Aholiga suv adolatli narxda yetkazib berilsa, isrofgarchilik keskin kamayadi
Xalqimizda biror narsa arzon sotib olinsa, uni “suvtekin”ga oldim deyishadi. Aslida bu bepul emas, lekin juda arzon, degan maʼnoni anglatadi. Odamlar ariqlardan bemalol suv ichishgan zamonlarda suv haqiqatan deyarli tekin boʻlgandir, ammo bunday ibora bugungi reallikka mutlaqo mos kelmaydi.
Sababi ichimlik suvi hajmlari ayniqsa, bizning mintaqada juda cheklangan va bu bebaho neʼmatga aholi ehtiyoji ortib borgan sari uning hajmlari kamayib bormoqda. Aholining ichimlik suv taʼminoti juda katta xarajatlarni talab etib, suv tejamkorlik bilan ishlatilsa hamma undan bahramand boʻladi.
Tejamkorlikka birinchi navbatda real tannarxni qoplay oladigan va aholini suvni tejashga undovchi tariflar bilan erishiladi. Masalan, suv taʼminoti yaxshi yoʻlga qoʻyilgan davlatlarda, tejamkorlik aholi madaniyatning ajralmas qismiga aylangan.
Lekin hozirgi suv narxi bilan aholi oʻrtasida tejamkorlik madaniyatini shakllantirib boʻlmaydi. Suv qancha arzon boʻlsa, uni shuncha isrof qilamiz. Bu inson tabiatiga xos fazilat. Faqat bozor narxlarigina odamlarni suvni tejashga undashi, motivatsiya berishi va majbur qilishi mumkin.
Ichimlik suvi ishlab chiqarish va uni aholiga yetkazib berish, jamlash, filtrlash, har soatda laboratoriya tekshiruvlaridan oʻtkazish, minglab kilometrlik quvurlar va nasoslar orqali markazlashgan tarzda tashish singari bir nechta murakkab bosqichlardan oʻtadi. Minglab ishchilar, mutaxassislarning mashaqqatli mehnati evaziga biz xonadonimizda joʻmrakni bir burab, istagancha suvdan foydalanish imkoniga egamiz.
Mamlakatimiz hududida ichimlik suvi taʼminotining 42 foizi yer osti, 58 foizi esa yer usti suv manbalaridan ishlab chiqariladi. “Oʻzsuvtaʼminot” AJ maʼlumotiga koʻra, bugungi kunda 1 m3 ichimlik suvini ishlab chiqarishning oʻrtacha tannarxi 1 681 soʻmni tashkil etadi. Bu koʻrsatkich hududlar imkoniyatlariga qarab turlicha, masalan: Qoraqalpogʻistonda – 3 221 soʻm, Sirdaryo viloyatida – 2 374 soʻm, Toshkent viloyatida – 1 722 soʻm qilib belgilangan.
Savol tugʻilishi mumkin, tannarxning shakllanishiga asosiy ishlab chiqarish xarajatlaridan tashqari yana qanday omillar taʼsir qiladi?
Birinchidan, tariflar soʻnggi 3 yildan buyon oʻzgarmay kelayotgani natijasida oʻrta hisobda 40 foizga oshgan tannarx xarajatlari hisobidan 960 mlrd. soʻm qoplanmasdan qolgan. Bu esa qoʻshimcha qarz xarajatlarini keltirib chiqaradi.
Soʻnggi 3 yilda isteʼmolchilar soni 3,2 mln. nafarga oshgan. Ularga ichimlik suvi yetkazib berish esa yanada koʻproq mehnat va xarajatlarni talab etishi tabiiy. Bundan tashqari, suvni uzoq masofaga yetkazish juda katta elektr energiyasi talab etuvchi nasoslar orqali amalga oshiriladi. Qolaversa, bu yil elektr energiyasi xarajatlari oshganini ham eslab oʻtish lozim.
Bunga muntazam ravishda yuzaga keladigan avariya holatlarini bartaraf etish, tarmoqlarni joriy va mukammal taʼmirlash xarajatlarini ham qoʻshsangiz, suvni narxi qanchalik arzon ekanini anglab yetasiz. Demak, bugun ichimlik suvi taʼminoti tizimida bozor narxlari mexanizmlariga oʻtish vaqti allaqachon yetib kelgan.
Isteʼmol uchun real narxlarda pul toʻlagan odam hech qachon uni isrof qilmaydi, suvdan xoʻjasizlarcha foydalanmaydi. Bu suv taʼminoti tizimidagi korxonalarning iqtisodiy ahvolini yaxshilash, hali suv yetib bormagan hududlarimizda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyat yaratadi.
Bir metr3 ichimlik suv tarif xarajatlarida elektr energiya xarajatlari 27 foizni, mukammal va joriy taʼmirlash xarajatlari 19 foizni, xorijiy moliya tashkilotlaridan jalb etilgan kreditlarni qaytarish xarajatlari 21, ish haqi xarajatlari 29, amortizatsiya va boshqa xarajatlari 4 foizni tashkil etadi. Tannarxning oshishiga qoʻshimcha omillar ham taʼsir qilmoqda.
Aytish joizki, 2022-yildan boshlab foydalanuvchilarga ichimlik suvi tarmoqlarini uy xoʻjaligigacha kiritish va 2023-yil 1-yanvardan boshlab aholiga qiyoslash muddati tugagan suv hisoblagichlarni yangisiga almashtirish “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va hududiy suv taʼminoti korxonalarining mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, buning uchun respublika boʻyicha 902 mlrd. soʻm mablagʻlar talab etiladi. Ushbu mablagʻlar bugungi kungi tarif xarajatlarida koʻzda tutilmagan. Ichimlik va oqova suv inshootlarini qoʻriqlash xizmati toʻlovlari soʻnggi uch yilda 6-marta oshganligi natijasida 18,5 mlrd.soʻm qoʻshimcha toʻlovlar kelib chiqqan.
Masalaning eng oʻylantiradigan tomoni shundaki, bu xarajatlar 3 yil oldin tasdiqlangan amaldagi tariflarda koʻzda tutilmagan. Soha xodimlarining ish haqi miqdorlari esa shu davrda oʻrtacha 1,3 mln.soʻmdan 1,4 mln soʻmga oshirilgan, xolos. Respublika boʻyicha aholiga eng arzon tarif – Toshkent shahrida 1 metr3 suv uchun 400 soʻm, eng qimmat tarif qiymati – Navoiy viloyatida 3 000 soʻmni tashkil etadi.
Umuman olganda, biz har kuni isteʼmol qiladigan ichimlik suvi oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi. Buning uchun katta mehnat va xarajatlar sarf qilinmoqda. Suv narxlarining bozor shartlariga yaqinlashtirilishi, loaqal tannarxni qoplaydigan darajaga yetkazilishini bugun davrning oʻzi taqozo etmoqda. Zero, shundagina aholini ichimlik suv bilan taʼminlash darajasini oshirish yuzasidan istiqbolli loyihalarni hayotga keng joriy etish mumkin boʻladi. Aholiga suv adolatli narxda yetkazib berilsa, uning qadri oshib, isrofgarchilik keskin kamayadi.
Barno MIRZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring