Abduqodir Husanov jamoasi bu yil APLda chempion boʻla oladimi?

11:48 15 Avgust 2025 Sport
209 0

Yevropaning qator mamlakatlarida yaqin 2 haftada transferlar oynasi yopiladi. Biz Angliya Premyer-ligasi klublarining yozgi transferlar oynasidagi yurishlarini tahlil qilishni boshlagan edik. Bugun hamyurtimiz Abduqodir Husanov toʻp surayotgan “Manchester Siti” klubiga toʻxtalamiz.

Jamoani tark etganlar

• Kevin De Bryoyne – shartnomasi tugab, erkin agent sifatida “Napoli”ga oʻtdi;

• Kayl Uoker – “Byornli”ga 5 million yevro evaziga sotildi;

• Yan Koutu – “Borussiya Dortmund”ga 20 million yevroga transfer qilindi;

• Massimo Perrone – Italiyaning “Komo” klubiga 13 million yevro evaziga sotilgan;

• Jeykob Rayt – “Norvich Siti” klubiga 2,3 million yevro evaziga oʻtdi;

• Skott Karson – shartnomasi tugadi va klubdan ketdi;

• Bir qator yosh futbolchilar boshqa klublarga ijaraga berildi.

Ushbu transferlardan soʻng, “shaharliklar”da jiddiy pasayish boʻlmaydi, katta ehtimol. Boisi jamoa faqatgina oldingi sport formasidan chiqib ketgan va yoshi oʻtib qolgan futbolchilari bilan xayrlashdi. Ularning oʻrni ham munosib toʻldirildi.

Jamoaga kelganlar:

• Tidjjani Reyynders – “Milan” jamoasidan 55 million yevro evaziga xarid qilindi;

• Rayan Cherki – “Lion” jamoasidan 36,5 million yevro evaziga transfer qilindi;

• Rayan Ait-Nuri – “Vulverxempton” jamoasidan 36,8 million yevroga kelib qoʻshildi;

• Jeyms Trafford – “Byornli”dan 31,2 million yevro evaziga transfer qilindi;

• Sverre Nyupan – “Rozenborg” klubidan 15 million yevro evaziga olib kelindi;

• Markus Bettinelli – “Chelsi”dan 2 million yevro evaziga kelib qoʻshildi.

Jamoa yozgi transferlar oynasida jami 176,8 million yevro sarfladi. Oʻz futbolchilarining transferlaridan esa 35 million yevro ishladi.

Asosiy transferlar tahlili

Tidjjani Reyynders — 27 yosh, Niderlandiya fuqarosi, markaziy yarim himoyachi

Reyynders pressingga chidamli, ritmni boshqaradigan futbolchi. Agar yonida kuchli tayanch yarim himoyachi (masalan, Rodri tipidagi) boʻlsa, oʻzining jamoadagi taʼsirini maksimal darajada koʻrsata oladi.

Futbol tilida aytganda uni “box to box” yarim himoyachi deb atash mumkin. Shuningdek, Tidjjanining paslari aniqlik darajasi ham yuqori (92 foiz).

Rayan Cherki — 22 yosh, Fransiya fuqarosi, oʻng qanot vingeri

Cherki yakunlangan mavsum oʻz jamoasi tarkibida 44 ta oʻyinda maydonga tushib, 12 ta gol urdi va 20 ta golli uzatma amalga oshirdi. Qanot vingeri uchun samaradorlik juda yaxshi.

Juda dribling ustasi. Tor zonalarda raqibni bemalol aldab oʻta oladi. Driblinglarining aksariyati Fransiya chempionatida oʻynagan himoyachilarga oʻtgan.

Rayan Cherki kreativlik jihatidan juda yuqori darajadagi hujumkor yarim himoyachi. U ikki oyoqda ham birdek kuchli zarba va pas bera oladi.

Progressiv pas va toʻpni olib yurishlarda yuqori statistikaga ega. Hujumning yakuniy zonasida gollar va assistlar bilan muntazam hissa qoʻshadi.

Qarshi hujum va tezkor kombinatsiyalarda hal qiluvchi uzatmalar beradi. Baʼzida oʻyinda ortiqcha riskka borishi sababli toʻp yoʻqotadi.

Jismoniy chidamliligi yaxshi, lekin psixologik barqarorlikda ishlash kerak. Toʻgʻri tizimda undan “game-changer” sifatida ham foydalanish mumkin.

Rayan Ait-Nuri — 24 yosh, Jazoir fuqarosi, chap qanot himoyachisi

Rayan – hujumga yoʻnaltirilgan chap qanot himoyachisi. Tezlik va dribling bilan raqib chizigʻini yorib oʻtishga usta.

“Vulverxempton”da oʻynagan davrida himoyachilar orasida eng koʻp gol+assist qilganlardan biri boʻldi. Progressiv driblinglar va maydon boʻylab toʻpni olib yurishda juda faol.

Tor zonalarda pressing ostida ham aniq pas bera oladi. Hujum yakunidagi asosiy uzatmalarni amalga oshiradi.

Baʼzida himoyada pozitsiyani yoʻqotib, 1 ga 1 vaziyatlarda zaiflik koʻrsatadi. Ortiqcha driblingga berilib, toʻp yoʻqotish holatlari uchrab turadi.

Himoyaviy statistikalarida interception va bloklangan zarbalar oʻrtacha darajada.

Shunga qaramay, Rayan “Manchester Siti” ustozi Pep Gvardiola uslubiga toʻla mos futbolchi sifatida eʼtirof etildi. Boisi undan Pep aynan Invert full-back rolida foydalanmoqchi. U oldingi jamoasida ham deyarli shunaqa oʻynagan. Bu haqida Rayanning sobiq bosh murabbiyi Edu Rubio ham taʼkidladi.

Sverre Nyupan — 19 yosh, Norvegiya fuqarosi, yarim himoyachi

Asosan markaziy yoki hujumkor yarim himoyachi. Har ikki tomonlama yarim himoyachi sifatida oʻynay oladi.

Toʻpni bir teginishda qabul qilish va tez pas berishda juda aniq, zich zonalarda ham ishonchli oʻynaydi.

Hujumlarni qurishda hal qiluvchi uzatmalar berishi bilan ajralib turadi. Yoshi kichik boʻlishiga qaramay, katta “vijn”ga ega, yaʼni hujumdagi boʻsh zonalarni erta payqay oladi.

Raqib bosimi ostida ham sovuqqonlik bilan oʻynaydi. Aynan shu jihati uni APL saviyasidagi futbolchiga aylantirdi.

Uzoqdan ham, jarima maydonida ham aniq zarba berishi mumkin, ammo zarbalarini juda kuchli deb boʻlmaydi.

Hozircha kuch jihatidan toʻliq “yetilmagan”, lekin tezkorligi va chaqqonligi bilan kamchilikni qoplaydi. Hujumkor futbolchi boʻlishiga qaramay, pressing va qayta hujumni toʻxtatishda faol. Tempni oshirish yoki paslar orqali raqibni chalgʻitish boʻyicha juda samarali.

Oʻyin uslubi jihatidan unga Martin Edegor yoki Kevin De Bryoynega oʻxshash imkoniyatlar bor.

Yangi mavsumda jamoaning imkoniyatlari qanday?

Koʻplab mutaxassislar va futbol analitikasi bilan shugʻullanuvchi portallar “shaharliklar”ning bu yilgi potensialiga yuqori baho bermayapti. Jamoa Angliya Premyer-ligasida uzogʻi bronza medalga ega chiqishi taxmin qilinmoqda.

Lekin shuni unutmaslik kerakki, jamoada oʻyin taqdirini hal eta oladigan futbolchilar va dunyoning eng kuchli murabbiylaridan biri ishlamoqda. Demak, jamoaning imkoniyatlari yomon emas. Qolganiga yangi mavsumda baho beramiz.

Muhammadamin Zuhriddinov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер