Abul Muin Nasafiy – jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashgan alloma

15:17 25 Noyabr 2021 Madaniyat
662 0

Davrimizning oʻziga xos murakkabligi shundaki, jaholatga asir kuchlar, razolat botqogʻiga botgan oqimlar oʻz maqsadlariga yetishish yoʻlida muqaddas islom taʼlimotini tamomila teskari talqin etib, uni qurol qilishga intilmoqdalar. Bu oqimlar ilgari surayotgan yolgʻon aqidalar, asossiz daʼvolarga qarshi kurashish kuchli dalillangan ilmiy xulosa, raddiyalar bitilgan manbalarni talab qiladi. Aynan bunga javobni Abul Muin Nasafiy kabi allomalar ilmiy merosidan topamiz.

Shu maʼnoda aqida ilmining buyuk namoyandalaridan biri, islom dini sofligini saqlash qaratilgan koʻplab ilmiy asarlar muallifi Abul Muin Nasafiy bobomiz ilmiy-maʼnaviy merosini tadqiq etish, asarlaridagi bugungi kun uchun dolzarb boʻlgan hikmatlarni yosh avlodga yetkazish dolzarb ahamiyatga ega.

XI asrda yashab ijod qilgan bu ulugʻ mutafakkir oʻz davrida paydo boʻlgan aqidaparast oqimlarga qarshi asarlar yozgan, sogʻlom eʼtiqod borasida tinmay izlanishlar olib borgan va, muxtasar qilib aytganda, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashganligi  tarixdan maʼlum. Lekin, tan olish kerak, uzoq yillar ul zot ilmiy merosi ham, qadamjosi ham eʼtibordan chetda qolib kelayotgan edi.

Prezidentimiz  Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 24-25-fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Abul Muin Nasafiy maqbarasini ziyorat qilar ekan, ushbu maskanni obod ziyoratgohga aylantirish, kutubxona tashkil etish, buyuk olim asarlarini tarjima qilib, xalqimizga yetkazish boʻyicha tavsiyalar bergan edi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ziyoratgohda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yangi masjid, muzey, kutubxona va maʼmuriy binolar qurildi. Daraxtlar, gullar ekilib, soʻlim bogʻ barpo etildi. Bugun bu ziyoratgohga kelgan kishining oʻzgarishlar nafasidan bahri dili ochiladi. Kiraverishda Ablu Muin Nasafiy kitoblarining nomi va oʻgitlariga koʻzingiz tushadi. Ziyoratgohda XI asrga oid yodgorlik va quduq, XIII asrda qurilgan va hozirgacha saqlanib qolgan eski masjid ham ziyoratchilar diqqatini tortadi.

Davlatimiz rahbari shu yil 11-noyabrda Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida bu yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Yangi masjid va muzeyni kirib koʻrdi. Muzeyda Abul Muin Nasafiyning hayoti va asarlari multimedia vositalari orqali aks ettirilgan. Ziyoratgohda Qurʼoni karimning asl qoʻlyozma nusxasi saqlanmoqda. Bu kitob qadimgi Samarqand qogʻoziga bitilgan, xattotlik elementlari bilan bezatilgan.  Davlatimiz rahbari bunday kitoblar xalqimizning bebaho merosi ekani va ularni asrab-avaylash kerakligini aytib, buyuk alloma asarlarini yoshlar qalbiga chuqurroq kirib borishi uchun Qarshi davlat universiteti qoshida Abu Muin Nasafiy nomidagi ilmiy markaz tashkil etishni tavsiya qildi.

Binobarin, “Tabsirat-ul adilla”, “At-tamhiyd li qavoid at-tavhiyd”, “Qasiydul qavoid fi ilmil aqoid”, “Al-Ifsod li hadʼ al-ilhod”, “Manohij al-aimmati fil furuʼ”, “Bahrul kalom” singari chuqur ilmiy tahlilga asoslangan, Moturidiya taʼlimotining mohiyati ochib berilgan oʻnlab asarlari bilan musulmon dunyosida shuhrat qozongan alloma Abul Muin Nasafiy maqbarasi Qarshi tumanidagi Qovchin qishlogʻida joylashgan.

– Aytish oʻrinli, Abul Muin Nasafiy kalom ilmi allomasi, faqih va uslubiyotchi olim sifatida shuhrat qozongan siymolardan,– deydi  Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi masʼul xodimi Bekzod Sayfiyev. – Shu bois alloma ilmiy merosini oʻrganishga dunyoda qiziqish baland. Misol uchun, “Bahrul kalom” asarining qimmatli qoʻlyozmalaridan biri Dubaydagi Jumʼa al-Mojid nomli madaniyat va meros markazida, ikkinchisi Damashqdagi az-Zohiriya kutubxonasi qoʻlyozmalar boʻlimida, uchinchisi Bagʻdoddagi “Maktabat al-avqof-da”da, toʻrtinchisi Qohiradagi mashhur “Doru-l-kutub” qoʻlyozmalar boʻlimida saqlanadi. Ushbu qoʻlyozmaning oddiy xatda koʻchirilgan boshqa bir nusxasi Iskandariyaning (Misr) “Maktabat al-baladiyya” nomli kutubxonasida mavjud.

Shunday nodir asarlar namunalarini Turkiyada ham topish mumkin. Jumladan, Nasafiyning “Qasiydul qavoid fi ilmil aqoid” asari qoʻlyozma nusxasi Istanbul universiteti kutubxonasida, “Manohij al-aimmati fil furu” kitobi nusxasi Istanbuldagi “Lolaliy” kutubxonasida saqlansa, koʻplab kitoblari turk tiliga oʻgirilib, oʻquvchilar eʼtiboriga havol etilgan.

Muxtasar aytganda, Abul Muin Nasafiyning Islom dinimizning sofligini saqlash yoʻlidagi xizmatlari beqiyos. Uning asarlari yoshlarni turli diniy-siyosiy oqimlarning buzgʻunchi gʻoyalaridan asrash, ularda mafkuraviy immunitetni shakllantirishda muhim oʻrin tutadi. Faqat bu asarlarni oʻqimoq, oʻrganmoq, tadqiqotlar olib borib, tushunarli, ravon izohlar ila yoshlarga chuqur yetkazmoq kerak.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?