2025-yilgi Tinchlik uchun Nobel mukofoti gʻolibi maʼlum boʻldi

14:24 10 Oktyabr 2025 Dunyo
345 0

Illyustrativ foto

Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korin Machadoga berildi.

Taʼkidlanishicha, u “Venesuela xalqining demokratik huquqlarini ilgari surish yoʻlidagi tinimsiz mehnati hamda diktaturadan demokratiyaga adolatli va tinch yoʻl bilan oʻtish yoʻlidagi kurashi uchun” mukofotga sazovor boʻlgan.

“U koʻp yillar davomida Venesuela xalqining ozodligi uchun kurashdi”, deyiladi Nobel qoʻmitasi axborotida.

Qoʻshimcha qilinishicha, Machado 2024-yilgi saylovlar oldidan prezidentlikka muxolifat nomzodi boʻlgan, biroq rejim “uning nomzodini qoʻyishga toʻsqinlik qilgan”.

Juma kuni Buyuk Britaniyaning “The Telegraph” gazetasi qoʻmita soʻnggi daqiqada boshqa laureatni tanlashi mumkinligini xabar qildi.

Sovringa daʼvogarlardan biri AQSH prezidenti Donald Tramp boʻlib, bukmekerlar uning imkoniyatini 3 foizga baholagan.

Shu bilan birga, “Bloomberg” AQSH prezidenti tinchlik boʻyicha Nobel mukofotini olmasa Norvegiya iqtisodiy va diplomatik oqibatlarni kutayotganini taʼkidladi.

Agentlik taʼkidlaganidek, payshanba kuni kechqurun Trampning oʻgʻli Erik X ijtimoiy platformasidagi oʻz kuzatuvchilaridan “agar siz Tramp Tinchlik uchun Nobel mukofotiga loyiq deb hisoblasangiz, retvit yozing” deya soʻradi. Taxminan bir vaqtning oʻzida Oq uyning X rasmiy akkauntida Trampning surati joylashtirildi va uni “Tinchlik prezidenti” deb atadi. Bunga javoban Norvegiya Nobel qoʻmitasi Trampning bosimi “befoyda” ekanini aniq koʻrsatdi, deyiladi “Bloomberg” axborotida.

Bungacha amerikalik olimlar Jon Klark, Mishel Devore, Jon Martinis kvant mexanikasidagi kashfiyotlari uchun fizika boʻyicha, amerikalik olimlar Meri Brunkov, Fred Ramsdell hamda yapon olimi Shimon Sakaguchi immunitet tizimining tananing oʻz hujayralariga hujum qilishiga nima toʻsqinlik qilishini kashf etgani uchun fiziologiya yoki tibbiyot boʻyicha,

Yaponiyalik Susumu Kitagava, avstraliyalik Richard Robson va amerikalik Omar Yagxi yuqori gʻovakli materiallarning yangi sinfi — metallorganik karkaslarni ishlab chiqqanliklari uchun kimyo boʻyicha, vengr yozuvchisi Laslo Krasnaxorkay “qiyomat dahshati sharoitida sanʼatning kuchini yana bir bor tasdiqlagan ishonchli va bashoratli ijodi uchun” adabiyot boʻyicha 2025-yilgi Nobel mukofotiga sazovor boʻlgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер