AQSHda boʻlib oʻtayotgan “International Folk Art Market” Xalqaro xalq sanʼati yarmarkasida Buxoro viloyati delegatsiyasi qatnashmoqda

12:56 12 Iyul 2022 Jamiyat
833 0

Joriy yilning 6-10-iyul kunlari AQSHning Nyu Mexiko shtati Santa Fe shahrida boʻlib oʻtayotgan “International Folk Art Market” Xalqaro xalq sanʼati yarmarkasida Buxoro viloyati delegatsiyasi qatnashmoqda.

Buxoro delegatsiyasini Santa Fe meri (hokimi) Alan Veber va Oʻzbekistonning Amerikadagi faxriy konsuli Kerol Robertson Lopes kutib oldi.

Santa Fe hokimi Alan Veber tomonidan AQSHdagi turizm sohasida faoliyat yuritib kelayotgan soha vakillari; madaniyat,sport, muzeylar rahbarlari va mehmonxona egalari, ishtirokida Buxoro va Santa Fe oʻrtasidagi birodarlashuv sharafiga rasmiy, biznes-ziyofat tashkil etildi.

Buxoro delegatsiyasining AQSHdagi tashrifi davomida, Santa Fedagi Madaniyat ishlari departamenti bilan hamkorlikda muzey va galereyalar bilan yaqindan tanishish va Buxoroda Santa Fe tajribasini joriy etish imkoniyatlarini oʻrganib chiqish borasida va Santa Fe turizm departamenti rahbari Rendi Rendall bilan uchrashuvlar, Buxoro va Santa Fe oʻrtasida turizm, madaniyat, hunarmandchilik, muzeylar va sport yoʻnalishida memorandumlar imzolanishi kutilmoqda.

Buxoro va Santa Fe shaharlari oʻrtasida birodarlashuvga kelishishning ilk qadamlari haqida bu ishning boshida turgan, Oʻzbekistonning Amerikadagi Faxriy Konsuli Kerol Robertson Lopesdan soʻraganimizda, u quyidagilarni aytdi:

«Uzoq 80- yillarda, AQSH va SSSR oʻrtasida sovuq urush yumshab, bu ikki davlat aloqalari yangi bosqichga koʻtarilganda, AQSHning OPEN WORLD jamiyati tomonidan Buxoro va Santa Fe shaharlarining oʻxshash tomonlari koʻpligi oʻrganib chiqilib, birodarlashuv taklifi ilgari surilgan.

Bu taklif Sovet hukumati tomonidan qoʻllab quvvatlanganicha qolib ketgan.

Mustaqilligimizdan soʻng, Santa Fe tomoni rasmiy aloqalarni yangi bosqichga koʻtarish uchun bir necha marotaba tashrif buyurgan. Ammo, Buxoro tomonidan faqatgina hunarmand jamoalari Santa Fe shahrida har yil oʻtkaziladigan “International Folk Art Market” festivaliga yakka tartibda norasmiy qatnashib kelgan, xolos.

Santa Fe tomoni Buxoroga oxirgi 10 yil davomida deyarli har yil rasmiy tashrif uyushtirib, har safar Buxoro shahar delegatsiyasini Santa Fega taklif qilib kelgan.

Bundan maqsad, ikki shahar birodarlashuvi doirasida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, ularning turistik imkoniyatlaridan toʻlaqonli foydalanish, taʼlim yoʻnalishlari va hunarmandlar oʻrtasida doimiy tajriba almashinuvlarni yoʻlga qoʻyish, investitsion loyihalar va xalqaro grantlar ustida birgalikda samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻlgan.

Ayni takliflarni yaqindan oʻrganish, ikki shahar orasidagi aloqalarni jonlantirish va kelgusida koʻzda tutilgan tashriflarni tayyorlash, Santa Fe shahrida har yil oʻtkaziladigan “International Folk Art Market” festivalida munosib ishtirok etish maqsadida, Buxoro viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi xodimlari va taniqli hunarmandlardan iborat guruh AQSHning Santa Fe shahrida boʻlib turishibdi».

Tashrif davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?