“85 foiz aniqlik, 4-marta raqibning xavfli hujumini barbod qilish” yoxud Husanov Gvardiolani hayron qoldirishda davom etmoqda

11:25 27 Fevral 2025 Sport
406 0

27-fevral kuni Angliya Premer-ligasi 27-turidan oʻrin olgan markaziy bahsda “Manchester Siti” Londonda “Tottenhem” mehmoni boʻldi. Uchrashuvning 12-daqiqasida Erling Xoland tomonidan kiritilgan gol yagonaligicha qoldi va “Man Siti” muhim uch ochkoni qoʻlga kiritdi.

Ushbu bahsni asosiy tarkibda boshlagan hamyurtimiz Abduqodir Husanov ishonchli oʻyin koʻrsatib, yakunda 7,4 ballga loyiq koʻrildi. Mazkur oʻyindagi eng yuqori ballni “Man Siti” darvozaboni Ederson qoʻlga kiritib, uchrashuv davomidagi harakatlari uchun 8,8 ballga ega chiqqan.

“Shaharliklar” bosh murabbiyi Pep Gvardiola “Tottenhem” ustidan safarda qoʻlga kiritilgan ushbu gʻalabadan soʻng Abduqodir Husanovning harakatlari haqida fikr bildirdi.

“Husanov faqat futbol haqida oʻylaydi. «Tottenhem”ga qarshi oʻyin uchun u Londonga hech narsasiz keldi, hattoki tish shetkasini ham olib kelmadi. Unda ortiqcha buyumni koʻrmaysiz. Husanov faqat futbol oʻynashni istadi», — deydi mutaxassis.

Husanov mazkur bahs davomida 56-marta toʻpga teginishni amalga oshirib, 41 ta aniq pas bera oldi. Umumiy uzatmalar aniqligi 85 foizni tashkil etgan. Oldingi chiziqqa 6 ta uzun pas hamda 4 bor raqibdan toʻpni olib qoʻyishni uddaladi. Bundan tashqari, 4-marta raqibning xavfli hujumini toʻxtatishga muvaffaq boʻldi.

“Husanov jamoadagi debyut oʻyinida «Chelsi”ga qarshi bahsda yoʻl qoʻygan xatosidan soʻng tiklanib olishi oson emasdi, shunga qaramay u ishlashda davom etmoqda. U juda tez, toʻp uzatishlari ham mukammal. Men koʻplab tezkor oʻyinchilarni koʻrganman, Husanov ulardan biri. U mehnatkash, ishlashdan toʻxtamaydi. Muxlislarimiz ham uni yaxshi koʻrishadi», — deb qoʻshimcha qiladi Gvardiola.

Shu tariqa, “Manchester Siti” klubi APL tirnir jadvalida 47 ochko jamgʻargan holda 4-oʻringa koʻtarilib oldi. Qayd etish joiz, Husanov ketma-ket uch oʻyindan buyon asosiy tarkibda maydonga tushib, toʻliq 90 daqiqa harakat qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер