«2025 yil uchun O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to'g'risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o'qishda ko'rib chiqildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “2025-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Kelgusi yilga moʻljallangan Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasining koʻrib chiqilishi oʻtgan yillardagiga nisbatan farq qildi. Prezidentimizning Oliy Majlis palatalaridagi maʼruzalarida strategik yoʻnalishlar, aniq vazifalar belgilab berilgani byudjet loyihasi muhokamalarini mazmunli oʻtkazishga, koʻtarilgan masalalarning mohiyatiga chuqurroq kirishga imkon yaratdi.
Qayd etilishicha, qoʻmitalar tomonidan oʻtkazilgan yigʻilishlar, siyosiy partiyalarning fraksiyalaridagi muhokamalarda deputatlar tomonidan 100 dan ortiq savollar, 10 dan ortiq konseptual ahamiyatga ega taklif va tavsiyalar berilgan. Majlisda Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining daromadlari va xarajatlari, mahalliy byudjetlar va Davlat maqsadli jamgʻarmalariga oid loyihada koʻzda tutilgan tadbirlar, ularni moliyalashtirish manbalariga oid maʼlumotlar chuqur tahlil qilinganligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Masʼul qoʻmita tomonidan qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlashda loyihaning tegishli moddalarida aks ettirilgan normalar Prezident farmon va qarorlari hamda Hukumat qarorlari bilan uygʻunligi va asoslantirilganligi oʻrganildi. Shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida koʻzda tutilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda 2025-yilda belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish masalalariga aniqlik kiritildi.
Qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida Hisob palatasining bergan xulosalari ham deputatlar eʼtiborida boʻldi. Xulosa yuzasidan deputatlar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar hisobga olingan holda, asoslantirilgan takliflarni Soliq va Byudjet kodekslarida aks ettirish masalasi oʻrganib chiqildi.
Shu bilan birga, qoʻmitalar va siyosiy partiyalar fraksiyalari yigʻilishlarida qonun loyihasida vazirlik va idoralarga ajratilishi koʻzda tutilgan byudjet mablagʻlari, ulardan foydalanish va natijadorlikni oshirish yuzasidan bildirilgan taklif va tavsiyalar birma-bir koʻrib chiqildi va muhokama qilindi.
Dastlab kelgusi yil “Atrof-muhitni asrash va «yashil” iqtisodiyot yili» deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan ushbu yoʻnalishlarga sarflanadigan mablagʻlarning manzilliligi va natijadorligiga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, sogʻliqni saqlash, taʼlim, madaniyat, sport va iqtisodiyot sohalari boʻyicha muhokamalarda deputatlar tomonidan koʻtarilgan masalalarga oydinlik kiritildi. Xususan, ayrim asosli takliflar byudjet va soliq tizimlarini takomillashtirish jarayonida inobatga olinadigan boʻldi.
Deputatlar bildirgan taklif va tavsiyalarni hisobga olgan holda qonun loyihasiga bir qancha konseptual ahamiyatga ega boʻlgan oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari bildirgan taklifiga muvofiq ogʻir vaziyatga tushgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlash va yordam koʻrsatish uchun Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga qoʻshimcha 35,5 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilanmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari tomonidan berilgan takliflarni inobatga olgan holda kinematografiya sohasini yangi bosqichga koʻtarish, buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosini aks ettiruvchi “Tirik tarix” filmlar turkumini yaratish hamda badiiy havaskorlik jamoalarining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ular tomonidan koʻrsatilayotgan madaniy dasturlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun qoʻshimcha 40 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilmoqda.
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzolari tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) institutining mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash, zoʻravonlik va nizolarning oldini olish kabi muhim vazifalarni oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirishi uchun moddiy-texnika bazasini yaxshilash boʻyicha bergan takliflari asosli deb topilib, qoʻshimcha 3,1 milliard soʻm mablagʻ ajratiladigan boʻldi.
OʻzXDP fraksiyasi tomonidan bildirilgan taklifga muvofiq respublikada milliy malaka tizimini rivojlantirish, mehnat bozori va taʼlimning oʻzaro integratsiyasini taʼminlash, malakaga boʻlgan talablarni huquqiy va institutsional jihatdan tartibga solish maqsadida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutini tashkil etish xarajatlari uchun qoʻshimcha 10,6 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilandi.
Ekologik partiyasi fraksiyasi tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilash, transchegaraviy garmsel shamollari va chang-qum boʻronlarining atrof-muhitga zararli taʼsirlarining oldini olish boʻyicha bildirgan taklifi qanoatlantirilib, ushbu loyiha uchun qoʻshimcha 100 milliard soʻm mablagʻ ajratilmoqda.
Bundan tashqari, fraksiya aʼzolarining taklifiga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻrmonchilik sohasi ilmiy-tajriba stansiyasini tashkil etish xarajatlar uchun qoʻshimcha 9,5 milliard soʻm mablagʻlar ajratiladigan boʻldi.
Muhokamalarga boy boʻlgan majlisda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha deputatlar tomonidan koʻtarilgan masalalarga Hukumat tomonidan tuzilgan ishchi guruh hamda tegishli vazirlik va idoralar masʼul xodimlari tomonidan oydinlik kiritildi. Shuningdek, majlisda deputatlar subsidiyalar va uning natijadorligi, byudjet ochiqligini taʼminlash, byudjet mablagʻlari ustidan moliyaviy nazorat tizimlarini takomillashtirish hamda tibbiy sugʻurtani joriy qilish boʻyicha aniq taklif va tavsiyalar bildirishdi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasida budjet taqchilligi cheklangan miqdorining oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari hisobidan qoʻshimcha xarajatlarni amalga oshirishda qonun talablariga qatʼiy rioya qilish, davlat tashqi qarzining va davlatning shartli majburiyatlari boʻyicha loyihada belgilangan chegaradan oshib ketmaslik boʻyicha hukumatning oʻz zimmasiga olayotgan majburiyatlari deputatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring