlarning vazifamiz… ahvolni baholiqudrat yengillatish» deya niqoblab, yurtdoshlarini oʻzlariga qaratish…
Shu oʻrinda oʻquvchilik paytimizda oʻqigan bir sheʼr yodga keladi.
Bu Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning “Ikki Amerika” turkumidan «Yugur, biznesmen!» sheʼri edi. Hazrat shayton erur sigʻingan piring. Xullas, firibgarsan, yoʻq pinhon siring, Zamoning shul ekan, yugur biznesmen. Biz sheʼrni oʻqib, ichimizda kapitalistlarning ahvoliga kulgan boʻlsak-da, ammo biznesmen kim ekanligini tushunmaganmiz. Mana endi tushunib yetdik. Nafaqat angladik, uning talab va tartiblariga-da moslashdik. Xalqimizda “Ellik yilda el yangi” degan maqol bor. El yangilanayotganining bir beligisidir balki biznes olami. Maʼlumki, bozor iqtisodi oʻz qonuniyatiga koʻra notabiiy tuzumning bir xil standart va mezonlarga koʻra yashashga koʻnikkan fuqarolar hayotini ostin-ustun qilib yubordi. Salkam bir asrlik mafkura istehkomlari vayron boʻldi. Koʻpchilik sarosima va vahima ichida qoldi. Eʼtiqod qoʻygan partiya va dohiyning shafqatsizliklari, qotilligu xunrezliklari oshkor boʻlgach, oʻz-oʻzlarini yanib, aybdordek his qilishdi. Pul va boyish istagi zaharli ilondek jamiyat hayotining maʼlum bir qismini, baʼzi odamlarning boʻshab, huvullab qolgan qalblarini avray boshladi: tovlamachilik, firibgarlik urchib ketdi. Hikoyada tasvirlangan Xoʻjamyor ana shunday odamlarning bir vakili. U hatto uyatni ham bilmaydi. Unga «bevosita boʻlmas-da bilvosita taʼsir oʻtkazgan» ustozi Zokir Oʻrin “toza hayotdan orqada qop ketgan” odam. Ana shu sodda, bolafeʼl “Domla Zokir Oʻrin maktabda darslarini oʻtib boʻlib uyiga ketayotganda, azbaroyi chanqaganidan choyxonaga kirgan edi”. Hikoya shunday boshlanadi. Eson duxtur “soʻridan joy olgan ermaktalab nashavand, farrosh va sartaroshga” Xoʻjamyorning «Maskovdagi xayriya pondlaridayam ishlab» ishbilarmon millioner boʻlganini aytib maqtanadi. “- Hov feldsher, qaysi Xoʻjamyorni aytayapsan? – deb tuyqusdan soʻrab qoldi Zokir Oʻrin. – Domla, siz ham gʻaplatda qolgan ekansiz-ku! – deb etsiz basharasini kuydirgan kalladay tirjaytirdi Eson. – Axir, oʻzingizning oʻquvchingizchi? Madiyor dallolning oʻgʻli! Surrayib yurardi-ku otasining izidan?..
Menimcha, bir-ikki yil sinpidayam qolgan edi». Domla shogirdining ishbilarmon boʻlganini eshitib, chandon xursand boʻladi:“xursandligi shunchaki, torgina koʻkragi qabarib ketdi”. Eson duxturga Xoʻjamyorni oʻqitganini, sinfida qolganiyam rostligini aytib, oʻzini allaqanday noqulay ham sezadi: “Yaxshi, unda tijoratga qobiliyat bor ekan. Biz oʻshanda tijorat ahlini oʻgʻri-kazzob deb yomonlar edik”. Bir qarashda domla oʻz davrining tushuncha va tutumlari bilan qolib ketganday koʻrinadi. Aslida uning ichki dunyosi, oʻylari va qatʼiy xulosalari shoʻraviy emas. Asarda siz qizil kommunist Zokir Oʻrinni koʻrmaysiz. Aksincha, uning timsolida kamtar, kuyunchak, oʻta madaniyatli oʻqituvchi-ziyoli obrazi – harakat va qarashlariga masʼul boʻlgan Shaxs gavdalanadi. Zokir Oʻrin Eson duxturdan shogirdi korxonasi qayerda joylashganini soʻrab, yoʻlga tushadi: «Bizning oʻquvchimiz shunday kishi boʻptiyu, biz bir ogʻiz tabriklamasak, uyat boʻladi». «Domla toliqqan edi. Ammo bu yangilik zavqidan va Xoʻjamyorni koʻrish, koʻrishish va himmatli ishlariga baror tilash onlarining jozibasidan charchogʻini ham unutib, maktab qoshidan oʻtib ketdi. U Xoʻjamyorning bolalik qiyofasini ham, paxta terim mahallarida takasaltang yurishlariyu «kachegar boʻlaman» deb oʻchoq boshida qolishlarini ham hisob formulalari kabi eslab borar, shu asno uning oqibat tijoratchi boʻlishida zamin izlar, chunki shu zaminni sharhlab uni shod etishni ham oʻylardi. Biroq harchand bosh qotirmasin, otasi dallolligidan oʻzga sabab topa olmadi.
Domla uchun tagʻin achinarlisi shu ediki, Xoʻjamyor naq hisobdan ham oʻrtacha oʻqir edi: ha, biron masal yoki misolni sharillatib, yechib tashlaganini eslolmaydi». Zokir Oʻrin mana shunday oʻy-xayollar ila sobiq Kalinin kolxozining idorasida joylashgan Xoʻjamboyning korxonasiga keladi. Domla «turmushning boshqa yoʻriqlariga xiyla loqayd boʻlib qolganini tan olgani holda, darvozadan kirdi». Hovlidagi “qari tutning egik shoxlarini koʻrib, mamnun tortdi: tut… oʻzini kutib olayotganday tuyuldi”. Tut domlaga tanish. «Bolaligida… hu yiroq zamonlarda uning kichkinaligini pesh qilib, daraxtning uchki novdalarini kesish uchun chiqarishar edi, Zokirboy odobli bola boʻlganidan barg kesish bahona tutga qorin toʻydirib tushishni ham oʻylamasdi». Zokir Oʻrin “yoʻlkada turgan koʻk «Volga” bilan kumushrang xorijiy moshinaga koʻzi tushib, hayron» boʻladi. Peshvoz chiqqan Abdi qorovulning «Xoʻjamyor akaning apcharkasi boʻlib yurippiz, domlajon…” degan gaplaridan astoydil jahli chiqadi. Qorovul va domlaning qizgʻin munozarasiga “Xoʻjamyor… ha, oʻsha ot yuzli yigitchaning yirik nusxasi qarab turgan ekan”. Zokir Oʻrin yaltoqi Abdiboydan ijirgʻanib, “ishora-iltifotini qoʻl harakati bilan keskin rad etib”, eshikka yoʻnaladi. Hoʻl toʻshanchaga “poshnasi allaqachon qiyshayib ketgan tuflisini artib”, chogʻroq xonaga kiradi. Yozuvchi domlaning serhayajon lahzalarini quyidagicha tasvirlaydi:“Domla ostonaga qoqinib, choʻgʻdek gilamga oyoq bosdi va boʻsagʻadanmi, gilamdanmi uzr soʻragan kabi gʻoʻngʻillab, Xoʻjamyorga talpindi”.
Domlani hayajon choyxonadayoq chulgʻab olgan, bu yerga – hovliga qadam bosishi bilan bu yana-da kuchayib, badtar oʻngʻaysiz ahvolga solib qoʻygan edi. Buni farzand muvaffaqiyatidan shodlanib, boshi osmonga yetgan ota holiga mengzash mumkin. Shogirdlariga chin mehr qoʻygan, ularning kamolidan quvongan ustoz otaday aziz sanaladi-ku! Domla shogirdiga otalarcha koʻngli iyib ketganidan dovdirar edi. Mana oʻsha holat tasviri: «Xoʻjamyor uni bagʻriga olib va kiftiga asta-asta qoqib: – Domlam-ye, Zokir Oʻrinovich-ye, bormisiz-ye, – der ekan, domla Zokir Oʻrinnning koʻzlari gʻilt yoshga toʻldi: dami qaytib, yiroq zamonlar bilangina emas, oʻzining yoshligi bilan ham uchrashgandek piqilladi va tabiiy, u kishi ham qoʻlini tepaga uzatib, shogirdining yelkasini silar edi». Mazkur psixologik-ruhiy manzara muayyan maqomga erishgan har bir insonda roʻy berishi muqarrar. Oʻzingiz oʻylang: oradan yillar oʻtgan. Diydor koʻrishganlarning kichigi ulgʻaygan, ulugʻining umr shomi kirmoqda. Biri bozorga boryapti, biri esa bozordan qaytyapti… Hayotning achchiq-chuchugini xoʻp koʻrgan ustoz shukrona aytib koʻzyosh toʻkadi. Oʻzlari koʻrmagan farovonlikni shogirdi koʻrganidan yigʻlaydi. Ekkan daraxti meva berganiga suyunadi:“Baxtining yonida gʻami koʻrinar, Gʻami koʻrinadi baxtida uning”. Asl muallimlar har bir uchirma qilgan shogirdlarini yurakning bir bandi bilan kuzatadi. Yaʼni qalbi ularda ketadi. Xuddiki joni bolasining ichida turgan onaizor kabi shodumon, baxtiyor va ayni damda gʻamgin-oʻychan. Bu gʻamgin-oʻychanlik gʻariblik, yolgʻizlik alomati emas. Bu azbaroyi koʻrinmas iplar bilan bogʻlangan ustoz-shogird robitasidirki, uni faqat qalb bilan his qilish mumkin. Yana bir tomoni, Zokir Oʻrin qarshisida bugunning old odami – tadbirkor Xoʻjamboy turibdi! Ustozning shogirdga muhabbati taʼmadan yiroq. Ammo Xoʻjamboy buni boshqacha tushunadi. Ustozning yoʻqlab kelishini azbaroyi pulga muhtojlikdan, koʻzyoshlarini mutelik belgisi deb biladi. Chunki uning qalbi muhrlangan, zang bosgan. U insoniy munosabatlarni-da pul bilan baholashga, oʻlchashga oʻrganib qolgan. Betaʼma insoniy sevgi, mehr unga yot. «Potiha qilib qoʻyamizda domla.? Harholda mumulmonmiz, buning ustiga, din modaga kirdi», deydi Xoʻjamyor oʻtirishgach. Shu birgina kalomdan yigitning kibrga berilgani, oyogʻi yerdan uzilganini anglash qiyin emas.
Ustoz shogirdining bu bemavrid gapini qabul qila olmaydi va “din hech vaqt modadan chiqmagan”, deya qoʻllarini fotihaga koʻtaradi. “- Omin. – Xoʻjamyor jilmayib yuziga fotiha tortgach, stol chetidagi xorijiy sigaretdan birini chiqardi. – Haliyam munozaraga oʻchsiz-a, domla? Gap munozarada emas, – deya Zokir Oʻrin ham kissasidan “Astra” sini oldi. – Din hamma vaqt odamlarning qalbida boʻlgan, Xoʻjamboy. Lekin bechoralar tazyiq ostida… Shogird domlaning gaplarini boʻlib tashlaydi. Oʻz tili bilan aytganda, “munozaraga” kirishishga imkon qoldirmaydi. Zokir Oʻrin esa shogirdining “zamonaviy biznes boshliqlaridan biri” boʻlganligini eshitib quvonganini, qutlashga vaqtliroq kelmaganidan xijolat ekanligini taʼkidlaydi. Xoʻjamboy ustozning bu gaplariga-da beparvo boʻladi. Hatto “Sal qartayibsizmi deyman?” deya masxaraomuz gap qotadi va “domla, dunyoni koʻrish kerak” deb falsafa soʻqadi. Zokir Oʻrinning «Dunyodan uzilib vokuumda yashaganmizda» deyishidan yana quvvat olib, sigaretini kuldonga bosgancha ustoziga qiyalab tikiladi:“Ahvol qalay, domla?” Xoʻjamyorning bu savoli ustozga achinish, unga rahmi kelganidan emas, balki uni kalaka qilib, kinoya ohangida aytiladiki, soʻrovning ohangini tushungan domla ahvoli yaxshiligini aytib, «elga kelgan toʻyda, bu kunlar ham…” deb qoʻyadi. Shogirdning osmondan kelishi, bepisand gaplari domlani yana munozara qilishga majbur etadi. Ilhomi toshib:” Mustaqil boʻlishni shuncha yil kutdik. Uni deb kuyib-kul boʻlib oʻtdi ulugʻlarimiz, allomalarimiz…” deydi. Xoʻjam ustozi aytayotgan istiqlol fidoyilarini, ulugʻlarni bilarmidi? U oʻzini, atrofidagi «apcharka»larni, biznesni biladi, xolos. Iqtisodiy qiyinchiliklarni elga kelgan toʻy deb qabul qilgan, qanoatni mahkam tutgan zokir domlalar uchun eng muhimi yurtning mustaqil boʻlgani.
Bu toifa insonlar barcha mashaqqat va zahmatlarni oʻtkinchi deb biladi. Mana sizga vatanparvar Shaxs timsoli! Oʻzini hududning yakka xoʻjayini sanagan ayrim tadbirkoru korchalonlar, xalqning nonini tuya qiluvchi “hojatbarorlar” yurt nomiga isnod boʻlganini yaxshi bilamiz. Oʻzbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov “Bozor – maʼnaviyat koʻzgusi” maqolasida aynan shular haqida toʻxtalib:”… faqat pulga sajda qilish, bu dunyoning hamma muammosini hal qilib beradigan qudratni faqat pulda deb bilish, boylikni, molu dunyoni har qanday insoniy qadriyatlardan yuqori deb oʻylash oʻtmishda ham hech kimni yaxshilikka olib kelmagan, bugun ham olib kelmaydi. Molu dunyo orttirish yoʻliga kirgan har bir kimsa bu yoʻlda oʻz nafsini oʻzi tiya bilishi, bevafo dunyoning oʻtkinchi hoyu havaslaridan ustun boʻlmogʻi, oʻz ehtiroslarining asoratiga tushib qolmasligi kerak», deb yozadi. Mustaqillik imkoniyatidan huzur-halovat topib, tasodifiy omaddan boshi aylanib qolgan Xoʻjamboy kimning bolasi ekanligini, kecha kim boʻlganligini butunlay unutgan. Eslashni-da istamaydi. Ustozining vatan mustaqilligi osonlik bilan qoʻlga kiritilmaganligi haqidagi gaplarini ham quloqlari tagidan oʻtkazib yuboradi. Millioner shogirdi huzurida chorak soat oʻtirgan ustoz ketishga izn soʻraydi. Xoʻjamyor tomogʻini qirib, nima xizmat bor, deydi. “Zokir Oʻrin yelkasini qisdi. — Xizmat… Sogʻ-salomat boʻling, shu. – Yoʻq, unday emas, domla. – Yana nima deyishim mumkin?”. Xoʻjamyor qoʻlidagi tillo soatga qarab ustozidan nimani istihola qilayotganini ijikilab soʻrayveradi. Keyin haqoratomuz tahdidga oʻtadi:«Kepsizmi, soʻrangda endi!» U suyanchiqqa yastanib, sigaretni rohatlanib soʻrib kuladi: tomoqdan chiqqan hissiz kulgu ustozning nafsoniyatiga tegadi.
Nihoyat ochilib, huzuriga muhtojlar har kuni kelishini, elning koriga yarayotganini aytib minnat qiladi:«u bechoralar ham, albatta, meni tabriklagani kelishadi…” Betavfiq shogirdning tuban gaplaridan Zokir Oʻrin portlaydi:«Hov, hali shuning uchun boyanadan beri savolga tutayotgan ekansan-da?» Tabrik uchun kelgan ustoz oʻzini tutolmaydi. Chunki, shogird uni ochiqdan-ochiq xonasidan haydaydi. Abdiboy ustozga eshikni koʻrsatadi. Kamlik qilganday, domlani quchib koʻtarib tashqariga chiqaradi. “- Qoʻyvor, ablah! – dedi Zokir Oʻrin. – Oʻzimning… oyogʻim bor! Hozircha bor! – deya eshikka qarab baqirdi. – Hoy, biznesmen! Tilanchi emasman, xudoga shukur. Seni oʻquvchim deb… Bemaʼni, odobsiz!.. Odamlarga bunday qarash uchun kishi naqadar tuban boʻlishi kerak…. Abdi jila boshlagan Zokir Oʻrinni yana dast koʻtarib oldida, gʻizillab ketdi. Koʻchaga chiqarib qoʻyib, darvozaning ochiq tabaqasini berkitdi.» Boylik dasti eshikni yopdi. Ezgulik tashqarida qoldi mungʻayib… Kotibasi Asalning «nima boʻldi, Xoʻjaka?» degan savoliga “oʻzim ham tushunmay qoldim”, deb javob beradi. Goʻyo hech narsa sodir boʻlmadi. Beobroʻ qilib quvilgan ustoziga na achinish, na qilmishidan pushaymonlik bor. “Tubanlik ichra ham tanho” boʻlgan inson shunday qilishi mumkin. Ozod domla aytmoqchi: “Tadbirkor oʻz farzandlarining, oila aʼzolarining va hamma odamlarning yuziga tik qaray oladigan vijdoni pok odam boʻlmogʻi darkor. Bunga erishmoq uchun esa odam pul sanash, ishning koʻzini bilishdan tashqari, benihoya bilimdon, saviyasi yuksak, niyatlari pok, bir soʻz bilan aytganda, teran maʼnaviyat egasi boʻlmogʻi lozim”. Xoʻjamboy uchun Zokir Oʻrinlarning eʼtiqodi, hayotga qarashi, odamlarga munosabati va qadriyatlari bir pulga qimmat. U eski davr odamlarining qarichi bilan hayotini belgilamaydi. Darvoqe, gap arosat haqida edi. Hikoyani ilk bor oʻqigan odam Zokir Oʻrinni arosatda qolgan odam, deb oʻylashi tayin. Ayniqsa uning ezgin holatlari, afsuslari, davr xatolari uchun ham oʻzini aybdor sanashi shunday xulosaga olib keladi. Ammo boyvachcha shogirdning “munozara”dan soʻng ustozni shafqatsizlarcha quvib solishi sizning arosatdagi odam haqidagi oʻy-xulosalaringizni ham oʻzgartirib yuboradi. Abdi «apcharka» Zokir Oʻrinni koʻchaga uloqtirib, darvozani yopgandan keyin…
Hikoyaning kutilmagan yechimidan hayajonga tushasiz. Zokir Oʻrin emas, borar manzili mavhum, qilar ishidan yanglishib, gangib qolgan xoʻjamboylar arosatda ekanini tushunib yetasiz. Ana shunaqa. Xotima oʻrnida:“Arosat” yozilganidan besh yil oʻtib, Shukur Xolmirzayev mavzuga yana murojaat qiladi va bu gal salmoqli, sermazmun esse – “Jamiyatning maqsadi yaʼni mafkura bobida oʻylar” asarini bitadi. Esse “Tafakkur” jurnalining 1999-yil 1-2 sonlarida eʼlon qilingan...
Mumtoz adibimiz mavzuga jiddiy yondashib, insoniyat ilk ibtidoiy davr – qabilachilikdan to bugungi kunga qadar mafkura tufayli nimalar topganiyu nimalardan mahrum boʻlganligini olimona nazar va yozuvchi qalbi bilan tadqiq qiladi. Yozuvchi oʻtgan yetti yil (esse 1998-yilda yozilgan. O.T) mobaynida kimligimizni anglab, taraqqiyot yoʻlimizni belgilaganimizdan faxru iftixor hissini tuyadi. Va “Bu yoʻlda ezgu qadriyatlarimiz mustahkam zamin boʻlishini teran tushunib yetdik. Milliy mafkuramiz tizimlarini tiklab, uning umuminsoniy gʻoyalar bilan baqamti yoʻlda ekanini koʻrib, bunday jamiyatning istiqboli porloq boʻlishiga inonasan kishi. Tangri taolo yomon koʻzlardan, suq va hasadlardan asragay! Tilagimiz shu” deb tugallaydi asarini. Soʻzi va amali bir boʻlgan yozuvchi Shukur Xolmirzayevning yuqorida koʻrib oʻtilgan hikoya va essesi bugun qanchalik dolzarb boʻlsa, yangi avlod oʻquvchilari uchun ham qadrli boʻlishiga shubha yoʻq.
Olim TOSHBOYEVning “Abadiy zamondosh” kitobidan qisqartirishlar bilan olindi.
***
Olim Toshboyev 1971-yil 27-mayda Surxondaryo viloyati Boysun shahrida tugʻilgan. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlagan. Filologiya fanlari nomzodi. “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan takdirlangan.
Tahririyatimiz jamoasi ijodkorni tavallud topgan kuni bilan tabriklaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring