23 yoshli hamyurtimiz Kaliforniyadagi boks oqshomida 36 yoshli charm qoʻlqop ustasini texnik nokaut bilan magʻlub qildi

11:06 07 Mart 2025 Sport
117 0

AQSHning Kaliforniya shtatida navbatdagi professional boks turniri boʻlib oʻtdi. Mazkur oqshom Oʻzbekiston boks muxlislari uchun muhim ahamiyat kasb etib, unda havaskor boksda jahon chempioni boʻlgan, “Parij-2024”da omadi kelmagan Ruslan Abdullayev oʻzining professional boksdagi debyut jangiga chiqdi.

Hamyurtimiz oʻzining ilk jangini meksikalik tajribali bokschi Xose Valenzuyela Alvaradaga qarshi oʻtkazdi. Bahs juda yuqori tempda boshlandi va ikkinchi raunddayoq Abdullayev raqibini kuchli zarba orqali texnik nokautga uchratdi. Bu gʻalaba oʻzbek charm qoʻlqop ustasi uchun professional ringdagi muvaffaqiyatli start boʻldi.

36 yoshli Xose Valenzuyela Alvarada prof boksda tajribali raqiblardan biri sanaladi. U shu kungacha 23 ta jang oʻtkazgan boʻlib, ularning uchtasida gʻalaba qozongan, 19 ta bahsda magʻlub boʻlgan va bitta jangini durang bilan yakunlagan. Shunga qaramay, Ruslan Abdullayev uni katta ustunlik bilan magʻlub etib, oʻzining professional boksdagi imkoniyatlarini koʻrsatdi.

Bahs davomida Ruslan Abdullayevni ring chetida oʻzbekistonlik mashhur bokschilar – Murodjon Ahmadaliyev va Bektemir Meliqoʻziyev qoʻllab-quvvatlab turishdi. Ular Ruslanning birinchi jangini yaqindan kuzatib borishdi va unga ishonch bildirishdi.

Ruslan Abdullayevning professional boksdagi debyuti juda muvaffaqiyatli boshlandi. Endilikda muxlislar uning kelgusi janglarini yanada kuchli raqiblarga qarshi boʻlishiga ishonch bildirishmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер