“ArMI–2021”: VII Xalqaro armiya oʻyinlarini Oʻzbekiston tarixiy natija bilan yakunladi

10:41 05 Sentyabr 2021 Jamiyat
1059 0

Xabar berganimizdek, yilning eng nufuzli xalqaro harbiy musobaqalaridan biri –VII Xalqaro armiya oʻyinlari oʻz nihoyasiga yetdi. Unda Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi ham munosib ishtirok etib, tarixiy natijalarni qayd etdi.

Kecha, 4-sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Moskva viloyatida joylashgan “Patriot” parkida ushbu nufuzli musobaqaning tantanali yopilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda ishtirokchi davlatlar jamoa aʼzolari, harbiy delegatsiya vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentidan maʼlum qilishlaricha, joriy yilning 22-avgust kunidan 4-sentyabriga qadar oʻtkazilgan “ArMI – 2021” Xalqaro armiya oʻyinlarida ishtirok etgan milliy armiyamiz oʻgʻlonlari jonajon yurtimizning qudrati va salohiyatini yana bir bor, toʻla-toʻkis koʻrsata oldi.

Dunyoning 11 ta davlati hududida oʻtkazilgan musobaqalarda 42 ta davlatning jami 277 ta jamoasi, boshqacha aytganda 5000 dan ortiq harbiy xizmatchilar oʻzaro kuch sinashdi. Eʼtiborli jihati shundaki, Oʻzbekiston Respublikasi jamoalari ham ushbu nufuzli musobaqalarning 24 yoʻnalishi boʻyicha munosib ishtirok etdi.

Taʼkidlash joizki, mazkur bellashuvlar davomida vakillarimiz 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida musobaqa tashkilotchisidan keyin faxrli 2-oʻrinni egalladi.

Xususan,

“Sodiq doʻst” erkaklar jamoasi - 1 ta oltin;

“Sodiq doʻst” ayollar jamoasi - 1 ta oltin;

“Harbiy-tibbiy estafeta” jamoasi - 1 ta oltin;

“Dala oshxonasi” jamoasi - 1 ta oltin medallarni qoʻlga kiritdi.

Kumush medallarga sazovor boʻlgan jamoalarimiz quyidagilar:

“Elbrus xalqasi”;

“Merganlik marrasi”;

“Otliq marafon”;

“Qurolsoz usta”;

“Xavfsiz muhit”;

“Muhandislik formulasi”;

“Xavfsiz marshrut”;

“Qutb yulduzi”;

“Qoʻshinlar razvedka aʼlochisi”.

Shuningdek, murosasiz kechgan bellashuvlar davomida bronza medalini qoʻlga kiritgan jamoalarimiz bilan ham tanishing:

“Avtozirxli tank-texnika ustasi”;

“Ishonchli qabul”;

“Yoʻl patruli”;

“Sayan yurishi”.

Aytish kerakki, mazkur musoboqalar davomida jamoalar tomonidan jami 37 ta rekord natija qayd etilgan boʻlib, shundan 10 tasi Oʻzbekiston Respublikasi hisobiga yozildi. Xitoy Xalq Respublikasi 6 ta, Belarus va Hindiston respublikalari hisobida esa 2 tadan.

Xususan, “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasida vakillarimiz 3 ta rekord natijalarini yangiladi.

Qizgʻin va murosasiz kechgan “Elbrus halqasi” musobaqasida ham yurtdoshlarimiz mamlakatimiz shaʼnini munosib himoya qildi. Jumladan, kichik serjantlar Sanjar Toʻqliyev, Abdumuxtor Abdugʻaniyev va Azimjon Ibragimovlar “Togʻ toʻsiqlar yoʻlagi” shartini 12 daqiqa 58 soniyada bajarib, rekord natija koʻrsatgan boʻlsa, “Muzli hududdan oʻtish” shartini ado etishda ham jamoamiz peshqadamlik qildi. Oʻgʻlonlarimiz mazkur vazifani 11 daqiqa-yu 37 soniyada uddalab, rekordlar seriyasini davom ettirdi.

“Sodiq doʻst” jamoasida serjant Ulugʻbek Nurillayev “300 metrlik toʻsiqlarni xizmat itlari bilan oʻtish” shartida 1 daqiqa 13 soniya bilan bosib oʻtib, tengsiz ekanini amalda namoyon etdi hamda rekord oʻrnatdi.

“Merganlar marrasi” musoboqasining “Yakka sinov” bellashuvida kichik serjant Fazliddin Qirgʻizov “Moʻljalga olish nuqtasini oʻzgartirib otish” mashqini 15 daqiqa-yu 6 soniyaga bajarib, yangi rekord natija koʻrsatdi.

Yurtdoshlarimizning bu kabi yutuqlarini koʻrib, bugun milliy armiyamizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohatlar oʻz samarasini berayotganiga amin boʻlamiz. Xalqaro maydonda yurt shaʼnini munosib himoya qilib, mamlakatimiz bayrogʻini baland koʻtargan oʻgʻlonlarimiz bildirilgan ishonchni toʻla oqlashdi. Ular erishgan bu yutuq chinakam tarixiy natijadir. Rekordlar ketma-ketligi, medallar shodasi istiqlolimizning 30 yilligiga munosib tuhfa boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?