AQSH tarixidagi eng keksa prezident Jozef Bayden haqida qiziqarli maʼlumotlar

Bugun AQSHda 46-prezident Jozef (Jo) Baydenning inauguratsiyasi boʻlib oʻtdi. Vashingtonda tashkil etilgan tadbirda koronavirus pandemiyasi va xavfsizlik tufayli amerikaliklar qatnasha olmadi.
Jo Bayden ayni paytda 78 yoshda va u eng keksa prezident sifatida AQSH tarixiga kirmoqda. Aslida, Baydenda oldin ham AQSH rahbari sifatida saylanish imkoniyati boʻlgan. Ammo taqdirning turli zarbalari bunga izn bermagan...
Xoʻsh Jo Bayden kim? Quyida shu haqda...
Jozef (Jo) Bayden

Jozef (Jo) Bayden (toʻliq ismi Jozef Robinet Bayden kichik) 1942-yil 20-noyabrda AQSHning Pensilvaniya shtati, Skranton shahrida tugʻilgan. 1952-yilda u oilasi bilan Delaver shtatiga koʻchib oʻtgan.
Jozef Bayden dastlab Uilmington shahridagi Avliyo Yelena maktabida va keyinroq xususiy maktabda oʻqigan. Shundan soʻng tahsilni Delaver shtati «Archmer Academiya»sida davom ettirgan.
1965-yilda Delaver universitetining tarix va siyosiy fanlar bakalavriati darajasida tamomlagan.
1968-yilda Nyu-York shtatidagi Sirakuza universiteti yuridik fakultetini yuridik fanlari doktori darajasida tugatgan.
1969-1972-yillarda u Delaver shtatida Uilmington shahridagi jamoat himoyachisi idorasida advokat boʻlib ishlagan. Keyin oʻzining yuridik firmasini tashkil qilgan. Ayni shu yillarda Nyu-Kasl okrugining mahalliy kengashi aʼzosi boʻlgan.
Xotini, qizi va oʻgʻlining oʻlimi

Jo Bayden birinchi turmush oʻrtogʻi va ikki farzandini tuproqqa qoʻygan.
1972-yil Bayden Sirakuza universitetining huquqshunoslik fakultetini bitirgan va 29 yoshda edi. U oʻsha yili tajribali respublikachi Jeyms Kaleb Boggs bilan Delaver shtatidan senatorlikka daʼvogarlik qilayotgan payt edi.
Saylovoldi byudjetining juda kamligiga qaramay, u saylovlarda gʻolib chiqadi. Biroq oradan bir necha hafta oʻtgach yosh siyosatchining hayotini abadiy oʻzgartirgan fojia yuz berdi: uning rafiqasi Nelia va bir yoshli qizi Naomi avtohalokatda halok boʻldi. Oʻgʻillari Bo va Xanter jiddiy jarohat oldi.
Avvaliga Bayden senatorlikdan ketmoqchi boʻladi. Ammo uni bunday qilmaslikka kundirishgan. U oʻgʻillari yotgan kasalxonada senatorlik qasamyodini qabul qiladi. Yosh senator har kuni Delaverdan Vashingtonga, Vashingtondan Delaverga poyezdda qatnaydi. Bolalariga gʻamxoʻrlik qilish uchun singlisi Valeriya uning uyiga koʻchib kelgan va 1977-yilgacha birga yashagan. Keyin Bayden hozirgi rafiqasi Jil Jeykobsga uylangan. Ularning bir qizi (Eshli Bayden) bor.
Hayotning ogʻir sinovlari Baydenni taʼqib qilishda davom etdi. 2015-yilda u prezident Baraka Obama maʼmuriyatida vitse-prezidenti boʻlib ishlagan vaqtda toʻngʻich oʻgʻli Bo Bayden miya saratonidan vafot etadi. Ushbu ayriliq sabab Bayden 2016-yilgi prezidentlik saylovlarida nomzodini qoʻyish fikridan qaytgan.

Ogʻir xastalik
1988-yilda Baydenga miya tomirlari anevrizmasi tashxisi qoʻyilib, ogʻir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan hamda shoshilinch operatsiya qilingan. Oradan yetti oy oʻtgach u Senatga qaytishga muvaffaq boʻldi.
“Sekin Jo”ning vaqti keldi
Shunga qaramay toʻrt yil oʻtib Bayden baribir AQSH prezidentligiga saylandi.
“Demokratlarning yosh nomzodlar boʻlsa-da, tajribali siyosatchini tanlaganligi ajablanarli emas”, deydi Missuri universiteti professori Mitchell Makkinni.
U Baydenni aqli raso, izchil va sezgir siyosatchi — raqibini “Sekin Jo” deb atashni yoqtirgan Trampning mutlaqo teskarisi, deb hisoblaydi.
Bayden hamkasblari bilan hatto qarashlari bir-biriga toʻgʻri kelmasa ham yaxshi munosabatda boʻlishi bilan mashhur.
“U Kongressda uzoq vaqt ishlagan va hamma bilan qanday qilib til topishni biladi. Vashingtonda haqiqatan ham Jo Baydenni yoqtirmaydigan odamni topish qiyin. U koʻp yillardan beri Kongressda respublikachilar bilan juda muvaffaqiyatli, doʻstona ish olib bordi”, deydi Texas universiteti professori, siyosatshunos Bryus Byukenen.
Shu bois baʼzi respublikachi senatorlar Bayden prezidentlikka saylansa u bilan ishlashga tayyor ekanliklarini saylovlar oldidan bildirishgan edi.
Jozef Bayden va koronavirus

Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri Jozef Bayden mamlakat aholisiga koʻp marotaba murojaat qildi. Koʻp hollarda u marhumlarning oila aʼzolariga va qarindoshlariga hamdardlik ham bildirdi (Bugungi kunga kelib AQSHda 225 ming nafardan ortiq odam “Covid-19” asoratlaridan hayotdan koʻz yumgan). Baydenning ushbu mavzu boʻyicha bayonotlari Donald Trampning qarashlariga mutlaqo zid. Masalan, Tramp koronavirus bilan yuqtirib, davolanib kelganidan soʻng amerikaliklarga bu kasallikdan qoʻrqmaslik kerakligini aytdi.
Bayden esa har doim niqob taqishga, ijtimoiy masofani saqlashga va yuqtirish xavfini jiddiy qabul qilishga undab keldi.
Bayden davlat rahbari sifatida faoliyat boshlashining birinchi kunidanoq koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash rejasini, shu jumladan, niqob taqish rejimini keng joriy etishni vaʼda qilgandi.
Gʻalati tashxis
Jo Baydenning tanqidchilariga uning yoshi va sogʻligʻida muammolar borligi haqida tez-tez gapirib turadi. Xususan, 78 yoshli siyosatchi baʼzan omma oldida nutq soʻzlayotganda noaniq soʻzlar yoki gʻalati bayonotlar berishi haqida eslatishadi. Masalan, 2020-yil mart oyida Los-Anjelesdagi saylovchilar bilan uchrashuvda Bayden opasi Valeriyani tanishtira turib yonida turgan xotiniga ishora qiladi. Bu kabi hodisalarni raqiblari unda qarilik demansiyasi rivojlanishi, deya taxmin qiladi. Lekin bu rasman tasdiqlanmagan.
Baydenning maqsadi
Jo Bayden qarama-qarshiliklar bilan parchalanib ketgan Amerikani birlashtirmoqchi.
“Agar siz meni prezidentlikka ishonib saylasangiz, men bizda faqat yaxshi boʻlishiga hissa qoʻshaman. Men zulmatning emas, yorugʻlikning ittifoqchisi boʻlaman”, degan edi u 2020-yilning 20-avgust kuni saylovchilar bilan uchrashuvda.
“Barchamiz birlashish vaqti keldi”, deya qoʻshimcha qildi siyosatchi va unga ovoz bermaganlarning manfaati uchun ham astoydil ishlashga vaʼda berdi.

Bayden millionlab yangi ish oʻrinlarini yaratishga vaʼda qilmoqda va buning uchun zarur sarmoyani Donald Tramp tomonidan taʼsis etilgan boylar uchun soliq imtiyozlarini bekor qilishdan olish mumkinligini aytgan. Shuningdek, u iqlim muhofazasi masalasiga alohida eʼtibor qaratmoqchi. Tramp bir necha bor global isish inson faoliyati tufayli kelib chiqishiga shubha bildirgan boʻlsada, Bayden 2050-yilga kelib AQSHning qayta tiklanadigan energiyaga toʻliq oʻtishiga erishmoqchi.
Xullas, hozircha shular... Uning siyosiy faoliyati qanday davom etadi, buni vaqt koʻrsatadi.
Fazliddin ABILOV, tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring