Andijonda chiqindilarni toʻkishni nazorat qiluvchi kameralar oʻrnatilmoqda

12:42 08 Sentyabr 2023 Jamiyat
393 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Andijon viloyatida belgilanmagan joylarga maishiy chiqindilarni toʻkish holatlarining oldini olish, atrof-muhit musaffoligini taʼminlash maqsadida 360 gradusli kameralar oʻrnatilmoqda. Hozircha viloyat markazining 12 ta hududida sinov tariqasida oʻrnatilgan nazorat vositalari tomonidan kunida oʻndan ziyod huquqbuzarliklar qayd etilmoqda. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining Andijon viloyati boshqarmasida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

— Bugungi kunda aholiga xizmat koʻrsatish sifati ancha yaxshilangan, — deydi boshqarma boshligʻi Azizbek Akbarov. — Avvallari chiqindilarni olib ketuvchi transport vositalari mahallalarga haftada bir marta borgan boʻlsa, endilikda chiqindilar har kuni yigʻib olinyapti. Qolaversa, “Signal bekati” uslubini joriy etdik. Bunda aholi istagan paytida maishiy chiqindilarni olib ketish uchun maxsus transport vositalarini chaqirtirish imkoni mavjud. Bu esa chiqindilar toʻplanib qolishining oldini olishda qoʻl kelmoqda.

Foto: “Xalq soʻzi”

Anjumanda, shuningdek, bahor va kuz faslida koʻchat ekish mavsumini amalga oshirishda samaradorlikni oshirishga doir loyihalar ham tilga olindi.

— Andijon viloyatida har mavsumda 5 million tupdan ziyod koʻchat oʻtqaziladi, — deydi boshqarma boshligʻi mavzu yuzasidan fikr yuritar ekan. — Tan olish kerak, ularning barchasi ham tutib ketmaydi. Bunga oʻz vaqtida yetarli eʼtibor bermaslik yoki duch kelgan joyga koʻchat ekish kabi amallar sabab boʻlardi. Bu yildan boshlab, songa emas, sifatga ishlaymiz. Koʻchat ekish mumkin boʻlgan maydon oldindan oʻrganib chiqiladi, sugʻorish va boshqa parvarishlash uchun qulay joy tanlab olinadi. Har bir koʻchat alohida eʼtiborga olinib, uch yil davomida masʼul ishchilar tomonidan qatʼiy nazorat qilinadi. Qogʻozda bor, qatorda yoʻq, qabilida ishlash tizimiga chek qoʻyib, amaliy ishlarimiz samaradorligini oshiramiz.

Ortda qolgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlarga oid maʼlumotlarda bildirilishicha, shu kungacha ekologik tartib-qoidalarni buzishga doir 1842 ta holat qayd etildi. Natijada 882 nafar fuqaro 937 mln. 237 ming soʻm miqdorida jarimaga tortildi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?