Andijon viloyatida 46,1 gektar yer noqonuniy oʻzlashtirilgani aniqlandi

Foto: Arxiv surat
Respublikamizda yerdan qonuniy foydalanish tartiblari ishlab chiqilgan boʻlishiga qaramay, afsuski, bu boradagi salbiy harakatlar davom etmoqda. Misol uchun, Andijon viloyatida yilning oʻtgan davri mobaynida Kadastr agentligining viloyatdagi boshqarmasi tomonidan 500 ta holatda 46,1 gektar yer oʻzboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi.
— Eng koʻp holat qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer bilan bogʻliq boʻlib, bu boradagi koʻrsatkich 38,6 gektarni tashkil etmoqda, — deydi boshqarma boshligʻi Fayoziddin Berdiqulov. — Shuningdek, aholi turar joylari, sanoat, transport, aloqa mudofaasi turlari boʻyicha ham noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilgan.
Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 14,5 gektar yer bilan bogʻliq salbiy harakatlar ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi. Shuningdek, 93 ta holat boʻyicha Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga daʼvo arizasi kiritildi. Toʻplangan hujjatlarning 61 tasida jinoyat alomatlari mavjudligi sababli huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga taqdim etildi.
Bilib-bilmay sodir etilgan bu kabi xatti-harakatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan ogohlantirish xatlari yetkazilgan, qolaversa, ogʻzaki tushuntirish ishlari olib borilayotgan boʻlsada, sodir etgan noqonuniy harakatlaridan tegishli xulosa chiqarmayotganlar ham yoʻq emas.
Izboskan tumanida istiqomat qiluvchi Odiljon Ergashev “Yuqori chuvama” MFYga qarashli N. Joʻrayev nomli massiv hududidan oʻziga biriktirilgan yer maydonining 1 sotix qismiga qurilish ishlarini amalga oshirgan. Buning natijasida ekin maydonidan oʻrinli foydalanish amallari buzilgan. Bir necha bor ogohlantirilishiga qaramay, fuqaro noqonuniy qurilmani buzishni paysalga solib kelmoqda.
Fuqaro Elyorbek Asronov esa Ulugʻnor tumanidagi “Boʻston” MFY “Doʻstlik” massivida 5 gektar yerda baliq boqish uchun hovuzini barpo etdi. Aholini oziq-ovqat mahsuloti bilan taʼminlashda bu yaxshi loyiha, albatta! Biroq, tadbirkorlik noqonuniy yoʻl bilan faoliyat koʻrsatish degani emas. Ekin maydoni oʻrniga noqonuniy qurilmani amalga oshirgan fuqaro endilikda qilmishi uchun javob berishiga toʻgʻri keladi.
Ayni kunlarda ushbu holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring