Aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari qoʻllab-quvvatlanadi

20:09 15 May 2023 Siyosat
492 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida deputatlar partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor boʻlgan muhim qonun loyihalarini koʻrib chiqishdi.

Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ijara va lizing munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamalar markazida boʻldi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasida keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasining aniq taʼrifi va uning xususiyatlari, ushbu shartnomaviy munosabatlarda shartnoma obyektini tasarruf etish, garovga qoʻyish va undiruvga qaratishga doir qoidalar nazarda tutilmoqda.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi ijara va lizing munosabatlaridagi qonunbuzilishi holatlarining oldini olishga, shuningdek, ushbu sohada jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy huquqlari kafolatini taʼminlashga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida fraksiya aʼzolari ushbu hujjatning zarurati va ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratdi. Partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, qonun loyihasini yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish boʻyicha bir qator takliflar berishdi. Qizgʻin baxs-munozalardan soʻng, qonun loyihasi fraksiya aʼzolari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Shundan soʻng, fraksiya aʼzolari “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga koʻchma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari faoliyati bilan shugʻullanganlik uchun davlat boji stavkalari miqdorlarini maqbullashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar.

Deputatlar qonun loyihasini koʻrib chiqish chogʻida uning bugungi kunda dolzarbligi, juda zarurligini eʼtiborga olib, uni yanada takomillashtirish boʻyicha asosli takliflar berishdi. Loyihadagi ayrim normalar boʻyicha koʻplab savollar oʻrtaga tashlandi va ularga mutasaddilar tomonidan batafsil javoblar olindi.

— Soʻnggi yillarda telekommunikatsiyalar tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va xizmatlar koʻrsatish faoliyati uchun litsenziya berish tartibi soddalashtirildi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sanjar Hamidullayev. — Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi shubhasiz, uyali aloqa virtual operatori sifatida aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash hamda isteʼmolchilarga zamonaviy uyali aloqa xizmatlarini taqdim etish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Shu sababli qizgʻin bahs-munozaralar, savol-javoblardan soʻng, mazkur hujjat loyihasini maʼqulladik.

Yigʻilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер