50 yildirki, maktab ostonasidan uzoqlasha olmayman — Muhabbat Sharopova
Foto: “Xalq soʻzi”
Oʻzbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopovani 2000-yillar boshida, Qarshi shahridagi akademik litseyda oʻqib yurgan vaqtlarimda taniganman. Oʻshanda Muhabbat opa litseyimizning iqtisodiyot yoʻnalishi oʻquvchilariga matematikadan dars berar, aynan shuning uchun ham bu yoʻnalishning nufuzi ancha baland endi.
Oʻzim boshqa yoʻnalishda oʻqiganim bois Muhabbat Sharopovaning darslarida qatnashish nasib qilmagan, lekin “iqtisodiyot”da oʻqiydigan tanishimning “ustozimiz matematikani ham xuddi adabiyot darsidek oʻtadi, juda oson tushuntiradi, vaqt qanday oʻtganini sezmay qolamiz” degan gaplari yodimda qolib ketgan.
Keyinchalik ish faoliyatim davomida Muhabbat Sharopovani yanada yaqinroq tanidim. Koʻplab loyihalar, targʻibot tadbirlarida birga ishtirok etdik. Undagi fidoyilik, kamtarinlik, xokisorlik, mehnatkashlik, oʻz kasbiga boʻlgan hurmat va sadoqat menda doim havas uygʻotgan.
— Oʻqituvchilik kasbini tanlashimga onam sababchi boʻlgan, — deydi Muhabbat opa. — U kishi doim “shu qizim oʻqituvchi boʻladi” deb yurardi. Shu-shu oʻqituvchilik kasbiga qiziqib, 1966-yilda Samarqand davlat universitetining matematika fakultetiga oʻqishga kirganman. 1971-yilda universitetni tamomlab, Qarshi shahridagi 5-umumiy oʻrta taʼlim maktabida matematika oʻqituvchisi boʻlib ish boshladim. 26 yil davomida shu maktabda, 1997-yildan 2022-yilga qadar esa litseyda ishladim. Hozir Qarshi davlat universiteti talabalariga matematikadan dars berayapman. Umumiy hisobda ellik ikki yildirki oʻqituvchilik qilib kelmoqdaman.
Muhabbat opa maktabda ishlab yurgan vaqtlaridayoq viloyatning eng taniqli matematika oʻqituvchilaridan biri edi. Shu bois unga oliygohlar, nufuzli taʼlim muassasalaridan chorlovlar ham koʻp boʻlgan. Biroq u onasining maslahati bilan yana maktabni tanlaganini aytadi.
— Onam, qizim seni orzu havas bilan oʻqituvchi qilganman. Maktabda oʻzingni koʻrsat, ishlayotgan joyingda oʻrning boʻlishi kerak, derdi, — deydi u. — Shu bois doim maktabda oʻz oʻrnimga ega boʻlishga, natijalar koʻrsatishga harakat qilganman. Bu yoʻlda izlandim, intildim, tinimsiz mehnat qildim, yangi-yangi tashabbuslarga qoʻl urishdan charchamadim. 1985-yilda viloyat miqyosida ilk bor maktabimizda matematika fani chuqurlashtirib oʻtiladigan sinf tashkil qilganmiz. Oʻsha vaqtdagi vaziyatda bu oson ish emasdi. Buning uchun qancha-qancha muammolarni, gʻalvalarni boshdan oʻtkazmadik, deysiz. Lekin oʻz maqsadimizda qatʼiy turib, bu ishni amalga oshirdik. Bundan tashqari, matematika faniga oid oʻnlab qoʻllanmalar nashr ettirdim. Koʻplab shogirdlarim respublika va xalqaro miqyosdagi turli tanlovlar, fan olimpiadalarida yuqori natijalarni qayd etishdi. Ana shunday damlarda barcha mashaqqatlarim unutilib ketar va yana yangi-yangi maqsadlar, rejalar bilan ishga kirishardim. Hali hamon shogirdlarim yutugʻi menga kuch, shijoat bagʻishlayveradi. Bugun oʻquvchilarimdan 3 nafari fan doktori, 20 dan ortigʻi fan nomzodlari boʻlib, respublikaning turli oliygohlari va nufuzli tashkilotlarida samarali mehnat qilib kelishmoqda. Mana 50 yildirki, maktab ostonasidan uzoqlasha olmayman, sababi oʻquvchilarim meni hayotim mazmuniga aylanib ulgurishgan.
Suhbat davomida Muhabbat opa yana bir qiziq gapni aytib qoldi. Bir necha yil avval biometrik pasport olayotib, maxsus uskunaga barmoqlarini bosibdi. Ammo har qancha qilmasin, barmoq izlari kompyuterga tushmasmish. “Yarim asrdirki, goh boʻr, goh ruchka-qalamdan boʻshamagan barmoqlarimning terisi koʻchib, barmoq izlarim ham yoʻqolib ketgan ekan”, deya kuladi u.
Xalqimizda qilingan haqiqiy mehnat albatta oʻz eʼtirofini topadi, degan naql bor. Muhabbat Sharopovaning mamlakatimiz taʼlim tizimi rivoji yoʻlida amalga oshirayotgan ishlari ham davlatimiz va xalqimiz tomonidan munosib eʼtirof etib kelinmoqda. U 1996-yilda “Mehnat shuhrati” ordeniga, 2007-yili esa Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi” faxriy unvoniga sazovor boʻldi. 2016-yilda esa davlatimizning oliy mukofoti – Oʻzbekiston Qahramoni unvoni hamda “Oltin Yulduz” medali bilan taqdirlandi.
— Hayotda qanday yutuqlarga erishgan boʻlsam, barchasi yaxshi koʻrgan kasbim tufayli, — deydi Muhabbat Sharopova. — Kasbim ortidan hurmatga ham, eʼtibor va eʼtirofga ham erishdim. Bundan keyin ham kuchim, imkonim boricha shu sohaning rivojiga hissa qoʻshish, yoshlarimizni har tomonlama komil insonlar etib tarbiyalash yoʻlida mehnat qilaveraman.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring