Amirning ushalmagan armoni

12:20 19 Sentyabr 2024 Jamiyat
2774 0

XX asrda, aniqrogʻi, Sovet hokimiyati yillarida adolatsiz siyosat, inqilob, toʻntarishlar va qatagʻonlar tufayli koʻplab yurtdoshlarimiz koʻzda yosh, yurakda cheksiz alam va oʻkinch bilan ona-Vatandan ayro tushdi. Achchiq taqdir ular peshonasiga vatangadolik azob-uqubat va mashaqqatlarini bitdi. Oʻzbekistonni oʻtgan asrning 30-yillarida 8 yoshligida tark etgan, bir umr Saudiya Arabistonida yashagan Moʻminjon Andijoniy vataniga yoʻllagan maktublaridan birida:

Gʻurbatda agar yetsa oʻlim gul badanimga,

Qabrimni qazib nashimni yulsa, kafanimga,

Tobutim yuksak yera bir lahza qoʻyinglar,

Shoyad yetishur boʻyi Vatan bu jasadimgʻa

degan misralarni bejiz bitmagan.

Vatanning bir kaft tuprogʻini koʻziga surtish armonida dunyoni tark etgan millatdoshlarimiz xorijda kambagʻal yashamadi. Ular salohiyat, ilm, aql-idrok, chidam va iroda, mehnatsevarlik, halollik tufayli oʻzga ellarda ham toʻq va farovon umr kechirdi. Muhojir oʻzbeklarning keksa avlodi vakillari bilan muloqotlar chogʻida “Oramizda gado va qashshoqlar, bizga sadaqa qiling, yaxshilar” deb yuruvchi birorta ham tilanchi yoʻq. Biz faqat Vatan gadosimiz” degan soʻzlarni eshitganim bor.

Vatangadolik taqdiri Buxoroning soʻnggi amiri Sayid Olimxonni ham chetlab oʻtmadi. Amir bolsheviklar va Qizil Armiya qismlari bilan murosasiz janglarda yengildi. 1921-yil mart oyida bir qator amaldor va ayonlari bilan qoʻshni Afgʻoniston hududiga muhojirlikka oʻtdi.

Sovet mafkurasi asosida yozilgan kitob va adabiyotlarda Amir Olimxon 23-yil davomida (1921-1944 yy) gado va qashshoqlikda yashadi. Unga tuzalmas kasallik yopishdi. Umrining oxirida “vos-vos” kasaliga duchor boʻlib, aqldan ozdi. Xor-zorlikda bu dunyoni tark etdi qabilidagi tarix haqiqatidan yiroq uydirmalarni oʻqish mumkin.

Aslida afgʻon zaminida Amir Olimxon kambagʻal va qashshoq boʻlib qolmagan edi. U amirlikning tillarda doston xazinasidan Afgʻonistonga olib oʻtgan oltin, kumush, gavhar va brilliantlar hisobidan oʻsha davrda savdo aylanmasi 1 million oltin soʻm boʻlgan zargarlik doʻkoni ochgandi. Amirni izlab keyinchalik Qobulga yetib kelgan ayonlaridan biri Hoji Mirzo devonbegi Buxoro amirligi xazinasida saqlangan, oltin va javharlar bilan bezatilgan qimmatbaho tojlarni Sayid Olimxonga keltirib topshirgani ham maʼlum. Bu kabi oltin tojlarga Amir Olimxon Qobulda yashagan Fatuh bogʻiga oʻxshagan shinam maskanlarning oʻntasini sotib olish mumkin edi. Amirning vakili Toʻraqul dallol tomonidan Peshovar bankiga qoʻyilgan pullarning bir qismi ham uning hisobiga oʻtgandi. 1928-yilda Amir Shveysariya bankidagi pullarini olishga uringani, oʻz vakilini Jenevaga yuborganligi ham maʼlum.

Xullas, Sayid Olimxon Sovet davri adabiyotlarida yozilganidek, muhojirlikda qashshoq va gado boʻlib qolgan emas.

Biroq uning Buxoroi sharifni, ajdodlardan meros Vatanni sogʻinib, ona-yurt havosidan loaqal bir marta toʻyib nafas olish umidi bilan yashagani ayni haqiqat.

Amir Sovet hokimiyati poydevori moʻrt davlat, koʻp oʻtmay qulaydi. Vatanga qaytadigan kun keladi, degan umid va ishonch bilan umrguzaronlik qilgan. Hatto, oxirgi nafasigacha, buxorocha libosini yechmay, davralarda, toʻy-hashamlarda, bayramlarda milliy kiyimda yurgan. Afgʻonistonda 1919–1928-yillarda hukmronlik qilgan Amir Omonulloxon afgʻonlarning mustaqillik bayrami (Joʻshon)ga amirni taklif etganida u buxorocha kiyimda borgan. Afgʻonlar undan yevropacha kiyinib kelishni soʻrashgan. Bunday taklifdan achchiqlangan amir qayta-qayta taklif qilishlariga qaramay keyin Joʻshon bayrami tadbirlarida ishtirok etmagan.

Amir Olimxon umrining soʻnggi yillarida Vatan sogʻinchi suyak-suyagidan oʻtgan. Biz bunga oʻz vaqtida afgʻonistonlik keksalar bilan muloqotlar davomida amin boʻlgandik. Xotiralarda aytilishicha, Amir vatani va uch farzandi – Sultonmurod, Shomurod, Rayimni sogʻinib koʻziga yosh olib turgan.

Aytmoqchi, Amirning Afgʻoniston poytaxti Qobulda turli xotinlaridan 16 oʻgʻil va 21 nafar qiz, jami 37 farzandi dunyoga kelgan. 1931-yilda tavallud topgan oʻgʻillaridan biri Sayid Mansur Olimiy oʻzining “Buxoro–Turkiston beshigi” nomli kitobida otasi umrining oxirida vatangadolik degan bedavo dardga duchor boʻlganligini qayd etgan. Amir koʻzlari ojiz boʻlib qolsada, oʻgʻillaridan Amudaryo boʻyiga olib borishlarini soʻragan. Oʻsha yerdan turib, qoʻl yetmas manzil – ona-yurt tomon uzoq vaqt termulib turishni xush koʻrgan. Vafotidan oldin Buxoroi sharifning shirin-shakar mevalarini sogʻinib, Gʻurbin anorini koʻp eslaydigan boʻlib qolgan.

U 1943-yilning kuzida (oʻlimidan biroz oldin) Afgʻoniston davlatining bosh vaziri Ahmadshoh qabulida boʻlgan. Oʻshanda u vazirga “Afgʻonistonga kelganimga 23-yil boʻldi. Shu davr ichida koʻp gʻurbat va musibatlarni boshimdan kechirdim. Lekin Vatan yodi bir muddat ham qalbimni tark etmadi. Vatan yodi bilan yashadim. Vatan yodi bilan oʻlaman” — degan ekan.

Buxoro amiri Sayid Olimxon Sovet hokimiyatiga mutasaddilaridan Vatanga qaytarishni soʻrab bir necha bor murojaat qilgan. Afgʻonistondagi ayrim oʻzbek muhojirlari Buxoro amirligi hududidan oʻziga bitta viloyat ajratib berishlarini soʻraganligini ham aytishadi. Ammo I.V.Stalin (1878-1954) uning barcha murojaatlarini eʼtiborsiz qoldirgan.

Xullas, Amir Sayid Olimxon muhojirlikda bir umr Vatan mehri bilan yashadi, uning peshanasiga Vatan deya Vatansiz qolganlar qismati bitildi.

Shodmon HAYITOV,

Buxoro davlat universiteti oʻqituvchisi,

tarix fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?