Alvido, eski olam muzlatkichlari! Olimlar ekologik toza magnit issiqlik nasosini yaratishdi

10:42 18 Dekabr 2024 Ilm-fan
210 0

Amerika Qoʻshma Shtatlarining Ames Milliy laboratoriyasi olimlari ekologik xavfsiz magnitokalorik issiqlik nasosini ishlab chiqishdi. Ushbu texnologiya anʼanaviy sovutgichlardan foydalanadigan issiqlik nasoslariga raqobatchi boʻlib, uning vazni, tannarxi va ishlash samaradorligi deyarli bir xil. Eng muhimi, yangi uskunada zararli sovituvchi moddalar qoʻllanilmaydi, bu esa tabiatga zarar yetkazishni kamaytiradi.

Magnitokalorik issiqlik nasoslari sovitish va isitishda samaraliroq va toza yechim taklif qiladi. Anʼanaviy issiqlik nasoslarida ishlatiladigan sovituvchi moddalar atmosferaga chiqib ketganda atrof-muhit va inson salomatligiga katta xavf tugʻdiradi. Yangi texnologiyaning rivojlanishi esa, bu muammolarni bartaraf etishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.

Tadqiqotchilar guruhi rahbari Juli Sloter oʻzlarining tadqiqotlari bosqichma-bosqich qanday oʻtgani haqida gapirib berdi. “Dastlab biz mavjud magnitokalorik qurilmalarni oʻrgandik va ularni kompressorlar bilan taqqosladik. Keyin texnologiyani yanada samarali qilish yoʻllarini izladik”, — dedi u.

Magnitokalorik issiqlik nasosi magnit maydon oʻzgarganda issiqlikni uzatish orqali ishlaydi. Asosiy mexanizm doimiy magnitlar, magnitokalorik material va magnit poʻlatni oʻz ichiga oladi. Ularning oʻzaro joylashuvi va samarali ishlashi nasosning quvvat zichligini oshirishda katta rol oʻynaydi.

Tadqiqotchilar samaradorlikni oshirish uchun gadoliniy va lantan-temir-kremniy gidrid kabi keng qoʻllaniladigan materiallarni tahlil qilishdi. “Gadoliniy oddiyroq va koʻproq qoʻllaniladi, lekin lantan asosidagi materiallar yuqori quvvatni taʼminlaydi”, — deydi Sloter.

Juli Sloter jamoasi doimiy magnit va magnit poʻlatning miqdorini kamaytirib, ogʻirlik va tannarxni pastlashtirishga erishdi. Bu esa, texnologiyani mavjud kompressorlar bilan teng darajada samarali va arzon qiladi. “Bizning qurilmamizning ogʻirligi va quvvati bozorda mavjud kompressorlarga teng boʻldi” — deydi u.

Yangi texnologiya masshtabli ishlab chiqarishda ancha raqobatbardosh boʻlishi kutilmoqda. Olimlarning soʻzlariga koʻra, magnitokalorik issiqlik nasoslari kelajakda sovitish va isitish tizimlarini toʻliq oʻzgartirishi mumkin. Bu esa global isish bilan kurashish va energiya tejamkorligiga katta hissa qoʻshadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?