Aholi turmush darajasini oshirish yoʻlida yangi bosqich: Qoʻshrabotda amaliy islohotlar samarasi

Abdulaziz Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Kambagʻallikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish toʻgʻrisida”gi farmon xalqimiz farovonligini taʼminlashda amaliy yoʻnalish sifatida xizmat qilmoqda. Ushbu farmonga muvofiq, 2025-yilda 1 million nafar aholini kambagʻallikdan chiqarish mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining ustuvor vazifasi etib belgilangan. Bu borada barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlar faol ishtirok etmoqda.
Jumladan, Adliya vazirligi ham hududlarda maxsus dastur va chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Shu munosabat bilan adliya vaziri Akbar Toshqulov joriy yilning 3–4-fevral kunlari Qoʻshrabot tumanida boʻlib, vazirlikka biriktirilgan Xonnazar, Mayintepa, Navkat, Doʻstlik va Qiyqim mahallalari aholisi bilan uchrashdi. Uchrashuvlarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, kam taʼminlangan oilalarning huquqiy muammolari oʻrganilib, hududning ichki resurslaridan samarali foydalanish orqali kambagʻallikni qisqartirish masalalari muhokama qilindi.
Ayniqsa, “Mayintepa” mahallasida yangi mahalla binosi qurilishi, tibbiy xizmat sifatini yaxshilash va suv taʼminotini yaxshilash kabi dolzarb masalalar koʻtarilgan edi.
Oradan koʻp oʻtmay, Mayintepa mahallasining yangi mahalla binosi hamda oilaviy poliklinika foydalanishga topshirildi. Tuman markazidan 25–30 kilometr uzoqlikda joylashgan, qir-adirliklardan iborat mazkur hududdagi 3,5 ming nafarga yaqin aholi uchun “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida bunyod etilgan ushbu inshootlar muhim ahamiyat kasb etdi.
Mahalla yonidagi foydalanilmayotgan qishloq vrachlik punkti binosi rekonstruksiya qilinib, u yerda Qoʻshrabot tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 43-sonli Oilaviy poliklinika filiali ish boshladi. Bu tibbiyot maskani bir kunda 50 nafar bemorga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlib, 5 turdagi tibbiy xizmat koʻrsatilishi taʼminlangan.
Binolarning ochilish marosimida adliya vaziri, tuman hokimligi va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, mamlakatimizda aholi turmush darajasini oshirish, kam taʼminlangan oilalarni kambagʻallikdan chiqarish va hududlarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida fikr bildirdi.
Suv tanqisligi Mayintepa mahallasining asosiy muammolaridan biri edi. Bu borada ham amaliy qadam tashlanib, yer osti suv qudugʻi qazildi va foydalanishga topshirildi. Quduqning ishlab chiqarish quvvati kuniga 156 kub metrni tashkil etib, 18 gektar yerni sugʻorish imkonini yaratadi. Bu esa nafaqat uy xoʻjaliklarida suv taʼminotini yaxshilaydi, balki aholiga tomorqalarda ekin ekish va shu orqali daromad topish imkonini ham beradi.
Tadbirda masʼullar suvdan oqilona foydalanish, xususan, tomchilatib sugʻorish texnologiyalari orqali yuqori hosil olish imkoniyatlarini aholiga tushuntirdilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring