20 daqiqali badantarbiya — kun davomida ruhingizni tetik qiladi
Foto: “Xalq soʻzi”
Sport maʼlum toifadagi insonlar uchun sevimli mashgʻulot boʻlsa, ayrimlar uchun sevimli kasb. U insonning ham ongiga, ham tanasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Ahamiyatlisi, sport shaxsning xarakterini shakllantirish jarayonida ham oʻz oʻrniga ega.
Nazarimda, koʻpchilik sport bilan shugʻullanish deganda ertayu kech sportga mukkasidan ketishni tushunadi. Aslida, esa 15-20 daqiqalik badantarbiya ham sportning bir koʻrinishi. Men bu xulosaga oʻz ish tajribam asosida kelganman.
Bogʻcha bolalarining kun tartibi tonggi badantarbiyadan boshlanadi. Men ham tarbiyachi sifatida har kuni ular bilan birgalikda mashq qilaman. Mana shu qisqa muddatli badantarbiya kun davomida tetik va xush kayfiyatda yurishimga yordam beradi. Bir kun mashq qilmasam ruhiyatimdagi farq oʻzimga seziladi. Kun davomidagi ishlarimda tartib yoʻqoladi. Shundan kelib chiqib aytishim mumkinki, sport aqliy stressni kamaytiradi va doimiy xotirjamlikni taʼminlaydi. Achinarlisi, deyarli barchamiz badantarbiya qilishga kelganda “Ishim koʻp”, “Vaqtim yoʻq” kabi bahonalardan foydalanamiz. Aslida esa inson uchun oʻz sogʻligʻiga 10-15 daqiqa vaqt ajratish unchalik ham qiyin ish emas.
Keyingi yillarda mamlakatimizda aholini sportga jalb etish maqsadida yoshlar va xotin-qizlar sportini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Turli tashkilotlar oʻrtasida voleybol, shaxmat, shashka, yugurish va boshqa turlar boʻyicha sport musobaqalarining muntazam ravishda oʻtkazib kelinayotgani ham fikrimizning yorqin ifodasi boʻla oladi.
Umuman olganda, oddiygina mashgʻulot — piyoda yurish ham inson salomatligiga katta foyda keltiradi. Shu omilni inobatga olgan holda, 2022-yilning 16-yanvaridan boshlab 1hls.uz platformasi bir kunda 10 ming qadam yurgan foydalanuvchilar oʻrtasida sovrinli oʻyinlar oʻtkazib kelmoqda. Oʻyin doirasida har hafta bitta 100 mln soʻm miqdoridagi pul mukofoti va mingta velosiped oʻynaladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston boʻylab maxsus velosiped yoʻlaklari bunyod etilmoqda. Bu ham sport bilan shugʻullanish istagida boʻlganlar uchun yaratilayotgan sharoitlarning yaxshilanayotganidan darak.
Maʼlumki, sport organizmda kasalliklarga qarshi himoya tizimini shakllantiradi. Demak, barchamiz yurtimizda jismoniy faollikka boʻlgan eʼtiborning oshishi aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilganini anglashimiz zarur.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, sport bu tartib, sport bu intizom. Keling, tartibni, intizomni oʻzimizdan boshlaylik!
Yoqutoy Muhamedova, Zarafshon shahridagi 7-sonli DMTT tarbiyachisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring