64 ta tumanda eksport oʻtgan yilga nisbatan kamaygan

17:47 28 Noyabr 2024 Siyosat
321 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

Ijobiy natijalar bilan birga, Prezident taʼkidlaganidek, ayrim viloyat, tuman hokimlari, qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosarlar ishni toʻgʻri tashkil qilmagani uchun mahsulot va eksport hajmida katta oʻzgarish sezilmayapti.

Yeri boshqalardan karra-karra koʻp boʻlgan Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida oʻsish ularning imkoniyati va sharoitiga mutlaqo mos emasligi qayd etildi. Buxoro va Sirdaryo viloyatlarining eksporti oʻtgan yilgi koʻrsatkichga yetmayapti.

Shuningdek, 64 ta tumanda eksport oʻtgan yilga nisbatan kamaygan boʻlsa, shundan 17 tasida 50 foizga ham yetmagan.

Hokimlar bugun dunyodagi ogʻir vaziyatni hisobga olib, har kuni izlanib, yangi-yangi imkoniyatlar topib, ishga solishi shartligi haqida ogohlantirildi

Yigʻilishda dala chetlariga ekin ekish holati tanqidiy koʻrib chiqildi.

Masalan, Qoraqalpogʻistonda dala chetidagi 2,1 ming gektar, Fargʻonada 1,2 ming, Samarqandda 826, Buxoroda 784, Qashqadaryoda 247 gektar yerlar ishlatilmasdan yotgani koʻrsatib oʻtildi.

Baʼzi joylarda dehqonlarga sifatsiz urugʻ sotilgan, zararkunandaga qarshi berilayotgan dorilar ham talabga javob bermaydi.

Shu munosabat bilan Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻsimliklar karantini agentligiga hokimlar, eksportchi, tajribali klaster, kooperatsiya va fermerlar bilan birgalikda oziq-ovqat ekinlarining urugʻi, koʻchati, dorisi, oʻgʻiti boʻyicha ishlashning yangi tizimini ishlab chiqish topshirildi.

Shuningdek, dala chetidan samarali foydalanayotgan tadbirkorlar ham koʻpayib borayotgani taʼkidlandi.

Masalan, Asakadagi fermer xoʻjaligi dala chetidagi 3 gektarda 10 ming dona tut, terak va tok ekib, besh yildan keyin 700 million soʻm daromad koʻrgan. “Samarqand qulupnay” korxonasi Qoʻshrabot, Jomboy, Bulungʻurdagi 6,5 ming aholiga 3 million olcha koʻchatini bepul tarqatib, dala chetida ektirishni yoʻlga qoʻydi.

Yil yakunigacha dala chetlaridagi 650 ming, aholiga berilgan 364 ming gektarni eksportchi-tadbirkorlarga biriktirish topshirildi.

Endilikda tomorqa, ichki koʻchalar, dala chetlari va kanal-kollektorlar atrofidagi yerlarda daromadli ekinlar ekish va ularni eksport qilishga Oʻsimliklar karantini va himoya agentligi masʼul boʻlishi belgilandi.

Viloyat hokimlaridan ham bu borada soʻrov qattiq boʻlishi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер