22 yoshli yigit sunʼiy intellekt yaratdi
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Axborot texnologiyalari sohasi boʻyicha mutaxassis Akbarjon Isoqjonov bundan ikki yil avval “Uniprojects tehc” masʼuliyati cheklangan jamiyatini tashkil etib, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish, billing tizimlari, veb-saytlar yaratishni yoʻlga qoʻygandi. Oʻtgan davr mobaynida ushbu MCHJda yigirmadan ziyod tajribali IT mutaxassislari jamlanib, korxona tizim bozoridan munosib oʻrin olishga erishdi.
Shuningdek, bir qator davlatlar kompaniyalari bilan oʻrnatilgan hamkorlik aloqalari natijasida xorijiy buyurtmalarni ham bajarishga kirishildi. Jumladan, Rossiya uchun tibbiyot sohasiga yoʻnaltirilgan Tour-Voyazh, Birlashgan Arab Amirliklariga taqdim etilgan Topstrething fitnes platformalaridan ushbu mamlakatlarda keng foydalanilmoqda.
Yaqinda A. Isoqjonov jamoasi BAAning “Team falcon digital” kompaniyasi bilan birgalikda navbatdagi loyihasini nihoyasiga yetkazdi. Bu koʻp qirrali vazifalarni oʻz ichiga olgan Ipsilon-1 sunʼiy intellekti boʻlib, uni yaratishga 13 million yevroga teng mablagʻ yoʻnaltirildi. Turli intellekt amallarni bajarishga moʻljallangan algoritm va dasturiy tizimlardan iborat qurilmaning axborot bazasiga inson ongi bajarishi mumkin boʻlgan bir qancha vazifalar boʻyicha yetarli maʼlumotlar kiritilgan. Bu, oʻz navbatida, qoʻyilayotgan masala yuzasidan mantiqli, izchil mulohaza qilish va maqbul tavsiya berish imkoniyatini beradi. Masalan, uning oʻzida virtual laboratoriya tashkil etib, oʻrganilayotgan kasallikning kimyoviy va biologik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tezkor ravishda yangi dori vositasi kashf etish mumkin. Bundan tashqari, atrof-muhit muhofazasi, ilm-fan, axborot xavfsizligi, ijtimoiy yordam sohasidagi dolzarb vazifalar ham intellekt tezkorlik bilan yechib beradigan mavzular sirasidan oʻrin olgan.
— Hozirgi kunda Ipsilon-1ni test usulida ishlatyapmiz, — deydi yosh mutaxassis. — Bu jarayonda uning ishlash tartibi jiddiy sinovdan oʻtkazilib, zarurat tugʻilsa oʻzgartirishlar kiritishimiz mumkin. Oʻylaymanki, shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamon talabiga mos ravishda yaratgan yangiligimiz ilgʻor texnologiya yordamida inson mehnatini yanada yengillashtirishga hissa qoʻshishi bilan koʻpchilikka maʼqul boʻladi.
Shu oʻrinda Namangan viloyatida axborot texnologiyalari sohasiga qaratilayotgan eʼtibor va uning natijalari haqida aytib oʻtish joizdir. Masalan, joriy yilning aprelida viloyat markazida yangi “IT-Park” barpo etilib, unga sohaning yetakchi eksportyor kompaniyalari yil yakuniga qadar bepul ijara huquqi asosida joylashtirilgan edi. Ayni paytda “IT-Park”da 15 ga yaqin xorijiy va mahalliy kompaniyalar AQSH, Buyuk Britaniya, Malayziya, Rossiya, Chexiya va boshqa davlatlarga dasturlash, logistika xizmatlarini koʻrsatib kelmoqda. Maʼlumot uchun, 2024-yil 1-yanvar holatiga viloyatda “IT-Park“ rezidentlari soni 30 tani tashkil etgan boʻlib, hozirga qadar yana 36 ta kompaniya rezident maqomini olgan va ularning jami soni 66 taga yetkazilgan. Yil yakuniga qadar bu koʻrsatkich 80 tadan ortadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring