Alisher Navoiy va Sharq Renessansi

00:01 10 Fevral 2024 Jamiyat
341 0

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Alisher Navoiy tavalludining 583-yilligi munosabati bilan “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” nomli III xalqaro simpozium boʻlib oʻtdi.

Mazkur tadbir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamkorligida oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Nodirjon Xolboʻtayev, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori Olimjon Davlatov, mazkur universitet rektori Gulchehra Rixsiyeva va boshqalar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida buyuk ajdodlarimiz, ayniqsa, Alisher Navoiy merosini oʻrganish borasidagi ezgu saʼy-harakatlar nainki mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda ham oʻziga xos aks-sado berayotganini taʼkidladi.

Simpoziumda Ozarbayjon Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Husayn Guliyev, Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar va boshqalar Alisher Navoiy turkiy adabiyotda buyuk siymo ekani, alloma shoir oʻz ijodida turkiy xalqlar doʻstligini tarannum etishi bilan birga butun dunyo ahlini hamjihatlikka chorlaganini eʼtirof etdi.

Darhaqiqat, simpoziumning mazkur universitetda oʻtkazilishi ham bejiz emas. Zero, mutafakkir shoir ijodini oʻrganishda Alibek Rustamov, Aziz Qayumov, Suyima Gʻaniyeva va boshqa sharqshunos-navoiyshunos olimlarning zahmatli xizmatlari beqiyos.

Keyingi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan Navoiy merosini oʻrganish va targʻib etish borasidagi ibratli tashabbuslar mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda ham keng quloch yozdi. Oʻzbekistonda Navoiy ijodi, umuman navoiyshunoslikning oʻziga xos, betakror va katta maktabi shakllandi. Navoiy merosiga oid tadqiqotlar olib borish, uning asarlarini chop etish, lugʻat va ilmiy monografiyalar yaratish borasidagi ishlar muntazam olib borilmoqda.

– Alisher Navoiy oʻz asarlari bilan jahon adabiyotiga ham oʻziga xos taʼsir koʻrsatgan, – dedi kiprlik professor Qadir Gulkariyan. – Ushbu anjumanda bu mavzuni shoirning “Muhokamat ul-lugʻatayn” asari orqali tahlil etish imkoniyati yaratildi. Ushbu asar bugungi kunda arab davlatlarida, AQSH, Germaniyada ham tadqiq etilmoqda. Navoiy asaridagi soʻzlarning zamiridagi maʼnolar xazinasini taqqoslab oʻrganish yana koʻplab ilmiy ishlarga mavzu boʻlishi mumkin.

– Navoiyga Oʻzbekistondagidek misli koʻrilmagan yuksak maqomdagi munosabatni dunyoning hech qaysi mamlakatida uchratmadim, – dedi afgʻonistonlik olim Azizullo Orol. – Bu esa mamlakatingizda Navoiy merosi nainki uning tavallud sanasida, balki doimiy eʼtirof etilishi, oʻrganilishi, targʻib etilishining amaliy natijasidir. Alisher Navoiyning buyukligi shundaki, u koʻp asrlar avval yashab, ijod qilgan boʻlsa-da, oʻz asarlarida bizning bugungi muammolarni ham ochib bergan. Shu bilan birga Oʻzbekistonda uning nomi bilan ataluvchi va dunyoda yagona boʻlgan Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilgan. Ayni paytda Oʻzbekistondagi eng yirik viloyatlardan biri Navoiy nomi bilan ataladi. Uning asarlari qayta-qayta nashr etilmoqda. “Istiqlol davri oʻzbek navoiyshunosligi” oʻttiz jildlik majmuaning chop etilishi diqqatga sazovordir.

Xalqaro simpoziumda dunyoning turli mamlakatlarida faoliyat koʻrsatayotgan navoiyshunos olimlar ulugʻ shoir Alisher Navoiy merosini oʻrganish va targʻib etishning kelgusidagi istiqbollarini atroflicha muhokama qildi.
Nazokat USMONOVA,
OʻzA muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?