Adliya vazirligi tomonidan sunʼiy intellektga asoslangan “Odil” chat-boti ishga tushirildi

Adliya vazirligi tomonidan fuqarolarga davlat xizmatlari boʻyicha tezkor va qulay maʼlumot taqdim etish maqsadida sunʼiy intellektga asoslangan “Odil” chat-boti yaratildi. “Telegram” messenjeriga integratsiyalashgan ushbu chat-bot (@Odil_chat_bot) davlat xizmatlari haqidagi maʼlumotlardan foydalanishni soddalashtirish va fuqarolar uchun qulayliklar yaratish uchun ishlab chiqilgan. Mazkur tizimning ishga tushirilishi orqali 1148 ishonch telefoni operatorlari yukini sezilarli darajada kamaytirish va foydalanuvchilarning soʻrovlariga real vaqt rejimida tezkor javob berish imkoniyati yaratiladi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2024-yilda 1148 ishonch telefoni orqali fuqarolardan 135 mingga yaqin qoʻngʻiroq qabul qilingan. Shundan qariyb 128 mingta murojaat yoki 95 foizi yuzasidan mutaxassislar tomonidan huquqiy tushuntirishlar berilgan. “Odil” chat-botining ishga tushirilishi esa ushbu yukni kamaytirib, foydalanuvchilarga yanada qulay va samarali xizmat koʻrsatishni taʼminlaydi.
Chat-bot foydalanuvchilarga turli imkoniyatlarni taqdim etadi. U davlat xizmatlaridan foydalanish tartiblari, talablar va jarayonlar haqida batafsil maʼlumot beradi. Shuningdek, kerakli hujjatlar va arizalarni topishda yordam beradi hamda qaysi masala boʻyicha qayerga murojaat qilish lozimligini tushuntiradi. Bu esa fuqarolarga huquqiy masalalarni tez va oson hal qilishda katta yordam beradi.
Kelajakda “Odil” chat-botining funksional imkoniyatlari va faoliyat doirasini kengaytirish rejalashtirilgan. Bu orqali yanada koʻproq xizmatlarni qamrab olish va foydalanuvchilar uchun qulayliklarni oshirish koʻzda tutilgan. Chat-bot doimiy ravishda takomillashib borishi natijasida fuqarolarning ehtiyojlariga mos ravishda yangi imkoniyatlar yaratilishi kutilmoqda.
“Odil” chat-botining afzalliklari ham koʻzga koʻrinadi. Avvalo, u oson va qulay boʻlib, hujjatlarni varaqlab chiqishga hojat qoldirmaydi — barcha zarur maʼlumotlar bir joyda taqdim etiladi. Shuningdek, tezkor va samarali boʻlib, foydalanuvchilarga kerakli maslahat va javoblarni bir zumda taqdim etadi. Eng asosiysi, chat-bot sunʼiy intellekt asosida ishlagani sababli foydalanuvchilarning fikr va takliflari asosida doimiy ravishda takomillashib boradi.
Shu tariqa, Adliya vazirligi tomonidan yaratilgan “Odil” chat-boti fuqarolarga davlat xizmatlari boʻyicha zarur maʼlumotlarni tez va qulay shaklda olish imkoniyatini yaratib, huquqiy maʼlumotlardan foydalanishni soddalashtiradi. Bu esa davlat xizmatlari tizimining yanada rivojlanishi va fuqarolar uchun qulayliklarni oshirishga xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring