20-yanvar — Xurshid Davron tavallud topgan kun
ONA TILIM
Kelib ketdi necha dunyolar,
Kuldi hayot, yigʻladi oʻlim.
Sen deb qurbon boʻldi bobolar,
Ular ketdi, sen qolding, tilim.
Belanchaging uzra Koshgʻariy
Kuylab oʻtdi qadim navoni
Va navqiron yaproqlaringga
Dil qonini berdi Navoiy.
Samarqanddan Bobur ketarkan
Dilda boʻgʻib hasrat sasini,
Olib ketdi ona yurtidan,
Turkiy tilim, birgina seni.
Mashrabmas, sen osilding dorga,
Nodiramas, sensan soʻyilgan
Hoziqningmas, sening, ey tilim,
Boshing ayru, koʻzing oʻyilgan.
Ammo dushman oʻldirgan botir
Tirilgandek yana qasosga,
Mangu borsan va mangu qodir
Toʻldirmoqqa yerni ovozga.
Vatan uchun baxsh etib jonni,
Kechib olov, kirib daryoga,
Farzandlaring toʻkkan har qonni
Shimirding sen oʻxshab giyohga.
Ona tilim, omon boʻl mangu,
Sen borsanki men ham oʻlmayman,
Tildan qolsam, seni Oybekday
Men koʻzlarim bilan soʻylayman.
SHOIRNING ONASI
Ona kelib olis qishloqdan
Oʻgʻli bilan yashay boshladi
Va dasturxon yozilgan choqda
Shirmoy nonning chetin tishladi.
Yuvib berdi bir bozor kirni,
Suvlar quydi soʻlgan gullarga.
Nevaralar bogʻchadan qaytgach,
Ertak aytib berdi ularga.
Avaylardi xonadon tinchin,
Suygan oʻgʻli uyning burchida,
Qogʻoz uzra egilgancha jim
Sheʼr yozgan payt tutun ichida.
Qadam bosib xavotir bilan,
Qoʻrqar edi nafas olishga.
Tunlar xurrak tortmay deya u
Bosh qoʻyardi tongda bolishga.
Ammo bir kun mazasi qochib,
Koʻz oldida yorugʻlik soʻndi.
Qoʻllaridan tushib ketdiyu,
Chil-chil boʻlib piyola sindi.
Oʻsha zahot hushiga qaytdi,
Chayqalardi oʻngida olam.
U yugurib chiqqan oʻgʻliga
Shivirladi: “Ketaymi, bolam?"
OTA
Derazamning ostida tongda
Sayragan qush sizmasmi, ota?
Yo toʻnimga koʻklam, mozorda
Yopishgan gul sizmasmi, ota?
Oʻn yildir-ki dunyoda yoʻqsiz,
Yuragimda alamli choʻgʻsiz.
Koʻrmagansiz mening oʻgʻlimni,
Erkatoyim, shoʻxim, toʻqlimni.
Men ham yoshim oshgani sayin
Boshimga oq tushgani sayin
Baʼzan qoʻmsab sizni ich-ichdan,
Yurak titrab sogʻinch,ilinjdan,
Otam deya, alqab oʻgʻlimni,
Koʻtaraman oʻzim koʻnglimni.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring