“Adabiyotning mahak toshi”
20-fevral — Matnazar Abdulhakim tugʻilgan kun
Xorazm — qadimiy madaniyat va sanʼat oʻlkasi, maʼrifat oʻchogʻi, sheʼriyat maskanidir. Bu tabarruk zamin ne-ne buyuklarga, isteʼdod sohiblariga beshik boʻlmagan deysiz. Koʻhna voha bugun yana bayram taraddudida.
Hayot yoʻli bilan koʻpchilikka oʻrnak boʻlgan inson, ijodi orqali yuragimizdan chuqur joy egallagan shoir, adabiyotimizda oʻchmas iz qoldirgan Matnazar Abdulhakim tavalludining 75 yilligi Urganch tumanidagi shoir xonadoni peshtoqiga oʻrnatilgan yodgorlik lavhasining ochilish marosimi bilan boshlandi. Shundan soʻng vohaga tashrif buyurgan aziz mehmonlar shoirning ijodxonasini koʻzdan kechirishdi.
Soʻngra viloyat axborot-kutubxona markazida shoir tavalludiga bagʻishlab yaqinda nashrdan chiqqan “Diydor” va “Toʻrtinchi muallim saboqlari” kitoblarining taqdimoti oʻtkazildi.
— Matnazar aka necha yil xastalikdan dard chekkan boʻlsada, hatto umrining oxirgi kunlarida ham xayolida faqat sheʼr, faqat adabiyot va faqat ijodkorlar tashvishi edi. — dedi yozuvchi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Shuhrat Matkarim. — “Men Matnazarga hangoma qilib boʻlsa ham, kimligini aytganman, — dedilar ustoz Abdulla Oripov bir gurungda. — Unga sen adabiyotning mahak toshisan, deganman”. Ustozning gapiga qoʻshimcha qilib, Matnazar aka nafaqat adabiyotning, balki insoniylikning ham mahak toshi edi, degimiz keladi. Zero, xalqimizning ibratli gapi bor: “Olim boʻlish oson, ammo odam boʻlish qiyin”. Matnazar Abdulhakim ulugʻ inson edilar.
Kunning yakunlovchi tadbiri viloyat musiqali drama teatrida boʻlib oʻtdi. Unga adabiyot ixlosmandlari, sheʼriyat muhiblari, shoirning yaqinlari jam boʻldi. Kechada shoirning doʻstlari, yaqinlari, shogirdlari Matnazar Abdulhakimni eslashdi, sanʼatkorlar tomonidan shoir sheʼriga bastalangan qoʻshiqlar yangradi.
Aminmizki, mangulikka daxldor ijodkor Matnazar Abdulhakim bitiklari tildan-tilga, dildan-dilga koʻchaveradi, hamisha qalblarimizda tirik yashaydi. Xuddi shoirning oʻzi aytganidek:
Bizlar oʻlmagaymiz, sizlarning yodlov,
Jon baxsh yetar hatto marhum jonlarga.
Qaytgaymiz, bizlarni yoʻqlagan zahot,
Tirilib muborak xonadonlarga!
Xorun MUSO,
yosh ijodkor, Respublika “Zomin” seminari ishtirokchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring