Andijonda tibbiyot infratuzilmasi yangilanmoqda

11:06 07 Yanvar 2026 Jamiyat
231 0

Mamlakatimizda tibbiyot sohasini rivojlantirish, avvalo, sogʻliqni saqlash muassasalarida yetarli va zamonaviy shart-sharoit yaratish bilan chambarchas bogʻliq. Ayniqsa, aholiga xizmat koʻrsatayotgan tibbiyot binolarining soha talablariga toʻliq javob berishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois Andijon viloyatida sogʻliqni saqlash tizimiga yoʻnaltirilgan qurilish va rekonstruksiya ishlarini izchil amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, 2025-yil davomida viloyatda tibbiyot sohasida 130 milliard soʻmlik qurilish va taʼmirlash ishlari bajarildi.

— Xususan, Baliqchi tumani tibbiyot birlashmasining markaziy shifoxonasi qabulxona boʻlimi, Buloqboshi tumani tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar va favqulodda tibbiy yordam boʻlimlari, Andijon shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 6-sonli oilaviy poliklinika, shuningdek, Andijon va Marhamat tumanlari tibbiyot birlashmalarining yuqumli kasalliklar boʻlimlari binolarida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, foydalanishga topshirildi, — deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Shoxruhmirzo Mamajonov.

Uning taʼkidlashicha, mazkur obyektlar tibbiy xizmat koʻrsatishning zamonaviy talablariga mos holda qayta jihozlandi. Shuningdek, viloyatdagi davolash-profilaktika muassasalarida mavjud 53 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi kapital taʼmirdan chiqarildi. Ushbu ishlar uchun mahalliy byudjetdan 17 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, tibbiyot muassasalarida sanitariya va infratuzilma holati sezilarli darajada yaxshilandi.

Bu ishlar aholi uchun tibbiy xizmat koʻrsatish shart-sharoitlarini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik loyihalari tibbiyot sohasining barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер