“Aqlli qonunlar”. Ular qanday qonunlar?

18:48 16 Iyul 2018 Jamiyat
1875 0
Foto: mlroubaix.com

Toshkent shahrida “Siyosiy tizimni demokratlashtirish va modernizatsiya qilish sharoitlarida qonun ijodkorligi hamda parlament nazorati: O‘zbekiston tajribasi” mavzuida xalqaro anjuman o‘z ishini boshladi.

Unda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari va xorijiy ekspertlar ishtirok etmoqda.

Xalqaro davra suhbatida qatnashchilar mamlakatimizda qonun ijodkorligi faoliyatini demokratlashtirish borasida qilinayotgan ishlar, jumladan, Harakatlar strategiyasi doirasida olib borilayotgan siyosiy islohotlar bilan tanishtirildi.

Ta’kidlandiki, deputatlar va senatorlar ijro etuvchi hokimiyat organlari hal etishi lozim bo‘lgan aniq masalalarni ko‘ndalang qo‘ymoqda. Respublika miqyosidagi muammolar parlament nazoratining deputat so‘rovi, parlament so‘rovi, parlament eshituvi, hukumat soati kabi turli shakllari orqali hal qilinmoqda. Qonunosti hujjatlarni o‘zgartirish, tarmoqlarga va mintaqalarga taalluqli aniq muammolarni hal etish uchun hukumatga takliflar kiritish yo‘lga qo‘yilgan.

“Aqlli uy”, “aqlli texnika” haqida eshitganmiz, ammo tadbir ishtirokchilari “aqlli qonunlar” xususida ham to‘xtalib o‘tishdi. Izohlanishicha, jamiyatning har a’zosi huquqlarini ta’minlaydigan, samarali ijro uchun qo‘shimcha qonunosti hujjatlarni talab etmaydigan, avvalo, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan qonunlar ana shunday tariflanadi.

Milliy qonunchiligimizni ham xuddi shu mezonlar asosida rivojlantirish, buning uchun zarur bo‘ladigan xalqaro tajribani o‘rganish, parlament nazoratining shakllari va uslublarini amalga oshirishida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, eng muhimi, qonun ijodkorligi jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini yanada kengaytirish istiqboldagi vazifalar sifatida aytib o‘tildi.

“Bugungi kunda butun dunyo, jumladan, Germaniyada ham O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan islohotlar katta qiziqish bilan kuzatilmoqda. Bu yangilanishlar barcha sohalarni qamrab olyapti va o‘suvchi dinamika bilan davom ettirilyapti. Ayniqsa, davlat hokimiyati boshqaruv tizimi isloh qilinyapti, hayotiy qonunlar qabul qilinadigan parlament sohasi yangilanmoqda. Chunki parlament hokimiyatlar kesimida eng muhim institutsional tarkibiy qism hisoblanadi. Uning hukumat faoliyati ustidan samarali nazorat faoliyatini yo‘lga qo‘yishi bu islohotlarning amaliy ijrosini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega”, - deydi Konrad Adenauer nomidagi fondning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatli vakili Tomas Kunse.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?