37 yoshli ayolga hayvonot bogʻida uchta boʻri hujum qildi

22:15 25 Iyun 2024 Dunyo
290 0

Parij yaqinidagi “Thoiry” hayvonot bogʻida 37 yoshli ayolga uchta boʻri hujum qildi. Bu haqda “Deutsche Welle” nashri xabar berdi. Maʼlum qilinishicha, ayol ogʻir jarohat olgan.

Voqea ayol oilasi bilan bogʻdagi lojalardan birida vaqt oʻtkazayotganda sodir boʻlgan. Versal bosh prokurori Merivonn Kaylibott jabrlanuvchining hayoti xavf ostida boʻlganini, ammo keyin uning ahvoli ancha barqarorlashganini maʼlum qilgan.

Hujum avtomobillar yura olmaydigan “safari zonasi”ga ketayotganda sodir boʻlgan. Ayol xavfsizlik qoidalarini qay tariqa buzgani maʼlum emas, ammo Versal bosh prokurori hammasini aniqlashini bildirgan. Voqea joyiga tezda yetib kelgan bogʻ xodimlari boʻrilarni ayoldan uzoqlashtirishgan, shu sababli ham ayol omon qolgan.

“Thoiry” hayvonot bogʻi 1968-yilda tashkil etilgan boʻlib, Parijdan 40 kilometr gʻarbda joylashgan. Ushbu muassasa mehmonlarga hayvonlarga yaqin boʻlishi mumkin boʻlgan safari uslubidagi lojalarni taklif etadi. Lojalardan turib Arktika boʻrilarini tomosha qilish mumkin.

Maʼlumot uchun aytish mumkinki, bu hayvonot bogʻi 150 gektar maydonni qoplab olgan boʻlib, unda 100 turdagi 1500 ga yaqin hayvonlar yashaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?