500 milliard yevrolik mudofaa xarajatlari. Germaniya Yevropada harbiy gegemonlikka intilyaptimi?

13:08 12 Mart 2025 Dunyo
182 0

Germaniya hukumati mudofaa va infratuzilma xarajatlarini oshirish maqsadida mamlakat konstitutsiyasiga jiddiy oʻzgarishlar kiritishni rejalashtirmoqda. Xristian-demokratlar ittifoqi (XDS) va Sotsial-demokratlar partiyasi (SDP) tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbus AQSHning NATOga nisbatan oʻzgaruvchan pozitsiyasi va Rossiyaning Ukrainadagi urush bilan bogʻliq tahdidlari ortib borayotgani bilan izohlanmoqda.

Agar taklif qilingan oʻzgarishlar qabul qilinsa, Germaniya mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning (YAIM) 3 foiziga yetkazadi va 500 milliard yevrolik maxsus fond tashkil etadi.

Mazkur taklif Germaniya Bundestag (mamlakat parlamenti)ida 13 va 18-mart kunlari muhokama qilinishi rejalashtirilgan. Konstitutsiyaviy oʻzgarishlar qabul qilinishi uchun parlamentning uchdan ikki qismi ovoz berishi lozim.

Shunga qaramasdan, bu masala Bundestagda qizgʻin tortishuvlarga sabab boʻlishi aniq. Xususan, “Germaniya uchun Alternativ” (AfD) va Chap partiyalar ushbu oʻzgarishlarga keskin qarshilik bildirmoqda.

Shuningdek, “Yashillar” va “Liberallar” partiyalari ham oʻz talablarini ilgari surmoqchi. Agar taklif rad etilsa, Germaniya NATO oldidagi majburiyatlarini bajarishda qiyinchiliklarga duch kelishi va mudofaa salohiyatini mustahkamlash imkoniyatidan mahrum boʻlishi mumkin.

Nega mudofaa xarajatlarini oshirmoqchi?

Bundesver (mamlakat qurolli kuchlari) soʻnggi oʻn yilliklarda jiddiy muammolarga duch kelgan. Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius 2023-yilda Bundesver texnik va moddiy taʼminot masalalari boʻyicha jiddiy muammolarga ega ekanini aytgandi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va AQSHning NATO boʻyicha noaniq pozitsiyasi Berlinni tezkor qarorlar qabul qilishga majbur qilmoqda.

Germaniya Kansleri Olaf Shols 2022-yilda armiyani modernizatsiya qilish uchun 100 milliard yevrolik maxsus fond tashkil etishni eʼlon qilgandi, ammo bu mablagʻlar deyarli sarflanib boʻlindi. Endi Berlin qoʻshimcha mablagʻ ajratishga majbur.

Germaniya hozirda YAIMning 2 foizini mudofaa xarajatlariga sarflamoqda, bu NATO talablariga mos keladi. Shunga qaramasdan, AQSH Donald Tramp NATOga aʼzo davlatlardan bu miqdorni 5 foizgacha oshirishni talab qilmoqda.

Agar Germaniya bu talabni bajarmasa, Vashington NATOdagi yetakchi rolini qayta koʻrib chiqishi va Yevropadagi harbiy bazalarini qisqartirishi mumkin. Bu esa Germaniya va boshqa Yevropa davlatlari uchun jiddiy xavf tugʻdiradi.

Yevropadagi harbiy muvozanat oʻzgaradimi?

Germaniya armiyasining modernizatsiyasi uchun yirik qurol-yarogʻ shartnomalari imzolangan. 2024-yilda Berlin 105 ta “Leopard 2” tanki va 35 ta “F-35” qiruvchi samolyotlarini xarid qilish boʻyicha kelishuvga erishgan. Bu xarajatlar taxminan 11 milliard yevroni tashkil etadi.

Bundan tashqari, Germaniya Ukrainaga tanklar, artilleriya va havo mudofaasi tizimlarini yetkazib bermoqda. Shu sababli, Bundesver oʻz texnikasini yangilashi shart. Berlin mudofaa xarajatlarini oshirish orqali Yevropadagi eng zamonaviy armiyaga aylanishni va xalqaro maydondagi obroʻsini yanada oshirishni koʻzlagan.

Ammo siyosatshunoslar bu qarorning turli oqibatlari haqida ikki xil fikr bildirmoqda. Xususan, Berlindagi Xalqaro va xavfsizlik masalalari instituti tadqiqotchisi Markus Kaym shunday deydi: “Germaniya mudofaa xarajatlarini oshirish orqali oʻz mustaqil harbiy kuchini shakllantirishga harakat qilmoqda. Bu, oʻz navbatida, Yevropa Ittifoqining qoʻshma mudofaa siyosati uchun ham yangi imkoniyatlar ochadi. Shunga qaramasdan, bu jarayon Germaniya iqtisodiyoti uchun ogʻir yuk boʻlishi mumkin”.

UkrainaRossiya urushi va AQSHning taʼsiri

Germaniya AQSHning NATO boʻyicha kelgusi siyosati borasida jiddiy xavotirda. Vashingtonning Kiyevga harbiy yordamni vaqtincha toʻxtatib, keyinchalik uni qayta tiklagani ham Germaniyani jiddiy choralar koʻrishga undamoqda. Agar AQSH Kiyevga yordam berishni kamaytirsa, Germaniya va Yevropa Ittifoqi Ukrainaga harbiy yordamni oʻz boʻyniga olishi kerak boʻladi.

“Biz Yevropaning xavfsizligini taʼminlash uchun NATOga tayanishimiz kerak, ammo bu biz oʻz mudofaamizni kuchaytirishni toʻxtatishimiz kerak degani emas. Ukraina urushi Yevropada harbiy modernizatsiyaning zarurligini isbotladi”, degandi Boris Pistorius.

Konstitutsiyadagi oʻzgarish Yevropa xavfsizligiga qanday taʼsir qiladi?

Germaniya konstitutsiyasiga oʻzgarish kiritilishi butun Yevropa xavfsizlik tizimiga taʼsir koʻrsatishi mumkin. Agar taklif qilingan oʻzgarishlar qabul qilinsa, Germaniya NATOning yetakchi harbiy kuchlaridan biriga aylanishi mumkin.

Shunday boʻlsa-da, Germaniya iqtisodiyoti uchun bunday katta xarajatlarning oqibatlari haqida tahlilchilar ikki xil fikr bildirmoqda. Germaniya Iqtisodiyot instituti tahlilchisi Gans Verner Zinning taʼkidlashicha, 500 milliard yevrolik harbiy va infratuzilma xarajatlari davlat qarzini sezilarli darajada oshiradi. Agar hukumat bu mablagʻlarni oqilona boshqarmasa, iqtisodiy taraqqiyot toʻxtab qoladi.

Germaniya qitʼada harbiy yetakchiga aylanadimi?

Germaniya Bundestagida shu oyda boʻlib oʻtadigan muhokamalar Yevropa xavfsizligining kelajagini belgilab berishi mumkin. Agar Germaniya mudofaa xarajatlarini oshirish va harbiy strategiyasini kuchaytirishga qaror qilsa, bu NATO va Yevropa Ittifoqi uchun katta burilish nuqtasi boʻladi.

Ammo siyosiy muxolifat va iqtisodiy xavf-xatarlar ushbu qarorni amalga oshirishni qiyinlashtirishi mumkin. Agar Germaniya Bundesverni modernizatsiya qilishda muvaffaqiyatga erishsa, u Yevropa qitʼasidagi eng kuchli armiyalardan biriga aylanishi va Rossiya – Ukraina konfliktida asosiy vositachi sifatida koʻrilishiga sabab boʻladi.

Sanjar Shomurodov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер