2027-yilda Minorai Kalonning 900-yilligi nishonlanadimi?

11:46 04 Mart 2020 Madaniyat
20273 0

Buxoroi sharifda qadimiy obidalar benihoya koʻp.Ularning har biri qadrli.Har biridan moziy nafasi kelib turganday boʻladi. Har biri ajdodlarimizning qanday insonlar boʻlishganining tilsiz guvohidek tuyuladi.Aslida ham shunday.Mana, Minorai Kalonni olib koʻring.Poyi Kalon majmuining ajralmas boʻlagi sanalgan bu obidasiz Buxoroni tasavvur etib boʻlmaydi.Bilasiz, oʻtgan yilda Pekin shahrida boʻlib oʻtgan nufuzli tadbirda ushbu majmua Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 8 ta moʻjizasi roʻyxatiga kiritildi.

Minorai Kalon soʻnggi qoraxoniy hukmdor Arslonxon farmoniga muvofiq, meʼmor Usta Baqo rahbarligida 1127-yilda qurib bitkazilgan.Balandligi 47,5 metr, diametri esa 9 metrni tashkil etgan,105 pillapoyali bu yodgorlik oʻz vaqtida Arslonxon minorasi deya atalgan.Mahobati, balandligi tufayli unga keyinchalik Minorai Kalon (Katta minora) deb nom berilgan boʻlsa ajab emas.

Razm solinsa, u insonning xushbichim qomatini eslatadi.Ayrim tarixchilar Odam alayhissalomning boʻyi oltmish gaz boʻlganligini, Minorai Kalon ham xuddi shu oʻlchamda qurilganini aytishadi.

Minorai Kalonni Buxoro meʼmorchiligining oʻziga xos qomusi, ensiklopediyasi ham deyishadi.Gap shundaki, turli bosqinlar, tabiiy ofatlar oqibatida shahardagi koʻplab meʼmoriy obidalar vayron boʻlgan, izsiz yoʻqolgan.Usta Baqo minoraga naqshlar solayotib oʻsha yodgorliklardagi betakror bezaklardan nusxa olgan ekan.

-Minorai Kalon qadimda savdo karvonlari uchun mayoq vazifasini oʻtagan,- deydi Buxoro davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Shodmon Hayitov.- Uning ustiga kechalari chiroq yoqib qoʻyilgan.Buyuk ipak yoʻli boʻylab harakatlangan karvonlar uchun minora olis – olisdan koʻrinib turgan. Unda azon ham oʻqilgan.Bundan tashqari,minora dushman bosqinidan ogoh boʻlishda ham qoʻl kelgan.Yov qoʻshini osmonoʻpar minoradan koʻringan zahoti mudofaa tadorigiga kirishilgan...

Rivoyat qilishlaricha, Buxoroni bosib olib, shahar himoyachilariga zarracha shafqat koʻrsatmagan, koʻplab qadimiy osori atiqalarni yer bilan yakson etgan Chingizxon Minorai Kalon roʻparasida bir lahza toʻxtab qoladi.Osmonoʻpar minoraga tikilar ekan, bexosdan boshidagi qalpogʻi tushib ketadi.

Asta egilib, uni yerdan olarkan, “Men shu paytgacha hech kimga bosh egmaganman.Lekin bu minora shu qadar mahobatliki, uning oldida bosh egsang arziydi”, deydi.
 

Minorai Kalonning Frunze qoʻshinlari tomonidan vayron qilinganidan keyingi (1920-yil) holati.

Bu bir afsona.Ammo har qanday rivoyat zamirida haqiqat ham boʻladi. Minorai Kalon asrlar davomida nimalarni koʻrmadi, qanaqangi voqealarga shohid boʻlmadi, uning oldida kimlar bosh egmadi, deysiz.Buni qarangki, minoraning qismati ham xalqimiznikiga oʻxshab ketadi.Deylik, shoʻrolar bosqini chogʻida xalqimiz katta yoʻqotishlarga uchradi.Minoraning boshiga ham mushkul savdolar tushdi. Frunze boshchiligidagi shoʻro qoʻshinlari bosqini paytida u toʻpga tutildi, aeroplandan turib nishonga olindi.Ustiga bomba tashlandi.Minora qattiq shikastlandi.Ammo talatoʻplardan omon qoldi.Aslida uni bilan yakson qilmoqchi edilar.Biroq xuddi xalqimiz kabi boʻyin egmadi.Taʼbir joiz boʻlsa, imon – eʼtiqod, yurtga sadoqat timsoliga aylandi.

U oʻtgan asrning suronli 20- yillarida yurt fidoyilari kuch – gʻayrati bilan taʼmirlanib, asl holiga keltirildi.1976-yilgi zilziladan ziyon koʻrganida ham mahoratli meʼmorlar tomonidan talafot bartaraf etildi.

-2027-yilda Minorai Kalonning barpo etilganiga roppa-rosa 900-yil toʻladi,- deydi Shodmon Hayitov.- Xuddi shu yilda dunyodagi sanoqli moʻjizalardan biri sanalgan ushbu minoraga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilsa ayni muddao boʻlardi.

Bu taklif oʻrinli.Minorai Kalonning 900-yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash orqali biz xalqimizning boy maʼnaviy – madaniy merosiga boʻlgan hurmatimizni koʻrsatibgina qolmay, yurtimiz sayyohlik salohiyati haqidagi tasavvurlarni yana-da boyitgan boʻlur edik.Zero, Chingizxondek jahongirlarni boʻyin egishga majbur etgan Minorai Kalon har qanday eʼzoz va sharafga munosibdir!

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”

Minorai Kalonning Frunze qoʻshinlari tomonidan vayron qilinganidan keyingi (1920-yil) holati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер