Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi qay darajada?

11:18 22 Avgust 2024 Jamiyat
81 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Bugungi kunda butun dunyoda yuqumli kasalliklar tarqalishi boʻyicha epidemiologik vaziyat barqaror emas. Shunday murakkab vaziyatda davlatimiz tomonidan milliy emlash taqvimiga asosan 16 yoshgacha boʻlgan bolalarni 13 xildagi kasalliklarga qarshi bepul emlash yoʻlga qoʻyildi.

Ayni jarayonda Fargʻona viloyatining Bagʻdod tumanidagi 230 mingdan ziyod aholi istiqomat qiluvchi 58 ta mahalla fuqaro yigʻinlari, maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlari, tibbiyot muassasalari, dehqon bozori, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, maishiy xizmat koʻrsatish va ishlab chiqarish korxonalarida sanitariya–epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash choralari koʻrilmoqda.

— Bu borada “mahallabay” tizimi boʻyicha har bir hudud kesimida aniq va manzilli ish tashkil etilmoqda, — deydi Bagʻdod tumani sanitariya–epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimi boshligʻi Shohrux Erkinjonov. — Xususan, turli yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida tumandagi 140 dan ortiq ichimlik suvi tarqatish obyektlari suvidan namunalar olinib, kimyoviy, bakteriologik va virusologik tekshirish ishlari olib borildi. Doimiy ravishda tuproq, goʻsht, sut va boshqa kundalik zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari boʻyicha laboratoriya tahlillarini amalga oshirish yoʻlga qoʻyildi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish korxonalarining atmosfera havosiga chiqaradigan chiqindi meʼyori laboratoriya tahlillari asosida nazorat qilinmoqda.

Oʻtgan davrda soha mutaxassislari tomonidan 38 mingdan koʻproq aholi xonadonlari, mahalla hududlarida botulizm, quturish, virusli gepatit, oʻtkir yuqumli ichak kasalliklari, sil, OITS, qizamiq kabi kasalliklarning oldini olish boʻyicha profilaktik tadbirlar oʻtkazildi.

Zamonaviy mezonlar asosida faoliyat olib borishda ushbu yoʻnalishda jahon andozalari darajasida sharoit yaratilgani, moddiy–texnik bazasi mustahkamlangani muhim omil boʻlmoqda. Yaqin yillarda bunday imkoniyatga ega boʻlgan boʻlim mutaxassislari ixtisoslashgan tezkor tibbiy–sanitar brigadalari yordamida har bir murojaat boʻyicha qisqa vaqtda joyiga yetib borish hamda muammoni bartaraf etish borasida yaxshi natijalarga erishmoqda.

Oʻz navbatida, yaqin istiqbolda boʻlim mutaxassislari tomonidan tadbirkorlarga xorijga eksport qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari uchun sanitariya xulosalarini berish maqsadida qoʻshimcha laboratoriya tahlillarini oʻtkazishni joriy qilish maqsadida yangi asbob-uskunalar sotib olish rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер