1 ta golli xato, 1 ta kartochka, 83 foiz aniqlik: Husanovning “Man Siti”dagi debyuti qanday oʻtdi?

25-yanvar kuni Angliya Premyer-ligasi 23 turi doirasidagi markaziy bahsda “Manchester Siti” Londonning “Chelsi” klubini qabul qildi.
Quvonarlisi shundaki, ushbu bahsda “shaharliklar” tarkibida hamyurtimiz Abduqodir Husanov oʻzining ilk debyut oʻyinini oʻtkazdi.
Taʼkidlash joizki, Husanov “Man Siti” tarkibiga atigi 5 kun oldin kelib qoʻshilgan va bor yoʻgʻi bir marta toʻlaqonli mashgʻulot oʻtkazgan. Shunga qaramay, dunyoning eng yaxshi murabbiylaridan biri Pep Gvardiola hamyurtimizga ishonch bildirib, eng muhim bahsda asosiy tarkibda tushirgani oʻzbek futboli tarixidagi yorqin voqeiylik sanaladi.
Uchrashuv hamyurtimiz uchun yaxshi start olmadi. Husanov 3-daqiqadayoq himoyada qoʻpol xatoga yoʻl qoʻydi. Natijada raqib hujumchisi Meduyekke jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.
Koʻp oʻtmay golli vaziyatga chiqib ketayotgan “Chelsi” hujumchi Koul Palmerni qoʻpollik ishlatib toʻxtatishi orqali sariq kartochka ham ishlab oldi. Husanov tezda oʻzini tiklab olishga muvaffaq boʻldi hamda oʻyinning qolgan qismini ishonchli tarzda oʻtkazdi. 42-daqiqada Gvardiolning goli evaziga hisob tenglashdi.
Husanov ikkinchi boʻlimni ham asosiy tarkibda boshlagan boʻlsada 54-daqiqada zaxiraga olindi.
Oʻyinning qolgan vaqtida “Man Siti” har jabhada “Chelsi”dan ustun keldi. 68-daqiqada Holand va 87-daqiqada Foden tomonidan kiritilgan gollar Husanovning debyutida “shaharliklar”ga muhim gʻalabani keltirdi. Ushbu gʻalaba bilan Pep shogirdlari 41 ochko toʻpladi va turnir jadvalida 4-oʻringa koʻtarilib olishdi.
Abduqodir Husanov “Man Siti” tarkibidagi debyut oʻyinida 83 foiz aniq pas berdi. Hamyurtimiz oʻyin davomidagi harakatlari uchun yakunda 6.5 ball oldi.
Bahsdan soʻng koʻplab futbol mutaxassislari xatosi va kartochkasiga qaramasdan futbolchimizni qoʻllab quvvatlashdi.
Jumladan, “Man Siti”ning sobiq himoyachisi Joleon Leksott jurnalistlarga bergan intervyusida bu kabi xatolar koʻplab nomdor oʻyinchilarda ham uchrab turishini, bundan fojia yasamaslik kerakligini taʼkidlab oʻtdi.
Jamoa bosh murabbiyi Pep Gvardiola ham oʻyindan soʻng Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”dagi debyuti haqida gapirib oʻtdi.
“Husanov uchun oson boʻlmadi. U faqat bir marta mashgʻulot oʻtkazdi va darhol Nikolas Jekson, Koul Palmer, Noni Maduyeke, Jadon Sancho kabi kuchli hujumchilarga qarshi maydonga tushdi. Yosh futbolchi sotib olganingizda, bu tabiiy jarayon hisoblanadi. U oʻrganyapti. Bunday harakatlar – olishingiz mumkin boʻlgan eng yaxshi darslardan biridir”, — deydi Gvardiola.
Shuningdek, Pep Gvardiola Abduqodir Xusanovning ingliz tilini bilmasligini, u bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilishda qiyinchiliklar boʻlayotganini ham qoʻshimcha qildi.
Eslatib oʻtamiz, “Man Siti”ning navbatdagi oʻyini APL 24 turi doirasida, safarda Londonning “Arsenal” jamoasiga qarshi boʻlib oʻtadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring