8-yanvar — Prokuratura organlari xodimlari kuni
Keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini muhofaza qilish, jinoyatchilikning oldini olish, aholi huquqiy savodxonligini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurash, sud-huquq tizimini takomillashtirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Harakatlar strategiyasining alohida bir yoʻnalishi aynan — Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yana-da isloh qilishga qaratilgani ham bejiz emas. Oʻtgan 3-4 yil davomida Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida, birgina sud-huquq tizimini isloh qilishga oid qator huquqiy hujjatlar, Prezident Farmonlari va qarorlari qabul qilindi.
Hujjat qabul qilinadi, ammo uni keng jamoatchilikka yetkazish, ongiga singdirish, bu — alohida masala. Yaʼni huquqiy hujjatning har bir bandini soʻzma-soʻz, sodda va xalqchil tillarda tushuntira olishda jurnalistlardan katta mahorat talab etiladi.
Xoʻsh, bu mahorat qachon va qanday toʻplanadi? Albatta, bu davlat idoralari bilan OAV oʻrtasidagi oʻzaro mustahkam hamkorlikka borib taqaladi. Mana masalaning mohiyati qayerda?
Taʼkidlash joizki, gazetamiz sahifalarida prokuratura organlari faoliyatiga oid materiallarga keng oʻrin ajratilyapti. Chop etiladigan materiallarda Prezident tashabbusi tufayli amalga oshirilgan tub islohotlar natijasida prokuratura organlari faqat jazolovchi emas, balki fuqarolarga, xususan, tadbirkorlarga, yordamga muhtoj oilalarga koʻmaklashuvchi, ularni qoʻllab-quvvatlovchi organga va chinakam “xalq prokuraturasi”ga aylanayotgani yoritilmoqda.
Eʼtiborlisi, nafaqat bosma nashrlarimiz, balki uning rasmiy sayti hamda internetdagi ijtimoiy sahifalarida ham prokuratura organlari xodimlarining turli mavzulardagi chiqishlari tobora koʻpaymoqda.
Masalan, birgina oʻtgan yili gazetamizning,
— 21-yanvar va 8-noyabr sonlarida Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yigʻilishlarida muhokama qilingan masalalarga bagʻishlangan materiallar berildi.
— 4-fevral sonida “Yer — xalq mulki, uni sotish qonunga zid” yoxud ekin maydonlarini talon-taroj qilish holati “bolalab” ketayotgani xususida» sarlavhali maqola chop etildi.
— 4-dekabr sonida Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshevning “Demokratik taraqqiyot zamini” sarlavhali maqolasi gazetxonlar eʼtiboriga havola etildi.
Shuningdek, boshqa masʼul xodimlarning ham dolzarb mavzulardagi bir necha maqolalari chop etildi. Pandemiya paytida dori-darmon narxlarining asossiz oshib ketishi, mulkni talon-taroj qilish, odam savdosi, poraxoʻrlik, tamagirlik holatlari bilan bogʻliq jinoyatlarning fosh etilgani boʻyicha tanqidiy-tahliliy maqolalar tayyorlandi.
Bu esa bir tomondan aholining huquqiy madaniyatini oshirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, turli jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining oldini olishga imkon yaratadi. Bu ham prokuratura bilan “Xalq soʻzi”va «Narodnoye slovo» gazetalari oʻrtasidagi hamkorlikning ijobiy tomonlaridan biri.
Joriy yilda bunday hamkorlikni yana-da rivojlantirish, huquqiy targʻibot ishlarini yana-da kuchaytirish niyatidamiz.
Yana bir muhim jihatga toʻxtalib oʻtish kerak. Bugun prokuratura xodimlari kabinetlarda oʻtirib ishlamayapti. Endi ular xalqning ichiga kirib boryapti, fuqarolar bilan bevosita muloqot qilib, ularning muammolariga qonuniy yechim izlayapti.
Bir soʻz bilan aytganda, tizim faoliyati tubdan oʻzgardi. Bu oʻzgarishlar jamiyatimizda yuz berayotgan demokratik jarayonlarga hamohangligi bilan ahamiyatlidir. Xalqimizning prokuratura organlariga boʻlgan ishonchi tobora ortib borayotgani ham shundan.
Birgina misol: yaqinda Bosh prokuror turli sohalarda yoʻl qoʻyilgan qonunbuzarlik holatlari yuzasidan axborot berib, jamiyatimizda uchrab turgan korrupsiya, poraxoʻrlik, byudjet mablagʻlarini talon-taroj qilish kabi illatlarni roʻy-rost ochib tashladi. Bu axborot yurtdoshlarimiz orasida katta aks-sado berdi. Odamlarda adolat tantanasiga umid uygʻondi.
Bu misol yana bir haqiqatni anglab yetishimizga yordam beradi: bugungi kunda olib borilayotgan islohotlarni, amalga oshirilayotgan ishlarni xalqimizga xolisona yetkazishimiz juda muhim.
Bu haqda davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yoʻllagan navbatdagi Murojaatnomasida ham aytib oʻtildi. Prezidentimiz ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlarni xolis yoritish bilan birga, joylardagi mavjud dolzarb muammolarga davlat idoralari va jamoatchilik eʼtiborini qaratib, ularni bartaraf etishga barcha darajadagi rahbarlarni daʼvat etib kelayotganini alohida taʼkidladi.
Ommaviy axborot vositalari tom maʼnoda “toʻrtinchi hokimiyat”ga aylanib borayotganiga, oshkoralik va soʻz erkinligi davr talabi, Oʻzbekistondagi islohotlarning talabi ekanligiga urgʻu berildi. Joriy yilda ham soʻz erkinligini taʼminlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalistlarning erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslarni yana-da kuchaytirish, davlat idoralarida axborot xizmatlari faoliyatini takomillashtirish, ommaviy axborot vositalari bilan davlat idoralarining hamkorligini yangi bosqichga chiqarish boʻyicha zarur choralar koʻrilishi taʼkidlab oʻtildi.
Shu jihatdan prokuratura organlarining ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi katta ahamiyat kasb etadi. Chunki oshkoralik muhiti islohotlar mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazishga xizmat qiladi, jamoatchilik nazoratini kuchaytiradi, amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligini taʼminlaydi.
“Xalq soʻzi” va «Narodnoye slovo» gazetalari tahririyatining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishidan ham aynan shu maqsad koʻzlangan. Bosh prokuratura bilan muntazam aloqada boʻlish, oʻtkazilayotgan turli tadbirlarda, matbuot konferensiyalari va brifinglarda ishtirok etish, Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bagʻishlangan idoralararo yigʻilish va boshqa muhim masalalarga oid majlislarda qatnashish jurnalistlarimizga sohada erishilayotgan yutuqlar bilan birga, ogʻriqli muammolar va ularni yechish yoʻllari xususida tahliliy maqolalar tayyorlash imkonini bermoqda.
Bizni xursand qiladigan tomoni shundaki, jurnalistlar prokuratura binosini hadik bilan aylanib oʻtadigan davrlar ortda qoldi. Bugun prokuratura organlarining eshigi ommaviy axborot vositalari uchun, xususan, “Xalq soʻzi” va «Narodnoye slovo» gazetalari muxbirlari uchun doim ochiq. Istalgan savolimizga matbuot xizmatidan aniq dalillarga asoslangan javob olamiz. Prokuratura tizimida olib borilayotgan ishlarda ochiqlik, oshkoralik, shaffoflik toʻla taʼminlanyapti, deb ishonch bilan ayta olamiz.
Soʻzimiz yakunida barcha prokuratura organlari xodimlarini “Xalq soʻzi” va «Narodnoye slovo» gazetalari tahririyati ijodiy jamoasi nomidan kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etaman. 8-yanvarning prokuratura organlari xodimlari kuni sifatida nishonlanishi mamlakatimizda huquqiy davlat barpo etish borasidagi qatʼiyatimizning mustahkamligidan, mazkur jarayonda bu sharafli kasb egalarining faoliyati beqiyos ahamiyatga ega ekanligidan dalolatdir.
Tahririyatimiz nomidan prokuratura organlari xodimlarini bugungi kasb bayrami bilan qutlaymiz. Ularga jamiyatda qonun ustuvorligi, inson huquqlari, xalq manfaatlarini taʼminlash yoʻlidagi oʻta masʼuliyatli vazifani sidqidildan ado etishda kuch-quvvat, yangi marralar hamroh boʻlishini tilab qolamiz.
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring